Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda Ibn Battutaning O‘zbekistondagi sayohatlari to‘g‘risida interaktiv ko‘rgazma tashkil etiladi

Toshkentda Ibn Battutaning O‘zbekistondagi sayohatlari to‘g‘risida interaktiv ko‘rgazma tashkil etiladi

Toshkentda o‘tayotgan O‘zbekiston madaniy meros haftaligida ma’lum qilinishicha, taniqli sayohatchi Ibn Battutaning O‘zbekiston hududidagi sarguzashtlari, bosib o‘tgan yo‘li, ko‘rgan shaharlari me’morchiligi va urbanistikasiga bag‘ishlangan zamonaviy texnologiyalar asosidagi interaktiv mediya ko‘rgazma tashkil etiladi.

Bu haqida Buyuk Britaniyaning Sent Endryu universiteti professori Abbos Panakkal ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bu borada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan kelishuvga erishilgan bo‘lib, Ibn Batutta sayohatlariga doir ekspozitsiyani markaz muzeyida tashkil etish, zamonaviy texnologiyalar asosida Ibn Battuta nigohidagi shaharlarni ko‘rsatib berish ko‘zda tutilmoqda.

Kelib chiqishi marokashlik bo‘lgan Ibn Battuta umrining 30 yilini sayohatga bag‘ishlagan. XIV asrlarda yashab o‘tgan sayyoh dastlab Haj safarini amalga oshirish uchun yo‘lga chiqadi, keyinchalik bu maqsad Afrika, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo va Xitoyning ba’zi qismlari bo‘ylab hayratlanarli 120 ming kilometrdan ortiq yo‘lni bosib o‘tishga turtki bo‘ladi. Uning asarlarida o‘rta asrlar islom olami va uning boshqa madaniyatlar bilan o‘zaro aloqalari haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan. Uning sayohatlari o‘rta asrlarda geografiya tushunchasi yanada ko‘proq anglanishiga hissa qo‘shdi, qit’alar bo‘ylab savdo yo‘llari va madaniy almashinuvlarni xaritada aks ettirdi.

Buyuk Britaniyadagi Ibn Battuta xalqaro madaniyatlararo tadqiqotlar markazi direktori Abbas Panakkal bu borada shunday dedi:

– Hozir biz Markaziy Osiyoda muhim ahamiyatga ega Islom sivilizatsiyasi muzeyini qurish ostonasidamiz. Bu muzey tadqiqotchilarni islomning yashiringan durdonalarini ochishga undamoqda. Arab sayyohi va tarixchi Ibn Battuta Markaziy Osiyoning bir qator shaharlari bo‘ylab sayohat qilib, mashxur Samarqand qog‘ozi, hudud tabiati, odamlarining turmush tarzi, me’morchiligi, madaniy vaziyat haqida yozib qoldirgan. U daryolar haqida yozarkan, Jayxunni kesib o‘tganini aytadi. Biz avgust oyida o‘tkazilgan kongressda Islom sivilizatsiyasi markazi bilan memorandum imzoladik. Uning asosida Ibn Batutta sayohatlariga doir ekspozitsiyani markaz muzeyida tashkil etish, zamonaviy texnologiyalar asosida Ibn Battuta nigohidagi shaharlarni ko‘rsatib berishni rejalashtiryapmiz.

Ekspozitsiyada Battuta nigohi bilan Samarqand, Buxoro, Toshkent va Termiz shaharlarini virtual ko‘rish imkoni taqdim etilishi aytilmoqda. Shu va yana bir qator ilmiy madaniy yangiliklar 18 oktyabr kuni boshlangan O‘zbekiston madaniy merosi haftaligi davomida e’lon qilinmoqda. Hozirgacha haftalik davomida Temuriy malika qo‘li bilan yozilgan Qur’on qo‘lyozmasi va O‘zbekxonga atalgan ilk Qur’on mushafi topilgani katta yangilik bo‘ldi. Shuningdek, Berlin kutubxonasidan Boburiylarga oid hashamatli albom topilgani ma’lum qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring