Islom sivilizatsiyasi markazidagi "Vaqt devori"ga 20 taga yaqin miniatyura chiziladi

Devoriy suratni chizishda 100 ga yaqin rassom ishtirok etadi.
Islom sivilizatsiyasi markazidagi "Vaqt devori"ga 20 taga yaqin miniatyura chiziladi, deya xabar berdi markaz matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, miniatyuralar Ikkinchi Renessans davri ekspozitsiyalarining “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”dan o‘rin oladi.
“Miniatyuralar joylashtiriladigan devorning uzunligi 57 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil qiladi. Devor bo‘ylab jami 16-18 ta miniatyura o‘rin olib, qo‘sh sahifalarni hisoblaganda 21 ta miniatyurani o‘z ichiga oladi”, — deydi san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Behzod Xojimetov.
Uning qayd etishicha, deyarli ikki oy davomida miniatyuralardan iborat devor eskizi yaratildi. Unda Hirot Buxoro, Samarqand va hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan.
“50 taga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini o‘z ichiga oladi”, — deya aniqlik kiritdi Xojimetov.
Aytilishicha, devoriy suratni chizishda 100 nafarga yaqin rassom ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, mumtoz miniatyura maktablari ichida Buxoro va Samarqand maktablari alohida o‘rin egallaydi. Asarlarda kompozitsion qurilish, arxitektura, odamlar, jonivorlar talqini o‘ziga xos uslubda ishlangan. “Miniatyura san’ati” "UNESCO"ning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter