Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirziyoyev: «Toshkentda «Axborot texnologiyalari madaniy merosni asrash xizmatida» mavzusida Osiyo forumi o‘tkaziladi»

Mirziyoyev: «Toshkentda «Axborot texnologiyalari madaniy merosni asrash xizmatida» mavzusida Osiyo forumi o‘tkaziladi»

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni Parij shahridagi YuNESKO bosh qarorgohida ushbu tashkilot bosh direktori Odri Azule bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

YuNESKO bosh direktori O‘zbekiston prezidentining ushbu tashkilot shafeligida tinchlik va bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish, ekstremizmning oldini olish maqsadida Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro institut tashkil etish, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti huzurida Ta’limda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha mintaqaviy markaz hamda Samarqanddagi Turizm xalqaro universitetida YuNESKO kafedrasini tuzish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yosh olimlari mintaqaviy forumini hamda 2019-yilda Toshkentda "Axborot texnologiyalari madaniy merosni asrash xizmatida" mavzusida Osiyo forumini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Bosh direktor O‘zbekistonning butun insoniyat boyligi bo‘lgan madaniy-tarixiy merosni asrab-avaylash borasidagi siyosatini yuksak baholadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va YuNESKO bosh direktori Odri Azule O‘zbekiston bilan YuNESKO aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan 2021-yilgacha hamkorlik dasturini imzoladilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev YuNESKOning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozdi.

BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti - YuNESKO 1945-yil 16-noyabrda tuzilgan. Uning asosiy maqsadi ta’lim, fan, madaniyat, kommunikatsiyalar, turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga ko‘maklashishdir. Norasmiy ravishda “BMTning aql laboratoriyasi” deb ataladi. Javoharlal Neru o‘z vaqtida YuNESKOga “insoniyat vijdoni” deb ta’rif bergan.

Bugungi kunda unga 195 ta mamlakat a’zo hisoblanadi. O‘zbekiston tashkilotga 1993-yil 26-oktabrda a’zo bo‘lgan.

O‘zbekiston YuNESKO Ijroiya kengashi tarkibiga ikki marta saylangan. Ushbu tashkilot bilan birgalikda xalqaro miqyosda Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Kamoliddin Behzod, qadimiy shaharlarimiz Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qarshi, Samarqand, Marg‘ilon va Toshkent, “Alpomish” dostoni va “Avesto” kitobi, shuningdek, Xorazm Ma’mun akademiyasining yubileylari keng nishonlandi. Buxoro shahri tashkilotning “Tinchlik tarafdori bo‘lgan shaharlar” sovrini bilan taqdirlangan.

Usmon Mashafi va Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar to‘plami YuNESKOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan.

Xivadagi «Ichan qal’a» majmuasi, madaniyatlar chorrahasi - Samarqand, Buxoro va Shahrisabzning tarixiy markazlari, shuningdek, Chotqol biosferasi YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Shoshmaqom, Boysun madaniy makoni, Katta ashula, askiya, osh, Navro‘z, atlas va adras ishlab chiqarish texnologiyalari tashkilotning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘zbekistonning YuNESKO bilan hamkorligi o‘zbek musiqiy madaniyatini asrab-avaylash, rivojlantirish va ommalashtirishga ham xizmat qilmoqda. Xususan, YuNESKO ko‘magida Samarqand shahrida har ikki yilda bir marta “Sharq taronalari” xalqaro festivali o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yil sentyabr oyida Shahrisabzda ilk bor Xalqaro maqom san’ati forumi o‘tkazildi.

Shavkat Mirziyoyevning yaqinda qabul qilingan qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining YuNESKO huzuridagi doimiy vakolatxonasi ta’sis etildi.

O‘zbekiston rahbari o‘tgan yil sentabr oyida BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va Bosh Assambleyaning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring