Toshkentda 6 gektarli bog‘ qurishmoqchi, «snos»lar bo‘ladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Toshkent shahrida zamonaviy gul bog‘ini tashkil etish yuzasidan Vazirlar mahkamasi qarori muhokamaga qo‘yildi.
Unda aytilishicha, Toshkent shahri aholisi va tashrif buyuruvchi mehmonlarga manzarali bog‘lardan bahramand bo‘lishlari uchun zamonaviy gul bog‘ini tashkil etish rejalashtirilgan.
Loyihaga ko‘ra, gul bog‘i Toshkent shahari Yunusobod tumanidagi 6 gektar yer maydonida joylashgan sobiq Astronomiya parki o‘rnida bunyod etiladi.
Gul bog‘ini barpo etish loyihasi tadbirkorlik sub’yektlari orasidan ochiq tanlov o‘tkazish asosida aniqlanadi. Tanlov g‘olibiga gul bog‘ini barpo etish va saqlash majburiyatlarini o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirish shartlarida 30 yil muddatga ijaraga beriladi. Ijara muddati tugaganidan so‘ng gul bog‘i ob’yekti davlat sherigiga – Toshkent shahar hokimligiga beg‘araz asosda topshiriladi.
Shuningdek, tanlov g‘olibi qurilish va obodonlashtirish ishlarini o‘z va jalb qilingan mablag‘lar hisobidan 2023 yilning II choragida tugallashi kerak.
Toshkent shahar hokimligi bir qatr vazirlik va idoralarning vakillari ishtirokida investorlarni tanlab olish bo‘yicha komissiya shakllantiradi, kelishish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Yana bir muhim jihati Toshkent shahar hokimligi zimmasiga gul bog‘i hududini xatlovdan o‘tkazish, xususiy mulklar mavjud bo‘lgan taqdirda mulkdorlar bilan kelishib, kompensatsiya to‘lovlarini qoplab bergan holda zaxiraga olish hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yuklatilmoqda.
Qaror loyihasining muhokamasi 19 oktyabr kuni yakuniga yetadi. Hozirga qadar birorta ham taklif kiritilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avval ham ushbu hududdagi «snos»lar muammosi ko‘tarilgandi. O‘shanda bu yerda «Astronomiya va aeronavtika» bog‘i qurilishi bahonasida, investorga 49 yilga ijaraga berilgan hududda turarjoy binolari qurishga kirishilgani qayd etilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter