Toshkent viloyatida xorijga chiqish pasporti beriladigan yangi bo‘limlar ochildi
Toshkent viloyati aholisi xorijga chiqish pasportini qisqa fursatda olishi uchun yangi imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, Toshkent viloyati IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi tomonidan Toshkent viloyati aholisini xorijga chiqish biometrik pasportlari bilan ta’minlash tizimini yanada faollashtirish va ularda yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlarni hal etish maqsadida viloyatning bir qator shahar va tumanlaridagi MvaFRB yangi texnik qurilmalar bilan ta’minlandi.
Xususan, ushbu qurilmalar aholi soni va fuqarolarning xorijga chiqish biometrik pasportini olishga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, Toshkent viloyati IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga, Chirchiq va Yangiyo‘l shaharlari hamda Ohangaron va Bo‘ka tumanlarining IIBlariga o‘rnatildi. Shu bilan birga, IIV rahbariyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazidan qo‘shimcha yana 3 dona texnik qurilmalar olindi va ular Yuqorichirchiq, Zangiota va Chinoz tuman IIBlariga o‘rnatildi.
Endilikda qurilmalar o‘rnatilgan mazkur shahar va tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga, hududi yaqin bo‘lgan 4 yoki 5 ta shahar-tuman aholisi xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun murojaat qilishlari mumkin.
Ushbu qurilmalar quyidagi tartibda fuqarolarga xizmat ko‘rsatmoqda:
Toshkent viloyati IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga Nurafshon shahri, Qibray va O‘rtachirchiq tumanlarida doimiy yashovchi fuqarolar murojaat qilishlari mumkin.
Chirchiq shahar IIB MvaFRBga Chirchiq shahar hamda Bo‘stonliq tumanlarida doimiy yashovchi fuqarolar murojaat qilishlari, Yangiyo‘l shahar IIB MvaFRBga Yangiyo‘l shahri hamda Yangiyo‘l tumanlarida doimiy yashovchi fuqarolar murojaat qilishlar mumkin.
Ohangaron tuman IIB MvaFRBga Ohangaron, Olmaliq, Angren shaharlari hamda Ohangaron va Piskent tumanlarida doimiy yashovchi fuqarolar murojaat qilishlari mumkin.
Bo‘ka tuman IIB MvaFRBga Bekobod shahri, Bo‘ka, Bekobod va Oqqo‘rg‘on tumanlarida doimiy istiqomat qilayotgan fuqarolar murojaat qilishlari mumkin.
Zangiota tuman IIB MvaFRBdagi xizmatdan Zangiota va Toshkent tumanlaridagi fuqarolar, Yuqorichirchiq tuman IIB MvaFRBdagi xizmatdan esa Yuqorichirchiq va Parkent tumanlarida doimiy yashovchi fuqarolar foydalanish imkoniga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, Chinoz tuman IIB MvaFRBga Chinoz va Quyichirchiq tumanlarida doimiy yashovchi fuqarolar murojaat qilishlari mumkin.
Bundan tashqari, hududiy migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlaridagi xizmat xodimlari tomonidan xorijiy davlatlarga bormoqchi bo‘lgan ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan fuqarolar, xomilador ayollar, yosh bolalar, imkoniyati cheklangan shaxslar va kasal bo‘lgan fuqarolarga navbatsiz xizmat ko‘rsatish tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Yana bir qulayliklardan biri xodimlar fuqarolarni kuttirmaslik maqsadida kunning tushlik vaqtida hamda dam olish kunlari navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Joriy yilning so‘nggiga qadar barcha shahar va tumanlardagi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari zaruriy texnik qurilmalar bilan to‘liq ta’minlanishi reja qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter