Toshkent shahri va viloyatidagi 5 ta «zapravka» 6 ming aholining bir yillik gazini o‘g‘irlagan
«O‘zenergoinspeksiya», «Hududgazta’minot» AJ hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari hamkorligida Toshkent viloyati hamda Toshkent shahridagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh)da tabiiy gazdan foydalanishni nazorat qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlarda qator qonunbuzarliklar aniqlandi.
Jumladan, Toshkent viloyatining Piskent tumanida joylashgan «Kamolot istiqlol ko‘makchisi» MChJga qarashli 3 ta AGTKShda o‘rnatilgan gazni hisobga olish uskunalarida nazorat qilinadigan ma’lumotlar iste’molchilar aralashuvi bilan qisman yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yilganlik holati, ya’ni gazni hisobga olish uskunasining elektr ta’minoti tizimidan vaqti-vaqti bilan uzib qo‘yish yo‘li bilan iste’mol qilingan tabiiy gaz hajmining haqiqiy ko‘rsatkichlari hisobotlardan yashirib kelinganligi aniqlandi.
Natijada MChJning 1-shoxobchasida qiymati 1 mlrd 302 mln 579 ming so‘mlik (1 302 579 metr kub tabiiy gaz), 2-shoxobchasida qiymati 4 mlrd 623 mln 523 ming so‘mlik (4 623 523 metr kub tabiiy gaz) va 3-shoxobchasida 1 mlrd 896 mln 573 ming so‘mlik (1 896 573 metr kub tabiiy gaz) hajmda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holati aniqlangan.
Shuningdek, Toshkent viloyati Chinoz tumanida joylashgan «Koshona poydevori» MChJga qarashli AGTKShda tabiiy gaz hajmini hisobga olish uchun o‘rnatilgan hisoblagichga tashqi ta’sir o‘tkazilgani va natijada qiymati 1 mlrd 907 mln 168 ming so‘mlik (1 907 168 metr kub tabiiy gaz) hajmda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganligi aniqlandi.
Toshkent shahri Sergeli tumanidagi «Nur Ziyod fayz biznes» MChJga qarashli AGTKShda ham gaz hisobdoniga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi, ya’ni hisobdon manifold qismi tenglashtiruvchi jo‘mraklari ochiq holatdaligi (to‘liq yopiq holatda bo‘lishi kerak) ma’lum bo‘lgan.
Holat yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki hisob-kitoblarga asosan, 1 mlrd 324 mln 800 ming so‘mlik (1 324 800 metr kub tabiiy gaz) hajmda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganligi aniqlandi.
Ushbu hajmdagi tabiiy gaz o‘rtacha 6 mingta xonadonning bir yillik iste’molini tashkil qiladi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlariga taqdim qilindi.
Hozirgi vaqtda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter