Toshkent shahar hokimligi G‘afur G‘ulom bog‘i haqidagi muhokamalarga izoh berdi
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanidagi G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish mavzusi keng muhokama etilmoqda. Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev aholi bilan uchrashib, ularga bog‘da qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligi haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, qayta qurish jarayonida ham ushbu bog‘ eshiklari aholi uchun yopilmaydi, shuningdek, shu paytgacha bo‘lgani singari keyinchalik ham unga kirish bepulligicha qoladi.
Shuningdek, rekonstruksiya sabab tadbirkorlar hech qanday zarar ko‘rmaydi, o‘z faoliyatini avvalgi tartibda davom ettiradi.
Ushbu bog‘ soya-salqinligi va o‘simliklar dunyosiga boyligi bilan ajralib turadi. Qayta qurish jarayonida bu yashillik dunyosiga umuman zarar yetkazilmaydi, hech bir daraxt kesilmaydi.
Aholiga yanada yaxshi xizmat ko‘rsatish, ularning ko‘ngilli xordiq chiqarishlari uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida yaroqlillik muddatini o‘tab bo‘lgan atraksionlar yangi, zamonaviylariga almashtiriladi.
Shuningdek, bog‘ ichidagi ta’mirtalab yo‘llar sozlanadi. Veloyo‘laklar ham tashkil etilishi mumkin, deyiladi hokimlik xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter