Toshkent mahallalari YUNESKO Butunjahon madaniy merosining Dastlabki ro‘yxatiga kiritildi
Toshkent mahallalari YUNESKO Butunjahon madaniy merosining Dastlabki ro‘yxatiga kiritildi. Bu jahon miqyosidagi tarixiy voqeadir, deb yozdi Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva.
«Eski shahar mahallalari madaniy qatlamlarini saqlab qolish bo‘yicha dastlabki qadamlar 2019-yilda, Venetsiya arxitektura Biyennalesida taqdim etilgan "Mahalla: shahar va qishloq hayoti" loyihasi ishlab chiqilganda amalga oshirilgan edi. Mahallalarimiz xalqaro ekspertlar tomonidan eko-arxitekturani tiklash, zamonaviy shaharlarni ommaviy urbanizatsiyadan asrash, shuningdek, ijtimoiy qadriyatlar va jamoaviylikni saqlab qolish usuli sifatida e’tirof etildi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi YUNESKO bilan hamkorlikda yetakchi olim, mutaxassis, arxitektor va tadqiqotchilarni birlashtirdi. Oldimizdan oqqan suvni, ya’ni mahallaning tarixiy qadr-qimmatini, milliy madaniy o‘ziga xosligini anglay boshlaganimizdan juda xursandman.
Tabiiyki, ushbu hududda hech qanday investitsiya qurilish loyihalarini amalga oshirishga ruxsat bo‘lmaydi.
Toshkentning yuragi bo‘lgan qadimiy Zarqaynar ko‘chasi taqdiriga samimiy qayg‘urayotgan barchaga — jamoatchilik vakillari, faollar, jurnalist va blogerlarga minnatdorchilik bildiramoqchiman. Shuningdek, mahallani asrab qolish loyihasini qo‘llab-quvvatlagani va uni Butunjahon tabiiy va madaniy merosi ro‘yxatiga kiritgani uchun YUNESKO tashkilotiga minnatdorchilik bildiramiz.
Mahallani asrab-avaylash masalasida jamoatchilik mas’uliyati va ongli yondashuviga tayangan holda, ushu yo‘nalishda ilmiy-restavratsiya ishlarini davom ettiramiz», dedi u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter