Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent hokimining qarori bekor qilindi. Buzilgan joy nima bo‘ladi?

Toshkent hokimining qarori bekor qilindi. Buzilgan joy nima bo‘ladi?

Foto: «hotelmiradordegredos.com»

Toshkent shahar Mirobod tumani Amir Temur shoh ko‘chasida 24-uy (ko‘pqavatli) oldidagi bolalar maydonchasi xususiy tadbirkorga berilishi ortidan katta mojaro kelib chiqqandi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda bir necha bor yozildi.

Toshkent shahar hokimining 2015-yil 9-fevraldagi 96-sonli qaroriga asosan qayd etilgan manzilda mavjud binolarni ta’mirlash hamda o‘ziga tegishli hududning 0,04 gektar qismida qo‘shimcha ma’muriy va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi qurishga ruxsat berilgan.

Mazkur qaror shaharsozlikka oid qonun hujjatlari talablariga zid bo‘lganligi bois, Toshkent shahar prokuraturasining protestiga asosan bekor qilingan.

Shu bilan birga, Chilonzor tuman ma’muriy sudining 13.11.2018-yilgi hal qiluv qarori bilan ham «Baraka kommunal» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining arizasi qanoatlantirilib, shahar hokimining yuqoridagi qarori haqiqiy emas deb topilgan.

Shundan so‘ng, bolalar maydonchasi o‘rnida olib borilayotgan qurilish ishlari to‘xtatilgan, biroq hudud avvalgi holatiga keltirilmagan.  

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, 2019-yil 16-oktyabr kuni Mirobod tumani prokuraturasi tomonidan fuqarolar manfaatida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga xususiy tadbirkor zimmasiga qurilmani buzish va hududni avvalgi holatiga keltirish majburiyatini yuklash haqida da’vo arizasi kiritildi.

Mahkama matbuot xizmati alohida qayd etdiki, sud qarori qabul qilinib, holat qonuniy yechimini topgunga qadar mazkur masala kun tartibida bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring