Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent anjumanida «Tolibon» va AQSh diplomatlari o‘zaro tortishib qolgani ma’lum bo‘ldi

Toshkent anjumanida «Tolibon» va AQSh diplomatlari o‘zaro tortishib qolgani ma’lum bo‘ldi

Amirxon Muttaqiy va Tomas Vest. Arxiv surat.

Foto: Getty Images

Hafta boshida Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish» mavzusidagi xalqaro anjumanda «Tolibon» hukumati tashqi ishlar vaziri v.b. Amirxon Muttaqiy hamda G‘arb diplomatlari, xususan, AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Vest o‘rtasida jiddiy bahs-munozara kechdi.

Bu haqda anjumanda qatnashgan rossiyalik taniqli siyosatshunos, Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, «Tolibon» bosh diplomati mamlakatda korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurash olib borilayotgani, fuqarolarga nisbatan bag‘rikenglik siyosati yuritilayotgani, endilikda Afg‘oniston boshqa davlatlarga tahdid solmasligi haqida gapirgan.

«Undan keyin Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha vakiliga (Tomas Niklasson – tahr.) so‘z berildi.  U madaniy G‘arbning toliblar hukumatiga nisbatan hazoriylar va etnik ozchilik vakillarining ta’qib etilishi, xotin-qizlarning ishlashi, qizlarning o‘qishi borasidagi cheklovlar, so‘z erkinligining yo‘qligi kabi haqqoniy e’tirozlarini sanadi. Makroiqtisodiy barqarorlik  va qonun ustuvorligi lozimligini ta’kidladi. O‘sha palla gap Afg‘onistonning YeIga a’zoligi masalasida ketayotgandek tuyuldi. Nihoyat, so‘z navbati «Tolibon» hukumatining murosasiz muxolifi amerikalik diplomatga keldi. U yevropalik hamkasbi bilan hamfikr edi, zotan, G‘arb bu borada ziddiyatga yo‘l qo‘ya olmas edi», – deya anjuman tafsilotlarini ochiqladi siyosatshunos.

A.Dubnovga ko‘ra, «Tolibon» vakili G‘arb diplomatlari e’tiroziga keskin javob bergan.

«Bizni inson huquqlarini buzishda ayblashmoqda. Xorijliklar mamlakatimizga kelib, bomba yog‘dirgan va tinch afg‘onlarni o‘ldirganda inson huquqlari buzilmaganmidi? Ular pullarimizni olib qo‘yib, endi natija talab qilmoqdalar. Bog‘imizni sug‘orish uchun suv yo‘lini to‘sib qo‘yib, so‘ng bog‘imizda yetishtirilgan mevalarni ko‘rsatishni talab qilsangiz, nima deb javob berishimiz kerak?» – deya e’tiroz bildirgan A.Muttaqiy.

Ma’lumotlarga qaraganda, 2021-yil avgust oyida Kobul hokimiyati «Tolibon» qo‘liga o‘tgach, AQSh xalqaro donorlar tomonidan Afg‘onistonga taqdim etilgan 7 milliard dollarga yaqin mablag‘dan foydalanishni taqiqlab qo‘ygan. Toshkent anjumanida «Tolibon» vakili G‘arb mamlakatlaridan Afg‘onistonga tegishli muzlatilgan mablag‘larni qaytarishni talab qilgan.

A.Dubnov Toshkent anjumani Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini urg‘ulagan.

«O‘zbekiston rahbariyati tomonidan o‘tgan yil kuzdayoq rejalashtirilgan Toshkent anjumani urushdan keyin jahon miqyosidagi ilk mashvarat ekani bilan ahamiyatlidir. Toliblar mamlakat hukumatini qaytarish niyatida emasligi, ular bu gal uzoq muddatga kelgani ma’lum bo‘ldi. Demak, Afg‘onistonni iqtisodiy jihatdan oyoqqa qo‘yish choralarini ko‘rish kerak. Lekin Rossiya qo‘shini Ukrainaga kirgach, jahon hamjamiyatining Afg‘onistonga e’tibori susaya boshladi... Ukraina fojiasi manzarasida Toshkent anjumanining ahamiyati oshdi. Bu o‘rinda O‘zbekiston insof-diyonatli vositachi sifatida harakat qilmoqda», – deb yozadi Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert.

A.Dubnov avvalroq «Dunyo» axborot agentligiga bergan intervyusida ham Toshkent anjumanida dolzarb masalalar ochiq bahs tarzida muhokama etilganini qayd etgan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 25-26-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan anjumanda Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, Amerika, Yaqin va O‘rta Sharq, Osiyo-Tinch okeani mintaqalarining Afg‘onistonda barqarorlikni tiklashga jalb etilgan 20 dan ziyod davlatning maxsus vakillari, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalar qatnashdi.

Anjuman ishtirokchilariga murojaat yo‘llagan prezident Shavkat Mirziyoyev Amudaryoning narigi sohilida tinchlik bo‘lmasa, O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri v.b. Amirxon Muttaqiy bilan uchrashdi. Kobul muvaqqat hukumati vakili Afg‘oniston bundan buyon O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlariga xavf tug‘dirmasligini yana bir karra takrorladi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring