Toshkent. 10 kunda 560 ta avtoulov jarima maydonchalariga «tiqib qo‘yildi»

Yo‘l harakati qoidalari qasddan buzadigan ham bor, beixtiyor buzadigan ham. Biroq poytaxtning har nuqtasida «gezaribgina» turgan kameralarga buning ahamiyati yo‘q. Qoidabuzarlikni «shaq» etib, qayd qildimi, vassalom: oh desang ham shu, voh desang ham. Jonsiz kamera na «iltimos»ga ko‘nadi, na vahimali guvohnomalarni tan oladi!
Xullas, qoida buzildimi jarimasini to‘lash kerak. Yana deng, vaqtida. Yo‘qsa...
Yo‘qsa, YHXB inspektorlari Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlari bilan kutilmaganda yo‘lingizdan chiqishi mumkin. Ko‘riladigan chorayam shunga yarasha.
MIB Toshkent shahar boshqarmasi matubot xizmati rahbari Marg‘uba Amonovaning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, joriy yilning 20-yanvaridan 11-mart kuniga (bir oy) qadar poytaxt yo‘llarida o‘tkazilgan reydlar natijasida qoidani buzib, vaqtida jarima to‘lamagan 2038 nafar haydovchi «qo‘lga olindi». Buning natijasida ulardan umumiy hisobda 377 mln. 923 ming 274 so‘m jarima undirildi. Bu jarayonda 4 588 ta avtotransport vositalari jarima maydonchalariga olib kirib qo‘yildi.
Mart oyining o‘tgan 10 kunida esa 60 kun muddatda ixtiyoriy to‘lovni amalga oshirmagan 250 nafar haydovchiga tegishli chora ko‘rishga to‘g‘ri keldi. Ayni jarayonda esa 560 ta avtoulov jarima maydonchalarida «qantarib qo‘yildi»ki, qisqa vaqtda undirilgan jarima miqdori 94 mln. 475 ming 426 so‘mni tashkil qildi.
Qisqasi, jarimadan qutilishning iloji yo‘q: MIB va YXHB o‘tkazayotgan qo‘shma reydlarda kuniga o‘rtacha 70 nafar haydovchi qo‘lga tushyapti-da.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter