Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘rt oyoqli do‘stlar qahramonga aylanadigan kinologiya markazidan reportaj

To‘rt oyoqli do‘stlar qahramonga aylanadigan kinologiya markazidan reportaj

Yurtimizga g‘arazli niyatlarda portlovchi, giyohvand va boshqa moddalarni olib kirishga uringan shaxslarni faqat maxsus o‘rgatilgan itlargina topa oladi. Bunday itlarni esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazi xodimlari tayyorlashadi. Xizmat itlari bilan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish juda qiziqarli va mashaqqatli. Chunki har bir it bilan alohida shug‘ullanish, ularning tilini tushunish uchun hayvonga alohida mehrli bo‘lish kerak. Qolaversa, ularni shug‘ullantirish uchun xos shart-sharoitlar yaratilishi lozim. Aynan kinologiya markazida dala sharoitini to‘la-to‘kis o‘zida aks ettiruvchi mashq maydonlari – turli to‘siqlar hamda qidiruv moslamalari, temir yo‘l vagoni, teploxod, samolyot, konteynerlar, yengil va yuk avtoulovlari, avtobus, sun’iy xarobalar, tog‘-toshli relef, bojxona nazoratidan o‘tkazish punkti maketlari yaratilgan.

Shuningdek, 100 bosh itlarni saqlashga mo‘ljallangan xizmat itlari uyi mavjud. Bu yerda 10 ta qishki va yozgi vol’yer bloki, itlarni cho‘miltirish xonasi, ozuqa tayyorlash uchun maxsus oshxona mavjud. To‘g‘risi, markazga tashrif buyurganimizda mazkur sharoitlarni ko‘rib, kayfiyatimiz ko‘tarildi. Hozirda bu yerda Nemis ovcharkasi, Sharqiy yevropa ovcharkasi, O‘rta osiyo ovcharkasi, lobrador, ingliz kokker-spaniyeli, rus spaniyeli va Belgiya ovcharkasi (malenua) zotlariga mansub zotdor itlar yetishtirilib, 12 ta yo‘nalishlar bo‘yicha xizmatga tayyorlanadi.

Vega laqabli, malinua zotiga mansub it 2019-yilda Markaz instruktorlari tomonidan «Giyohvandlik vositalarini qidirish» hamda «Valyuta qimmatliklarini qidirish» yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlangan. Itning kuratori Farxod Turg‘unbayevning aytishicha, Vega shu kungacha Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining chegara bojxona postlarida, Andijon viloyati bojxona boshqarmasining chegara bojxona postlarida xizmat olib borgan. Bundan tashqari 2022-yilda Markazda MDH davlatlari bojxona xizmatlari kinolog xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada bir qancha nominatsiyalarda birinchi o‘rinlarni egallagan. Shuningdek, 2023-yilda Turkiyada Respublikasi Anqara shahrida 11 davlat ishtirokida «Giyohvand moddalar qidiruvi» yo‘nalishida bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada maxsus mashq kursi yo‘nalishida 3-o‘rinni egallagan.

Markaz zamonaviy talablarga mos ravishda barpo etilgan 14 ta qishki va yozgi volerlari mavjud bo‘lgan tug‘ruq kompleksiga ham ega. U yerda qat’iy ravishda sanitariya va gigiyena talablariga rioya qilinadi. Bu albatta, hayvonlarga bemehr yoki xonadonidagi jonzodga yetarlicha e’tibor bermaydigan odamlarga g‘alati tuyulishi tabiiy. Ammo markazda aynan insonning eng vafodor do‘sti bo‘lgan itlarning barcha huquqlari himoya qilinadi. Tug‘ruq majmuasi itlarni parvarishlash, tanlash, yetishtirish ishlarida asosiy vazifani bajaradi. Bu yerda yiliga o‘rtacha 70-80 bosh yosh kuchuk bolalari yetishtiriladi.

Hozirgi kunda Veganing 16 ta bolasi bojxonada xizmat qiladi. U  markazning zotdor xizmat itlari ro‘yxatiga kiritilgan. Shu bois kelgusida nasl olishda foydalanish uchun uni umumiy klinik ko‘zdan kechirish, umumiy qon tahlili, displaziya kasalligi mavjud emasligini aniqlash uchun rentgen tekshiruvlari markazi qoshida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan veterinariya klinikasida o‘tkaziladi. Veterinariya xizmati binosi Prezidentning 2022-yil 27 apreldagi «Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-122-son farmoniga asosan, Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonovning tashabbusi bilan jahon andozalari asosida qayta ta’mirlanib, zamonaviy veterinariya asbob-uskunalari bilan jihozlangan.

Endilikda bu yerda nafaqat  xizmat itlariga, balki jismoniy va yuridik shaxslarga ham veterinariya davolash-profilaktika va laboratoriya-diagnostika xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

– Veterinariya klinikasi shifokorlari juda ham malakali. Biz shifoxonaning doimiy mijozlariga aylanib ulgurdik. Men itimni faqat ularga ishonaman, – deydi Yevgeniya ismli mijoz.

– Klinikamizda zamonaviy muolaja, jarrohlik, rentgen xonalari, laboratoriya, dorixona mavjud.  Biz Rossiya, Xitoy va Janubiy Koreya davlatlaridan keltirilgan zamonaviy asbob-uskunalar va qurilmalar bilan ishlaymiz. Tahlillar jonivorlardan olingan soatdan boshlab 10 daqiqada tayyor bo‘ladi. Ko‘pincha klinikamizga og‘ir jarohat olgan hayvonlarni olib kelishadi. O‘tkazilgan jarrohlik amaliyotlari natijasida ularning barchasi sog‘lom hayotga qaytdi, – deydi klinika shifokori Kamoliddin Nazirov. – Klinikamiz tomonidan 2023 yil davomida 1066 nafar, 2024-yilning o‘tgan davrida 751 nafar jismoniy va yuridik shaxslar itlariga xizmat ko‘rsatilib, markaz g‘aznasiga 180 mln.ga yaqin tushirilgan pul mablag‘lari xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va markaz faoliyatini yanada rivojlantirish uchun sarf qilinmoqda.

Kinologiya markazi har juma kunida «Ochiq eshiklar kuni» bo‘lib o‘tadi. Aynan shu kuni xizmat itlari tashrif buyuruvchilarga bor mahoratlarini namoyish etishadi. Bu yerga tashrif buyurgan har bir inson itlar insoniyat uchun naqadar foydali va kerakli jonivor ekanligini his qilishadi.

– Men itlarsiz o‘z hayotimni tasavvur qila olmayman. Chunki O‘zbekiston hududiga 10 gramm giyohvand modda olib kiriladigan bo‘lsa, u bitta inson hayotiga zomin bo‘lishi mumkin. Uni esa aynan it topadi. Turkiyada ham zilzila bo‘lganda 5 ta xizmat itlarimiz u yerga safarbar qilindi –  100 dan ortiq insonni vayronalar ostidan topib, hayotini qutqarishdi. Yong‘in, zilziladan so‘ng itlarsiz odamlarni topish juda ham qiyin. O‘zim 7 yildan buyon itlarni o‘rgataman. Men uchun insondan ko‘ra itni tarbiyalash oson. Chunki u birinchi galda sizni his qiladi, – deydi Milliy kinologiya markazi o‘quv-uslubiy  bo‘limi katta inspektori, kapitan  Qosim Rizaqulov.

Markazdan o‘zgacha tassurotlar bilan qaytdim – bu yerda har bir kun fidoyilik, o‘zaro yordam va professionallik bilan o‘tishini his qildim. Markazning to‘rt oyoqli tarbiyalanuvchilari eng qiyin vazifalarni bajarishga tayyor, tinchligimiz va xavfsizligimizni qo‘riqlayotgan chinakam qahramonlardir.

Ularning sadoqati va qo‘rqmasligi insonni ilhomlantiradi – bunday markazlar faoliyati qanchalik muhimligini eslatib turadi.

 

                                                                  Nargis Qosimova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring