To‘qayev tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha muddat belgiladi
Qozog‘istondagi keng ko‘lamli suv toshqinlari oqibatlari besh oy muddatda bartaraf etilishi kerak. Bu haqda prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Birlik. Yangilanish. Taraqqiyot» mavzusida o‘tkazilgan Qozog‘iston xalqi Assambleyasining XXXІІІ sessiyasidagi nutqida gapirdi.
Q.To‘qayev suv toshqinlari oqibatida vayron bo‘lgan uy-joylarni tiklash, jabrlangan aholining normal hayotga qaytishini ta’minlash prezident sifatidagi eng muhim vazifasi ekanini aytgan.
«Mamlakatning ko‘plab hududlarida halokatli suv toshqinlari kuzatilmoqda. Biz uchun asosiy maqsad – fuqarolar farovonligi. Shunga ko‘ra hukumat tomonidan barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, tegishli mablag‘lar ajratildi, yirik kompaniyalar, biznes vakillari yordam bermoqda. Vayronagarchilikka sabab bo‘lgan suv toshqini oqibatida vayron bo‘lgan uy-joylarni tiklash, jabrlangan aholining normal hayotga qaytishini ta’minlash hozirda prezident sifatida mening oldimda turgan eng muhim vazifadir. Shu bois mamlakatimizda avvaldan rejalashtirilgan xalqaro tadbirlarni qisqartirish bo‘yicha aniq topshiriq berdim», – dedi u.
Q.To‘qayev baxtsiz hodisa tufayli qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarga davlat kerakli yordam ko‘rsatishini ta’kidladi.
«Albatta, bir lahzada ter to‘kib orttirgan boylikni yo‘qotish oson emas. Men buni tushunaman. Jabrlangan fuqarolarga yana aytaman: butun xalq siz bilan yelkadosh. Tez orada barchangiz risoladagi hayotga qaytasiz. Buning uchun davlat hammasini qiladi», – dedi notiq.
Davlat amaldorlariga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun 5 oy muddat belgilandi.
«Avvalo, fuqarolarga ko‘rilgan ziyon uchun kompensatsiya to‘lanadi, uylar quriladi, kvartiralar ajratiladi, vayron bo‘lgan infratuzilma tiklanadi. Mamlakat prezidenti sifatida buning uchun mablag‘ni ayamayman. Axir, yillar davomida bu mablag‘larni nima uchun jamg‘ardik? Shunchaki turishi yoki xorijiy mamlakatlarda qimmatli qog‘oz sifatida saqlanishi uchunmi? Yo‘q, bari mamlakatimiz fuqarolari uchun», – dedi Q.To‘qayev.
Avval xabar berganimizdek, Qozog‘iston elchixonasi mushkul vaziyatda ko‘rsatgan ko‘magi uchun O‘zbekiston xalqi va rahbariyatiga minnatdorlik bildirgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter