To‘qayev savdo mojarolari oqibatidan ogohlantirdi
Jahon iqtisodiyoti yana taraqqiyot o‘zaniga o‘tishi uchun yangi paradigmalar ishlab chiqilishi lozim. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bu haqda Xitoyning Xaynan provinsiyasida o‘tkazilgan an’anaviy Boao Osiyo forumi ochilish marosimidagi nutqida gapirdi.
Qozog‘iston rahbari geosiyosiy beqarorlik, iqtisodiy notinchlik va misli ko‘rilmagan global mavhumlik sharoitida iqtisodiy o‘sish xavf ostida qolayotganiga e’tibor qaratdi.
«O‘n yillikning o‘rtalariga borib, global yalpi ichki mahsulotning o‘sishi so‘nggi 30 yildagi eng past ko‘rsatkichda bo‘lishi tobora oydinlashib bormoqda. Jahon iqtisodiyoti oldida turgan jiddiy muammolardan biri yetakchi davlatlar savdo munosabatlaridagi keskinlikdir. Proteksionistik siyosat va avj olgan savdo mojarolari global ta’minot zanjirlarini buzmoqda, iqtisodiy o‘sishni to‘xtatmoqda va investorlarning ishonchiga raxna solmoqda. Demak, jahon iqtisodiyoti taraqqiyotning yangi paradigmalariga muhtoj. Bu muammoni hal etmaslik kelgusi o‘n yillikda imkoniyatlarni boy berishga olib kelishi mumkin», – dedi Q.To‘qayev.
Siyosatchi oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat haqida ham gapirdi.
«Dunyo aholisining taxminan uchdan bir qismi hamon oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekmoqda. Markaziy Osiyoda bug‘doy yetishtirish bo‘yicha yetakchi davlat bo‘lgan Qozog‘iston global oziq-ovqat barqarorligini ta’minlash uchun qishloq xo‘jaligi sohasidagi salohiyatidan foydalanish niyatida. Biz maqsadli dasturlar yaratish, qo‘shma agroinnovatsion markazlar tashkil etish va innovatsion texnologiyalar transferi orqali xalqaro hamkorlikni kuchaytirishimiz kerak», – dedi Qozog‘iston yetakchisi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter