Tolib Mo‘minov 50.000 so‘m pul, ko‘chadagi o‘qituvchi, Batalov, Bezrukov va farzandlardan xavotiri haqida (video)
Uning qahramonlari xuddi o‘zi kabi muloyim, beozor, qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan. Kulgisi va qarashlari ma’yus. Gaplari sokin, salmoqli, tosh bosadigan darajada. Ijrosidagi rollari rang-barang bo‘lsa-da, shunday mahorat bilan ijro etganki, go‘yo boshqa aktyorlar buni uddalay olmaydigandek taassurot tug‘diradi. Xabar.uzning «110 metr balandlikda»gi loyihasining navbatdagi mehmoni – teatr va kino aktyori, mahoratli ijodkor, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist, «Shuhrat» medali sohibi Tolib Mo‘minov.
– Siz kyeyingi vaqtlarda kinoda faollashib qoldingiz. Bosh rollarni o‘ynayapsiz. Mana, yaqinda «Puling bo‘lsa...» filmidagi rolingiz bilan xalqning yanada e’tirofiga sazovor bo‘ldingiz. Nima deb o‘ylaysiz, ryejissyorlar muloyim, beozor qiyofangizdan kelib chiqib shunday rol berishadimi yoki bugun bu kabi rollarga ehtiyoj bormi?
– Rejissyorlar aktyorning o‘ynagan rollariga qarab, mana shu rol mos kelsa kerak, deb tanlashadi, albatta. Lekin bu borada mening fikrim o‘zgacha. Rejissyorlar aktyorni dramatik rol o‘ynasa, komedik rollarni o‘ynolmaydi yoki aksincha, komedik rollarni o‘ynasa dramatik rollarni ijro etolmaydi, deb o‘ylashadi. Bu noto‘g‘ri fikr. Professional aktyor tragediyada ham, dramada ham, komediyada ham o‘ynay olishi kerak. Har bitta aktyor rejissyorning aytganini qilishi zarur. Biz plastilinmiz, qayerga burasa, shu yoqqa o‘girilamiz.
«Puling bo‘lsa...» filmini ipak haqida deyishgandi. Men o‘ynagan personaj Alijon Ayg‘omovich ipakchilik sohasida kashfiyot qilgan olim, o‘z kasbining fidoyisi, professor. Filmning badiiy jamoasi bu kinoni suratga olishdan bir-ikki yil avval aytgandi, bosh rolda sizni ko‘ryapmiz, sizni tasdiqladik, deb. Boshqa rejissyor suratga olmoqchi edi. Bitta men emas, boshqalar ham bo‘lgan. Kasting o‘tkazilgan, qo‘shimcha aktyorlar chaqirilgan. O‘zimiz ko‘zimiz bilan ko‘rdik, probalar topshirdik. Ammo yarim yil qolib ketdi. Oxirida filmni oladigan rejissyor aniq bo‘ldi. U Ilhom Ibragimovning qo‘liga tushdi. Filmda ko‘chadan kelgan aktyorlar yo‘q. Hammasi professional, o‘zining nufuzi, hurmatiga ega, el qalbidan joy olgan insonlar, filmning filmbop bo‘lishida aktyorlarning hissasi bor, deb o‘ylayman. Tomoshabinlar taniqli insonlarni ko‘rsa, falon aktyor chiqibdi, pismadon aktrisa o‘ynabdi, deb boshqa kanalga o‘tib ketmaydi.
Bu film haqiqatan tajribadan, tasdiqdan o‘tdi. Qiyinchiliklar bilan yuzaga kelgan film yaxshi chiqar ekan. Oson olinsa, osongina, tezda unutilib ketadi.
Men teatrda ishlayman. U yer – katta dargoh. Ham teatr, ham kinoni bir paytda olib borish ba’zida qiyinchilik tug‘diradi. Gohida rahbariyatdan gap eshitishga to‘g‘ri keladi. Asosiy ish joyingiz teatr bo‘lgach, kinoda ular vaqtingizni so‘raydi. Ertalabdan kechgacha so‘raydi. Ba’zida 5 – 10 kunlab so‘raydi.
Biz spektakl o‘ynaymiz. Repetitsiyalar bo‘ladi. Shu ahvolda chiqib ketdik. Yaxshi bo‘ldi. O‘zimiz ham kutmagan edik, tezda e’tirofga sazovor bo‘lishimizni. Filmni 5-6 martalab ko‘ryapmiz, deganlar bor. Bo‘larkan-ku, Eldar Ryazanovning dastxatiga o‘xshabdi, deyishdi. Sharhlar yozilyapti, negativ fikr yo‘qligi odamni quvontiradi. Mehnatingiz zoye ketmaganidan dalolat beradi. Men, bu bitta aktyorning emas, eng avvalo, rejissyorning ishi, deb o‘ylayman. Rejissyor fikrini uqtira oldimi, filmni ko‘ra oldimi, film o‘zi o‘ylagan darajada chiqdimi, demak, bu Ilhomjonning yutug‘i. Yutuqlarimiz bardavom bo‘lsin. Mazza qilib ko‘rdik, zo‘r degan fikrlarni eshitish naqadar zavqli aktyor uchun.
– Bu kinodagi ilk bosh rolingizmi?
– Men kinoda bosh rollarni juda ko‘p o‘ynaganman. Televideniyeda ham, «Panorama»da ham, katta ekranlarda ham ketgan. Bitta bu emas.
Bilasizmi, ma’lum vaqt shunday bo‘ladi o‘zi. Aktyor davr o‘tishi bilan yuzaga chiqib qoladi. Odamlar yana eslaydi sizni. Bir ketadi, keyin yana bir ma’qul, manzur rol bilan chiqib qolasiz-da, yana eslashadi sizni.
– Sizni katta kinoga qaytargan «Mening akam bo‘ydoq», «Endi dadam bo‘ydoq» filmlari suratga olinganiga o‘n yildan oshibdi. Rollaringiz zo‘r chiqqan. Ammo sizni taklif etishga qarshiliklar bo‘lgan ekan.
– Ha, eshitgan ekansiz. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Biz Alisher Uzoqov bilan ijodkor sifatida bir-birimizni yaxshi bilamiz. «Mening akam bo‘ydoq» filmidagi rolimga boshqa aktyorlar ham taklif qilingan, lekin Alisher Uzoqov rejissyor bo‘lgani bois, men bu rolda Tolib akamni ko‘ryapman, u o‘ynashi kerak, deb turib olgan. «Mening akam bo‘ydoq» filmi muvaffaqiyatli chiqqach, olti oylab «Panorama»dan tushmadi, kassabop bo‘ldi. Keyin Jahongir Ahmedov bilan birgalashib filmning ikkinchi qismini – «Endi dadam bo‘ydoq»ni suratga olishdi. 2011 yilda birinchisi olingan bo‘lsa, 2012 yilda «Endi dadam...» ishlandi. O‘zingiz bilasiz, odatda, ikkinchi film birinchisidan zo‘r chiqmaydi. Bunda esa teskarisi bo‘ldi. «Endi dadam bo‘ydoq» birinchisidan o‘zib ketdi, xalq og‘ziga tushdi. O‘sha yillari men qayerga borsam, «ellik ming-a, indamay lo‘liga berib yubordingiz-a», deyishardi. Hazil-huzul qilardim. «Xotinim yaxshi qildi berib, lo‘li kelmayapti uyimga, bemalol gastrolda yuribman», derdim. Ba’zilar gap ham otadi, «Shaxmat o‘ynab turasizmi?..» «Uylandingizmi?..» «Uylanmaysizmi?..» va hokazo. Eshitishga majbur bo‘lardim. Hatto QVZ o‘yinlarida «Ellik ming-a?» degan iboralar chiqdi. Ba’zida xafa bo‘lib qolaman. Madaniyatli tomoshabin bo‘lsang, fikringni ayt, mana shu joyi menga yoqqan, degin. Masxaromuz bo‘lmasin, deyman-da! Lekin yillar davomida shu filmlar muvaffaqiyatli bo‘lgan. Odamlarning «chiptalarni oilaviy olib qo‘yganmiz, qayta-qayta ko‘ramiz, me’damizga tegmaydi» deganlarini eshitganmiz.
Har bir ijodkorning qandaydir davri bo‘larkan: gohida sokinlik, gohida bir xillik. Hayot shunday. Xudoga shukr, bardavom bo‘lsin. Yaxshi filmlarda, yaxshi asarlarda o‘ynash nasib qilsin. Butun dunyoni zabt etsin filmlarimiz. Tarixiy shaxslarni, Ibn Sino rolini o‘ynaylik. Amir Temur, Bobur rollarini o‘ynash nasib qilsin. Olingan, olinyapti, butun dunyoni tanitadigan shaxslar ko‘paysin.
– Rejissyorlar sizni ijobiy rollarda ko‘proq ko‘rishadi. Tomoshabin ham shu rolda sizni qabul qiladi. Salbiy rollarga qanday qaraysiz? Teatrda salbiy rollaringiz bo‘lishi mumkin, ammo kinoda kam bo‘lsa kerak.
– Salbiy rollarni kam o‘ynayotganimning sababi bor. Teatrga ilk qadam qo‘yganimda, Dilorom Karimova rejissyorligida «Quyoshi botmaydigan yurt» seriali suratga olinayotgan edi. Men unda salbiy rolni o‘ynaganman. O‘shandan keyin tomoshabinlardan ham, hattoki o‘zimizning otaxon teatrimizdagi ustoz ijodkorlardan ham, Tolibjon, shu rolingizdan keyin sizni yomon ko‘rib qoldik, deyishdi. Bundan ham xursand bo‘ldim, ham o‘ylanib qoldim. Ijodimning boshlanishida meni tomoshabin ijobiy qabul qilsin deb salbiy rollarni o‘ynashni to‘xtatganman. Ko‘chada bir o‘qituvchi meni to‘xtatib, «Quyoshi botmaydigan yurt» serialini tomosha qilganimda sizni yomon ko‘rgandim, keyin-keyin ijodingiz bilan tanishib, bu boshqacha yigit ekan-ku, deganman, dedi.
– Ota izidan borganlar kam bo‘lmaydi, deyishadi. San’at sohasida qanday? Mashhur insonlarning farzandi otasining izidan boradi. Ammo ma’lum mavqega erishganidan keyin fikri o‘zgara boshlaydi. Men o‘zimning kuchim, iste’dodim bilan mashhurlikka erishdim, deydi. Shunaqa qarashlarga siz nima deysiz, Tesha Mo‘minovning farzandi sifatida?
– Albatta, birinchidan, xursandman. Otam shu kasbni tanlaganimda, menga yo‘q demaganlar. Katta dargohda o‘qishim, Moskvaning VGIK kinematografiya institutiga borishimga sharoit yaratib berganlari uchun. Bu yoqda ikki yil o‘qib borganimda, dada, meni o‘qitganingiz uchun katta rahmat deganimda, katta qozonda qayna, deganman-da, dedilar. Chunki har bir aktyorning qanday rol o‘ynashi ustozga bog‘liq. Me’yorda o‘yna, tabiiy o‘yna, samimiy o‘yna, bo‘rttirmay o‘yna, deb talab qilishadi...
Ssenariyda ko‘p narsalar bo‘ladi, rejissyor aytib tursayam qilgim kelmaydi. Tabiatim ko‘tarmaydi, chunki men eshitganman, ko‘rganman o‘sha ustozlarni. Yuragim yo‘l qo‘ymaydi.
– Soxta, sun’iy...
– Ha, soxta, sun’iy, ammo ijro etish kerak. Chunki aktyor rol tanlamaydi. Sizga rol berishadi. Majbursiz o‘ynashga. Chunki oylik maosh olasiz, asosiy ish joyingiz bo‘lgani bois majbursiz o‘ynashga. O‘zingiz ko‘rishingiz bo‘yicha xoh salbiy, xoh ijobiy rol bo‘lsin, bitta me’yorni olishni o‘ylaysiz.
Savolingizga kelsak, men Tesha Mo‘minovning o‘g‘li bo‘lganimdan faxrlanaman. Ota-bola katta dargohda birga faoliyat ko‘rsatayotganimizdan faxrlanaman. Juda ko‘pchilik havas qiladi. Yana bir tomoni borki, Tesha Mo‘minovning o‘g‘li bo‘lish yaxshi, Tolib Mo‘minovning nomi ham chiqsa deb niyat qilardim. Bu sohada o‘zingning noming bo‘lmasa, ota-onaning soyasida qolib ketish ham bo‘lmas ekan.
– Farzand otadan o‘zib ketsa, ota-ona xursand bo‘ladi.
– Shuning uchun yaxshimi-yomonmi, kattami-kichikmi, o‘z nomingiz bilan chiqsangiz yaxshi. San’at shunaqa soha, bir mavqega erishsangiz, bu asarni siz uchun alohida yozdik deb turishsa, xursand bo‘lasiz. Filmlar bor, «Panorama»da ham bir-bir qo‘yib turishadi. Olti oylab suratga olingan filmlarimiz bor. Shukr, rol o‘ynagan filmlarimiz bor. Shular bilan tanildik, xudoga shukr.
– Bolaligingiz Buxoroda o‘tgan. San’atga, aktyorlikka qiziqishingiz qanday shakllangan, maktab davridanmi?
– To‘g‘risini aytsam, men aktyor bo‘laman, deb o‘ylamaganman. Adabiyot o‘qituvchilarimiz sizda iste’dod bor, otangizning yo‘lidan boring, deb uqtiraverishdi. Shu yo‘ldan ketdik. Otangizning kasbi deb, o‘ylab ko‘rishga majbur qilishdi.
– O‘zi kim bo‘lmoqchi edingiz?
– 7-8-sinfligimdan keyin aktyor bo‘lish orzusi tug‘ildi. Oldindan bilmaydi odam nima bo‘lishini. Rahmatli onamiz, seni yurist qilaman, derdilar. Huquqshunos bo‘lasan degandilar, lekin ota kasbi kuchlilik qildi. Ota yo‘lidan bordik. Va shukr qilaman, Allohga shukr, mamnunman. Shu yo‘ldan yurib, ustozlarni ko‘rib, duolarini olib kelyapman.
– Boshqa aka-ukalaringiz qaysi yo‘ldan ketishdi?
– Ha, boshqa ukalarimiz, singillarimiz bor. Dadam kichkina ukamga aktyor bo‘lasanmi, sening gavdang, bo‘y-basting bor, dedilar. Ammo u xohlamadi. Sababi, muhitni ko‘rdi-da! Otani, akani ko‘radi, aktyorlik muhitini ko‘rdi. Bu kasb yengil emasligiga haqiqatdan ishonch hosil qilgan bo‘lsa, uni xohlamadi. Hozir tadbirkorlik qilyapti. Sharqshunoslik institutini bitirdi. Katta ukamiz ham, kichigi ham o‘qidi, «diplomatiya» universitetida, «yuridicheskiy»da. Amerikada tahsil olib qaytdi, bu yerda ishlayapti.
Mendan keyingi singlimiz fan nomzodi, shifokor, ToshMIda faoliyat ko‘rsatadi, dars beradi. Hammamiz har xil sohadamiz.
Dadam har birimizni o‘qitishga harakat qilganlar, yaxshi tarbiya berganlar. Juda talabchan bo‘lganlar. Hozir ham shunday. To‘g‘ri qilgan ekanlar. Bugun farzandlarga qo‘llayapmiz shuni. Kechagina, qattiqqo‘llik ortiqchamikan deb o‘ylagan bo‘lsak, hozir esa bu kerak ekan, deb bilyapmiz. Farzandlar to‘g‘ri yo‘lda yurishi, yo‘ldan adashmasligi, vaqtini bekor o‘tkazmasligiga harakat qilamiz.
Uch o‘g‘lim bor. Ikkitasi oliy o‘quv yurtida – Vestminster universitetida, bittasi maktabda o‘qiyapti. Kattalari 2 va 4-bosqich talabalari, kichkinamiz 3-sinfga o‘tdi. Katta o‘g‘limning ismi Hojiakbar. Ikkinchisi Ibrohimjon Uspenskiy musiqa maktabida o‘qigan. San’atkor bo‘lasan, ajab emas, sen ham ertaga shu sulolani, avlodning yo‘lini davom ettirsang, deb bergandim. Keyin kuzatdim. 8-sinfga o‘tganida shart qo‘ydim. San’atkor bo‘lasanmi yoki boshqa sohani tanlaysanmi, dedim. Chunki o‘g‘limda juda katta xohishni ko‘rmadim. «Bo‘lsang zo‘r ijodkor bo‘lgin, aks holda, yig‘ishtir, dedim. Biz boshimizdan o‘tkazdik. Bu ish mehnat, repetitsiya, harakatni talab qiladi. Aktyor o‘z ustida ishlamasa qolib ketaveradi. Omad kelmasa ham shunday. Omad kelishi uchun bitta-ikkita rejissyorni ko‘rib, keyin ulanadi, bu zanjir», dedim. «Dada, yig‘ishtiraman», dedi o‘g‘lim. «To‘g‘ri qilasan, – dedim. – San’at – mashaqqatli kasb, bo‘lmasa, ingliz tili, matematikaga yo‘nalish beramiz...»
Mana hozir universitetda o‘qiyapti. Zamon o‘qiganniki, ilmli bo‘lsang, biror narsaga erishasan, mehnat qilsang erishasan, chunki hozir ilmli yoshlarimiz juda ko‘p. Ular o‘qib, shiddat bilan kirib kelyapti har bir sohaga. Raqobat juda katta. Ba’zida xavotir ham olasan, garchand katta universitetlarda o‘qiyotgan bo‘lsalar ham, kelajakda o‘rnini topib ketarmikan, deb. Ertaga biror ish bilan ta’minlashga imkoniyat bo‘larmikan, deb.
– Moskvadagi o‘qishingiz haqida. Sizni mashhur rus aktyori Batalov o‘qitgan ekan.
– Ha, Aleksey Vladimirovich Batalov o‘qitgan. Javohir Zokirov, Faxriddin Shamsimetov, Muhammadjon Rahimov bilan birga o‘qiganmiz. Avvaliga biz bu yerda o‘qib yurgandik. Teatr va rassomchilik san’ati institutida ikkinchi bosqichni bitirib, uchinchi bosqichga o‘tayotganimizda Moskvadan o‘qituvchilar kelishdi. Biz, o‘zbek kursiga qabul qilamiz, deyishdi. 90-yillar edi o‘shanda. O‘zi 1988 yili «teatralniy»ga o‘qishga kirgandim. Sovet davri edi, bizdan oldin tojik kursi tashkil qilingan, Moskvada o‘qib turgan paytlar. Farhod Mahmudovlar borgan, keyin o‘zbek kursiga bizni – o‘n kishini qabul qilishdi. 3 nafar qiz, 7 yigit o‘qishni boshladik.
Yaxshi o‘qituvchilarning qo‘liga tushganimiz baxtimiz bo‘ldi. SSSR xalq artisti Batalov o‘ynagan filmlarni bilasiz: «Turnalar uchmoqda» dunyo kadrlari o‘ntaligiga kirgan, «Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi» «Oskar» olgan. Operatorlar dunyo o‘ntaligiga kiritgan. Venetsiya, Kann kinofestivallarida taqdirlangan. Yaxshi qabul qilingan. Batalov nihoyatda ziyoli odam edi. Faxriddin Shamsimetov bilan meni dachasiga taklif qilardi. Moskvadan sal tashqarida, qor ko‘p yoqqan. Qor kurardik, keyin osh damlardik, ingliz kamini oldida suhbatini olardik. Bizga mehr qo‘ygan ekanmi, chaqirardi. Baxtli onlar ekan. O‘tib ketishdi, afsonalar edi ular. Kino tarixida, dunyoda o‘zining nomini qoldirgan insonlar, deb o‘ylayman.
Ikkinchi rejissyorimiz, ikkinchi pedagogimiz Ilishevskiydan ham ko‘p narsani – tabiiylikni oldik, birgalashib ishlash nasib etdi. Chet elliklar ham kursimizga qabul qilingandi. Uchta xorijlik bor edi, Afg‘oniston, Meksika, Hindistondan. O‘zbek kursiga ruslar ham qabul qilindi. Safimiz 20 nafardan oshdi.
– Sizlar necha yil tahsil olgansizlar?
– 1990 yili kirgan bo‘lsak, 1994 yilda bitirdik. Taklif bo‘lgan o‘sha institutda qolib, dars berishga. Sahna nutqidan qolishimizni so‘rashgan. Faxriddin Shamsimetov, men, afg‘on Zubayr do‘stimiz... Ifodali she’rlar tanlovi bo‘lardi. Uchalamizni tanlab olishgan. Tanlov Sankt-Peterburgda bo‘lardi. Katta dargohlarda qatnashib, munosib o‘rinlarni olganmiz. Sergey Bezrukov bilan tanishganmiz, birga rol o‘ynadik. Keyinchalik Visotskiy haqidagi filmda ishladik. Buyam bir davr bo‘lgan. Talabalik – chiroyli damlar edi. Har xil insonlarni, musofirchilikni, qiyinchilikni ko‘rasan. O‘zingni o‘zing topasan. Toblanasan, chiniqasan. Aktyorlarni ko‘rasan.
– Keyin teatrga keldingiz.
– Ha, keyin teatrga keldim. Qolsammikan, ketsammikan deganimda, otam, teatr – katta dargoh, kelgin, dedilar. Yaxshi qilgan ekanman. Besh, o‘n, yigirma yildan keyin qaytib kelayotganlar ham bor-da. Ammo endi hech kim emas. Yoshligidan kelib, tanilib, xalq bilsa, qilayotgan ishidan boxabar bo‘ladi, kuzatadi. Xudoga shukr, 1994 yildan buyon shu dargohdaman, u vaqtlari «Hamza» teatri deyilardi, hozir o‘zbek akademik milliy teatri bo‘ldi. Ustozlar bilan yelkama-yelka ishlab kelyapman, shukr qilaman.
– Shukur Burhonov, hatto farzandi vafot etgan kuni sahnaga chiqib, spektaklda rol o‘ynagan ekan. Shunchalik fidoyilik talab qiladigan sohami bu? Kasb nuqtai nazaridan qaraganda, shunchalik daho aktyorlar bo‘lganmi?
– Albatta. Bilasizmi, bitta qonun bor: spektaklda aktyor o‘ynolmasa, bitta sababi bo‘ladi: faqat o‘lim, deyishadi. Spektakl qo‘yildimi, yetib kelishi shart. Shunga majbur, o‘limdan boshqa hech nima ushlab turolmaydi. Qizi o‘lganida ham spektaklni o‘ynab, ertaga menikida janoza, deganlar bo‘lgan. Endi u paytlarda televideniye, internet uncha rivojlanmagan, lekin buyuk ijodkorlar ijod qilishgan. Kasbini sevgan, fidoyi bo‘lishgan. Fidoyilik qilganki, nomlari qoldi ularning. Kasbiga fidoyi bo‘lgani bois tomoshabin har bir rolini eslaydi. Bugungi kunda o‘sha fidoyilik yo‘qolib borayotgandek. Bu sohaga yuzaki qarash to‘g‘ri kelmaydi. Otam ko‘p gapiradilar. Shukur Burhonov, Alloh rahmat qilsin, buyuk afsonaviy ijodkor edi. Otam endi ishga kelganlarida u kishi aytgan ekan: «Agar sen tomoshabinni yig‘lata olsang, tomoshabin yig‘laydi. Kuldira olsang, kuladi. Shunchaki maynavozchilik qilaman, deb o‘ylagan bo‘lsang, qattiq adashasan».
Haqiqatan to‘g‘ri. Biz yillar davomida shunga ishonch hosil qildik. Qilayotgan ishingizga o‘zingiz ishonmasangiz foydasi yo‘q. Mayli, kichkina epizod, syujetda chiqyapsizmi, ishonib, berilib ijro etmasangiz, befoyda. Bilinadi-da, ta’sir kuchiyam uncha bo‘lmaydi. Ba’zida mazza qilasiz, bunday spektakllarning finalida yig‘laysiz, tomoshabinlarning ko‘z yoshini artayotganida hiqillaganini eshitib, mazza qilasiz. Demak, ishontiribman, deb o‘ylaysiz.
Rejissyorlar bilan talashasiz, sahnada urishasiz. Ba’zida sahna chiqmaydi, gohida chiqib qoladi. Qarsaklar, olqishlar, yaxshi e’tiroflardan keyin uning mazasini sezasiz.
– Sizning kino, teatrdagi o‘zingiz norozi bo‘lgan rollaringiz bo‘lganmi? Bekor o‘ynabman shu rolni deganmisiz?
– Ha, bo‘lgan. Bir nechta bo‘lgan. Teatrda ham bo‘lgan. Aytdim-ku, xohlamay majbur bo‘lasiz rol o‘ynashga. Teatrda ishlayapsiz, oilangizni boqayapsiz, shu dargohdan oylik olyapsiz. Majbur bo‘lasiz, teatr bergan rolni o‘ynashga.
– Teatr san’atining vakilisiz, sizga bir savolim bor. Mana, Toshkentning o‘zida bir nechta teatr faoliyat yuritadi. Shu dargohlar o‘rtasida ijodiy raqobat bormi? Tomoshabinlarni jalb etish bo‘yicha qandaydir reytinglar tuziladimi? Ma’lum ko‘rsatkichlar, deylik, falon teatr bizdan o‘zib ketyapti, nimadir qilishimiz kerak, degan gaplar bo‘ladimi sizlarda ham?
– Katta ijodiy raqobatlar bor deya olmayman, lekin teatrlarda katta-katta ishlar amalga oshyapti. Yaxshi spektakllar qo‘yilyapti, ular chet el sahnalarida katta zafar qozonyapti. Muvaffaqiyatlarga erishilyapti, albatta. Teatrlarda festivallar o‘tkaziladi. Biz ularda qatnashib, hatto Qozonga borganimizda musulmon davlatlarning teatrlari kelgan. Har bir teatrning o‘z tomoshabini bo‘ladi. Kimgadir musiqali teatr yoqadi, kimdir o‘sha musiqalari uchun Muqimiy teatriga boradi. Rusiyzabonlar «Gorkiy», «Ilhom» teatriga tashrif buyuradi. «Yoshlar teatri»ga ham borishadi. Lekin akademik milliy teatrning o‘z muxlisi bor. Ayniqsa shanba, yakshanba kunlari viloyatdan ko‘p tomoshabin keladi. Spektakl oxirida ketmay ham turadi. Biz bilan birga rasmga tushadi, dastxatlar oladi. Esda qoladigan spektakl bo‘ldi, yaxshi chiqdi, deb e’tirof etishadi. Mas’ullar, qolaversa, vazirligimiz tomonidan teatrga nisbatan yaxshi e’tibor berilyapti. Prezidentimizning qarorlariga binoan, teatr vakillari, ijodkorlariga san’at sohasida ishlayotgan vakillariga rag‘batlar bo‘lyapti. Maoshlarni ko‘tarishdi.
– Siz ryejissuraga ham qiziqasizmi?
– Qiziqamanu, lekin rejissyorlik qilib ko‘rmaganman. Asarlar tahlilida fikrimizni aytamiz. O‘xshagan, o‘xshamagan asarlar baribir aktyorlar bilan ko‘riladi. Hamfikr bo‘lib to‘g‘irlanadi. Azaldan shunday. Hatto «Kelinlar qo‘zg‘oloni»ni Bahodir Yo‘ldoshev Said Ahmad bilan birgalikda ancha joyini olib tashlab, qayta ishlab, ba’zi joylariga qo‘shgan. Ko‘p asarlar shunaqa.
Ayrim asarlarni zo‘r bo‘ladi deysiz, aksi bo‘lib chiqadi. Gohida esa o‘xshamagan pesa birdaniga o‘xshab ketadi. Teatr ham, kino ham shunday soha ekan. Oldindan hech nima deya olmaysiz. Muvaffaqiyatini ham aytolmaysiz. Masalan, men «Puling bo‘lsa...» filmini oddiy, o‘rtacha ketadigan kino bo‘lsa kerak, desam, tagida fikr bor va kutilganidan ham yaxshi chiqdi. Qo‘ng‘iroqlar bo‘lyapti. Chet elda ham qiziqish bor. Katta o‘g‘lim hozir Amerikada, o‘qish bilan ketgan, «dada, ko‘pchilik ko‘ryapti», – dedi u, keyin havolani jo‘natdi. Qirg‘izlar, qozoqlar, tojiklar, hammasi ko‘ribdi filmni.
O‘zimizda katta zalda qo‘yib berishdi, yaxshi fikrlar bo‘ldi. Filmda o‘ynagan Botir Muhammadxo‘jayev aytib qoldi: «Tolibjon, Turkiyadan bir opamiz telefon qildilar. Bo‘larkan-u, mazza qilib ko‘rdik, dedi». Demak, nafaqat o‘zimiz, balki dunyo o‘zbeklari ko‘ryapti desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Filmlarni kimdir unaqa-bunaqa deydi-yu, «Telefilm», «O‘zbekfilm» bilan «Yutub»da olinayotgan filmni, TV filmlari bilan xususiy olinayotgan filmlarni, o‘qigan va o‘qimagan rejissyorlarni hech taqqoslab bo‘lmaydi. Ko‘pchilik umumiy qilib oladi-da, o‘zbek filmlari yoqmayapti, deydi. O‘zi kinoni tushunmaydi. Xususiy studiya suratga olganmi, «Yutub» uchun olganmi, fahmiga yetmaydi. Tomoshabin umumiy baho beradi, deymizu buyam noto‘g‘ri.
O‘zbek kinosining o‘z dastxati, prinsiplari bor. Falsafiy qarashlari, g‘oyasi bor, aks holda ruxsat berilmaydi film olishga. «Mahallada duv-duv gap», «Suyunchi», «Kelinlar qo‘zg‘oloni» – mana, o‘zbek kinosi. Hozir ham yomon emas. O‘zbek kinosi zamonaviylashgan, chet ellarda eshityapmiz o‘zbek kinosi katta muvaffaqiyatga erishyapti. Balki bu yerda unaqa katta reklama qilinmas. Xususiy filmlar reklama qilinyapti. Pul kelsin, tomoshabinlar kelsin, deyilyapti. «Yutub» uchun pul ishlaydiganlar bor. O‘zbek kinosiga bunaqa baho berib bo‘lmaydi. Aytish mumkinki, hamma ta’biga yarasha kino ko‘radi. Har bir filmning yo‘nalishi bor. Har birining o‘z tomoshabini bor. Kinoni tushungan odam kim, qanaqa tashkilot suratga olganligini anglaydi. Shuning uchun noo‘rin fikr bildirib bo‘lmaydi. Baho berishda ozgina bilib gapirish kerak. Fikrning yaxshi, yomon tomonini anglagan holda gapirish kerak. Masalan, siz multfilm, komediya, drama tomosha qilasiz. Faqat davlat kinematografiya filmini ko‘rasiz. «Yutub» uchun olinganini ko‘rasiz. Shuningdek, televideniye seriallari bor, hammaning ta’biga qarab film ishlanyapti. Tomoshabin o‘ziga mos keladigan filmni o‘zi topib olishi kerak. O‘zining darajasini bilib, keyin ko‘nglidagi filmni topsa bo‘ladi.
– Ayrim rejissyorlar, kinoustalarda shunday fikr borki, kino festival va xalq uchun alohida olinishi kerak, deyishadi. Fyestivalga yuboriladigan filmlarni qo‘yib bo‘lmaydi yoki teskarisi: xalq ko‘radigan filmlarni nozik didli, nufuzli insonlarga ko‘rsatib bo‘lmaydi. Shunchalik etaloni bormi?
– Etaloni yo‘q, ikkiga bo‘linib qolgandek.
– Ikkiga bo‘linib qolgan ham.
– Qaynona-kelin munosabatlarini, xususiy filmlarda «ura-ura» deb yurganlarni, «Panorama»da rejissyorlar pul tikkani, bu – bir etalonga aylangan bo‘lsa, bu tomoni chet elga kinosi chiqishini xohlaganlar yo festivalda qatnashishni istaganlar bor... Buni daraja deyishadi, shu darajani, reytingini tushirmaslikka harakat qilganlar dunyo ko‘rsin, degan ma’noda qo‘yadi. Dunyo miqyosida shunday rejissyorlar bor, ma’naviyat, madaniyat bor ekan-ku, degan ma’noda olishadi. Muvaffaqiyat qozonayotganlar ham bor. Ayub Shahobiddinovning «Parizod» filmiga necha yil bo‘ldi? Falsafiy film. Uni tomoshabin qarsaklar bilan kutib olmagandir, tushunmay qoldik ham deydi. Falsafiy film bo‘lgach, hamma ham qabul qilavermaydi. «Gran-pri» oldi Moskvada, birinchi o‘rinni egalladi. Chunki aytadigan gapi bor-da filmning. Shu tomonini bilganlar, festivalbop, olamiz deydi. Lekin baribir o‘zimizdayam tomoshabinlar tushunadi. Biz zehni kuchli mamlakatlar safiga kiramiz. Endi-endi rivojlanayotgan bo‘lsak ham, dunyo tan olgan mamlakatga kiramiz.
– Xabar.uz sayti o‘quvchilariga tilaklaringiz.
– Xabar.uz muxlislari sog‘ bo‘lishsin. Bizni kuzatishda davom etishsin. Umrlari uzoq bo‘lsin. Xonadonlarida tinchlik bo‘lsin. Nimaiki yaxshi niyatlari bo‘lsa, Yaratgan Egam ijobat toptirsin. Allohim, ezgu niyatlarimizni ro‘yobga chiqarsin. Sog‘ bo‘lishsin.
Anvar NAMOZOV suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter