Ibrohim G‘afurov: «Til millatni millat qilib turadi!» (video)
«110 metr balandlikda» loyihasining bugungi mehmoni O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston san’at arbobi Ibrohim G‘afurov!
– «110 metr balandlikda» loyihasiga xush kelibsiz ustoz. Men har doim Vatanimizning eng muhtasham inshootlaridan biri bo‘lgan Toshkent teleminorasiga chiqqanimda va 110 metr yuksaklikdan Toshkentga boqqanimda beixtiyor Vatanimiz haqida xayolimdan yorug‘ tuyg‘ular kechadi. Bugungi suhbatimiz ham beixtiyor Vatan tuyg‘usi bilan boshlanadi. IBROHIM aka, mana shu balandlikdan Toshkentga boqqaningizda qalbingizdan qanday tuyg‘ular kechmoqda?
– Rahmat. Avvalo, meni 110 metr balandlikka taklif qilganingizga minnadorlik bildiraman. Men bunday balandlikka birinchi marta chiqishim. Juda hashamatli, odamni lol qiladigan minora. Endi bu minorada bo‘ladigan suhbatlar ham besh bo‘lishi kerak shundaymi?
— Shunday ustoz.
«Tug‘ilgan joy tuyg‘usi butun dunyo shoirlari e’tirof qilganiday, muqaddas hodisa, bunga shak keltirib bo‘lmaydi»...
– Vatan tuyg‘usi insonning insonlik tuyg‘usi kabi odamga tabiiy tarzda beriladi. Odamning inson sifatida ichida qanday tuyg‘ular yashasa, Vatan tuyg‘usi bilan tug‘ilgan joy tuyg‘usi mudom unga hamroh yashaydi. Tug‘ilgan joy tuyg‘usi butun dunyo shoirlari e’tirof qilganiday, muqaddas hodisa. Bunga shak keltirib bo‘lmaydi. Endi bizning yangi O‘zbekistonimizda yangi renesans davrining boshlanish davrida shakllanayotgan, tuyg‘ularning ham o‘lchami, oqimlari bir chekkasi Vatan tuyg‘usiga, tug‘ilgan joy tuyg‘usiga kelib bog‘lanadi, millat qayg‘usi bilan bog‘lanadi. Millat nima deganingizga ko‘p olimlar shunday javob berishganki, millat bu bir makonda, bir madaniy birlikda bitta til birligida yashaydigan odamlarning jamul-jam yashashlaridir. Agar shulardan bittasi ham bo‘lmasa demak MILLAT bo‘lmaydi. Millatning shakllanishi, dunyoga intilishi, o‘zini namoyon qilishi va taraqqiyoti mana shu uchta buyuk va o‘zgarmas hodisalardan boshlanadi. Millatning tili birligi, joyi birligi, madaniyati birligi, madaniyati birligining ichiga tarixining birligi va tafakkurning birligi ham kiradi. Ya’ni bir millatga mansub odamlar ma’lum darajada tarixan shakllangan deb oladigan bo‘lsak, ularning tafakkurlarida ma’lum bir yo‘nalishlar, ma’lum bir o‘ziga xosliklar, boshqa xalqlardan ularni ajratib turadigan hodisalar jamul-jam bo‘ladi. Mana, siz bilan biz vatan tuyg‘usi haqida fikrlashdik, vatan tuyg‘usi deganda odamlar go‘yo bir shoirona, ko‘tarinki narsadek tushinishadi. Aslida undaymas, bu so‘zimiz boshida aytganimizdek, xuddi insonlik tuyg‘usi, odamiylik tuyg‘usi, odamgarchilik tuyg‘usi insonga qanday tug‘ma bo‘lib kirsa, qanday an’ana matnida shakllansa, xuddi shunday kuchli ravishda davom etadi. Kurtaklar otadi gullab yashnaydi, yaproqlar yoyadi, ya’ni Vatan tuyg‘usi juda katta madaniy hodisaga aylanadi. Bu tuyg‘usiz yashashning ma’nosi yo‘q! Endi Vatan tuyg‘usi har bir o‘zbekistonlikning jonida yashaydi!
«Til birligi millatni millat qilib turadi!»
– Siz ham bevosita guvohsiz, bugun bizni butun dunyo, xalqimiz, ziyoli qatlam kuzatmoqda. Mamlakatimizda milliy tilga, davlat tiliga bo‘lgan munosabat Prezident farmonlari, qarorlari bilan yanada mustahkamlanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda davlat tilining ijrosi bo‘yicha, milliy tilimizning nufuzini ko‘tarish bo‘yicha qilinayotgan ishlar sizni qanchalik qoniqtiradi yoki qanday e’tirozlaringiz bor?
– Til birligi bo‘lmasa, hech qanday millat bo‘lmaydi. Til birligi millatni millat qilib turadi! Buning uchun endi tilga har bir o‘zbek kishisi, har bir o‘zbek xalqining farzandi o‘zining ajralmas mulkiday qarashi kerak, o‘zbek tilining merosxo‘ri sifatida o‘zini namoyon qilishi kerak, o‘zbek tilining vatanparvari, jonkuyari bo‘lishi kerak! O‘zbek tilini: «jon-u tanim», – deb ataymiz-a, jon-u tan degani nima degani bu aslida? O‘zbek tili jon-yu tanim deganda nima nazarda tutiladi? Jon-u tanim deb osongina aytib yuboramiz. Aslida shuki, u odamning vujudida, odamning borlig‘ida, jismoniyatida va ruhoniyatida xuddi jon kabi yashaydi. Milliy til odamni ana shunday boshqarib turadi. O‘sha ba’zi bir yozuvchilarimiz aytganidek: «Til – har bir millatning farzandi uchun nomus masalasi».
Yigirmanchi yillarda Cho‘lpon domla til haqida juda ko‘p yozganlar. Lidya Sayfulina, ya’ni Lolaxon Sayfulinaning «Ichkari», deb atalgan kitobi 1925 yili yozilgan. Mana shuni Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon nihoyatda yaxshi ko‘rib qolib, g‘oyat go‘zal tarjima qilgan. U sochma she’rlardan iborat. Bu kitobga so‘z boshi yozgan Cho‘lpon muallif ijozati bilan unga Lolaxon deb taxallus qo‘ygan. Cho‘lpon yigirmanchi yil o‘zbek ayollarining ichkaridagi hayotini o‘n bitta hikoyada qanday tasvirlaganini o‘qib, juda lol qolgan. Asarga yozgan so‘z boshisida: «Yigirmanchi yillardagi tilimizda rus, ingliz umuman, chet tillardan badiiy tarjimaga yetarli darajada iboralar, atamalar shakllanmagan. Bir necha o‘n yillardan keyin tilimiz bu shakllanish kamoliga yetadi va tilimiz yana ham boyib, mana bu Lolaxon Sayfulinaning hikoyalarini boshqa bir ilhomkor yoshlar tarjima qilganda mening tarjimamdan mukammalroq tarjima qilishadi» – deb umid bildirganlar. Men buni tilimizning taraqqiyot nuqtai nazaridan aytib o‘tyapman. Cho‘lpon nihoyatda go‘zal tarjima qilgan bu sochma hikoyalarni.
– Balandlikda muhabbat tuyg‘usi haqida gaplashmaslik mumkin emas. Muhabbat haqidagi xulosalaringiz ham xalqimiz uchun, sizni yaxshi ko‘radigan, sizning har bir iqtiboslaringizdan o‘zining hayotiy hikmatlarini anglab oladigan insonlar uchun juda muhim, deb o‘ylayman.
«Muhabbat bu turgan bitgani odamga e’tibor»
– Muhabbat haqidagi tushinchalarimni gapirishga ozgina xijolat chekaman, uyalaman. Yoshim u darajada emas, u faslda emas. Lekin inson o‘zining milliy tilisiz, milliy g‘ururisiz, milliy o‘zagisiz yasholmaganidek, muhabbatsiz ham bir zum yasholmaydi. Lekin muhabbat mening nazarimda ma’rifatli, ziyoli ikki tomonni ham qanoatlantiradigan, rozi qiladigan, bu yerda tomonlardan birortasi o‘zini kamsitilgan, xo‘rlangan yoki o‘zini qay bir nuqtai nazardan e’tiborsiz qoldirilganini sezmasligi kerak, deb o‘ylayman. Muhabbat bu turgan bitgani odamga e’tibor. Odamni odam qilib turadigan narsa bu uning millatdoshlariga, yaqinlariga, safdoshlariga, o‘zi kabi boshqa odamlarning hammasiga muhabbat bilan qarash, e’tibor bilan qarash! Ya’ni, o‘zi nimani yoqtirdi, lazzat oladi, nimadan farog‘at olsa, nimadan rohat qilsa bularning hammasini boshqalarga ham sog‘inish. Agar o‘ziga ravo ko‘rganni o‘zgaga ham ravo ko‘rmasa bu muhabbat muhabbat emas!
— Juda go‘zal javob bo‘ldi, chin insoniylikning belgisini aytdingiz ustoz!
– Muhabbat bilan birga hayo, ibo, axloqiy go‘zallik bular hammasi bir-biri bilan opa-singil deb tushunaman.
– Men va men kabi muxlislaringiz sizning asarlaringizga, ko‘p va ko‘p murojaat qilishadi. Mana shu kitobingiz har doim uyimda, stolim ustida turadi. Bu kitobdagi Azim Suyun haqidagi maqolangizda: «Hayot uchun kurashmoq iymondandir», – degan fikringiz sarlavhaga chiqqan. Umuman, «hayot uchun kurash», degan iboraning mazmun-mohiyati haqida ham to‘xtaling. Siz hayot uchun qanday kurashdingiz? Hayot uchun kurash deganda nimani nazarda tutgansiz?
«Qadr-qimmat degan buyukdan buyuk tushunchalarga munosib bo‘lish kerak, to‘g‘rimi?..»
– Hayot uchun kurash deganda barcha kitoblarimda shunga to‘xtalib o‘tganman. O‘z tarjimai holimdan, boshimdan o‘tkazgan tarixlardan kelib chiqib. Kitoblarimga «Mehr quyoshi», «Gul bargiga yozilgan xatlar» deb sarlavha qo‘yilgan turkumlarim kirgan. Bularning hammasida o‘sha siz so‘ragan narsalarga javob bor. Odam tabiat bag‘rida, quchog‘ida uning farzandi sifatida qanday yashamog‘i kerak? Tabiat farzandi sifatida o‘zini qanday tutmog‘i kerak? Mana shu savollarga o‘zimning hayotim va atrofdagilarning hayoti misolida javob berishga harakat qilganman. Umuman olganda, odamning qadr-qimmatini bilish, odamni e’zozlash kim bo‘lishidan qat’i nazar hurmatini joyiga qo‘yish, qadrini joyiga qo‘yish. Albatta, har bir odam ham mana shu o‘lchamlarga javob beradigan tarzda o‘zining qiyofasini, xarakterini har bir kishi shakllantirgan, dunyoqarashi bo‘lishi kerak. Ya’ni, qadr-qimmat degan buyukdan buyuk tushunchalarga munosib bo‘lishi kerak, to‘g‘rimi?...
«Odamlar juda qattiq mehnat qilishardi. Shu dahshatli arosatdan chiqish uchun»
– Bolaligingiz, ota-onangiz haqida ham gapirib bering ozgina?
– Men ota-onamni ko‘proq ikkinchi jahon urushi yillarida eslab qolganman. U paytda to‘rt, besh-olti yashar sabiy bolalari edik. Dunyoning hamma yog‘idan urushning vasvasasi, dahshati, vahima-yu faryodi kelib turardi. Shunda kattalarga qarasam, ayniqsa, bolalar kimga qaraydi, onasiga qaraydi, opasiga, akasiga, otasiga qaraydi. Ularga qarasam, bunday dahshat, arosatlarga juda vazmin, ehtiyotkor munosabatda bo‘lishardi. O‘zlarida bu voqealarga nisbatan sabr-toqat, matonat, tuyg‘usini tarbiyalashga harakat qilishardi. Biz kabi go‘daklarga nimadandir, non-choy topolmayotgandanmi, kiyim-kechak yetishmovchiligidanmi, yo boshqa narsadanmi qiynalayotganlarini, o‘rtanayotganliklarini, azob chekayotganliklarini, xuddi tegirmonga tushgandek bo‘lib boshdan oyoq chang bo‘lib yashayotganliklarini mutlaqo bildirmaslikka harakat qilishgan. Aksincha, bularni yengib o‘tishga astoyidil harakatda ekanliklariga ko‘zimiz tushishini istashardi. Onamning zinger moshinalari bor edi. Erta-yu kech sandalda shu zinger moshinani yuritib, artellar uchun kiyim-kechaklar tikardilar. Men qachon uxlashlarini bilmasdim. Oldilarida o‘tirib, u kishi qachon yotishlarini poylab, o‘zim uyquga ketib qolganimni bilmay qolardim. Odamlar juda qattiq mehnat qilishardi. Shu dahshatli arosatdan chiqish uchun. O‘sha mehnat natijasi xalqimizning hozirgi hayotida ham davom etayotgani, o‘shalar sog‘lom avlodlarni yetishtirib chiqargani, bizning adabiyotimizni, san’atimizni tushinishga o‘rgatishgani va yuragimizni insonparvarlik, xalqparvarlik, yetimparvarlik tuyg‘ulari bilan limmo-lim to‘ldirganini guvohi bo‘lib kelyapman...
«Robinzon Kruzo ham hayotning har qanday detalida insoniyat uchun ibratli obraz bo‘lib ko‘rinadi...»
– Ustoz, adabiyotga qiziqishingiz qanday boshlangan? Qalbingizga cho‘g‘ solgan mutolaani eslay olasizmi?
– Tog‘am juda ajoyib o‘qituvchi edilar. Oqartuv texnikumning muallimi edilar urushga ketmasdan ilgari. Tog‘amning juda katta kutubxonalari bor edi. Katta bir sinchli uy shkaflar bilan to‘la, shkaflarda esa o‘zbek adabiyoti, jahon adabiyoti asarlari o‘sha paytga nisbatan ko‘p jamlangan edi. Ana shu kutubxonalaridan foydalanishga menga ruxsat berardilar. O‘sha zamonlarda 30, 40-yillarda va undan keyingi davrlarda jahon adabiyoti, ayniqsa, rus mumtoz adabiyoti asarlarini qarang, o‘zbek tilida nashr qilish juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgandi. Tolstoy deysizmi, Pushkin deysizmi, Chexov deysizmi, rus adabiyotining buyuk namoyondalarining asarlarini bizning ulug‘ shoirlarimiz Cho‘lpon, Qodiriy, Oybek, Hamid Olimjon hammalari o‘zbek tiliga o‘girib, tarjima qilib e’tiborimizga havola qilishgan. Meni eng hayajonga solgan asar Maksim Gorkiyning «Mening dorulfununlarim» asari bo‘lgan. Tog‘amning kutubxonalarida shu asar bor ekan. Dorilfunun degan so‘z menga juda qiziq tuyulib, olib o‘qiganman. Ushbu asarda Gorkiyning tarjimai holi, bolaligi qanday o‘tgani, ota-onasi, yashagan muhiti butun detallari bilan tasvirlab bergan. O‘qisangiz, odamni nihoyatda hayajonga soladi.
Men shu «dorilfununlarim»ni o‘qiganimdan keyin o‘zimning hayotimga e’tibor bera boshladim. Bizning hayotimizga juda ham o‘xsharkan. Yoki Gorkiyning «Bolalik», «Tubanlik» kabi asarlarining hammasini tog‘amning kutubxonalaridan topib o‘qiganman. Mana shu uchta asar bolaligimda menga juda qattiq ta’sir qilgan. Keyin ingliz adabiyotidan Jonatan Sviftning «Guliverning sarguzashtlari» asari, Amerika adabiyotidan Mark Tvenning asarlarini topib o‘qidim. Bu asarlar odamning yashashga va o‘zini-o‘zi anglashga yordam beradi. Yoki Daniyel Defoning «Robinzon Kruzo»ning hayoti haqidagi romanini olib ko‘ring, odam kimsasiz orolga tushib qolganda o‘zini qanday tutadi, hech narsa yo‘q, faqat halok bo‘ladigan sharoit. Lekin Robinzon Kruzo o‘zini butunlay ishg‘ol qilib, o‘ziga yashash sharoiti yaratadi. Dastlabki odamlar qanday hayot uchun kurashgan bo‘lishsa, Robinzon Kruzo ham hayotning har qanday detalida insoniyat uchun ibratli obraz bo‘lib ko‘rinadi. Mana shu asarlarni o‘qib, hayotga bo‘lgan qarashlarim o‘zgargan. Menda obrazlarning ichiga kirish degan narsa o‘zim xohlamagan holda paydo bo‘lgan. Qattiq tarbiyalagan, o‘zbekcha aytganda, ko‘zimni ochgan. Bilmayman hozirgi o‘quvchilarga qanday tuyuladi, o‘sha qirqinchi yillarda o‘qigan shu kitoblar hissiyotlarimizni tarbiyalagan, deb o‘ylayman.
«Chetdan hech qachon ommaviy madaniyatsizlik kirib kelmaydi»
– Ommaviy madaniyatsizlik degan ibora hayotimizda aylanib yuradi. Yoshlarni chetdan kirib keladigan mana shu ommaviy madaniyatsizlikdan himoya qilish uchun nima qilish kerak? Yoshlarning onggini, shuurini umuman, yoshlarimizni asrash uchun nima qilish kerak, deb o‘ylaysiz?
– Chetdan hech qachon ommaviy madaniyatsizlik kirib kelmaydi. Ommaviy madaniyatsizlik bu o‘zimizning ichimizda. Chunki bu o‘qimaslikdan. Yozuvchilarimiz qancha go‘zal asarlarni yaratishyapti. Xayriddin Sultonning olti, yetti tomlik asarlari chiqdi. Xurshid Davron, Xurshid Do‘stmuhammad va hokazolar. Mana shularning asarlarini diqqat bilan o‘qib, muhokama qilishmaydi yoshlarimiz. Asar o‘qiyotganda asar qahramonlariga aylanib qolmasangiz, og‘riqlarini his qilmasangiz, asar bilan muloqot bo‘lmasa, bunday o‘qishni foydasi yo‘q. Odamning miyasida hech qanday madaniy-ma’rifiy qatlam hosil bo‘lmaydi.
– Xabar.uz sayti ijodkorlariga tilaklaringiz...
– Xabar.uz ijodkorlari meni 110 metr yuksaklikka olib chiqqanlariga boshim osmonga yetib o‘tiribman. Birinchi marta bu yerga chiqdim. Yangi bino bo‘layotgan, yangidan dunyoga kirib borayotgan yangi O‘zbekistonimizni manzaralarini ko‘rib odam hayratga tushmaslikning iloji yo‘q! Mana shu hayrat tuyg‘usini, quvonchni tuyg‘usini bugun siz menga tortiq qildingiz. Buning uchun Xabar.uz sayti ijodkorlariga chin dildan minnadorlik bildiraman!
– Rahmat ustoz. Suhbatimizga yo‘q demasdan kelganingiz uchun. Mana shunday maroqli suhbat uchun sizga yana bir bor tashakkur, ustoz!
Ozoda Bekmurodova suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter