Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tol shoxiga osilgan echkilar

Tol shoxiga osilgan echkilar

Videolavhadan skrinshot.

«Echkiga hazil qil desa, tolning shoxiga osilibdi», degan maqol bor. Bu maqol hazil qilaman deb qovun tushirib yuradigan, mohiyatini anglamay «hazillashadigan» beqiliq «hazilkashlar»ga nisbatan qo‘llaniladi. Telegram kanalida tarqalgan bir «hazil»ni ko‘rib, beixtiyor shu maqol yodimga tushdi.

Osiyo Kubogidan futbolchilarimizning doimgidek erta qaytishi futbol ishqibozlari kayfiyatiga yomon ta’sir qildi. Terma jamoamizga atab tanqidiy, kinoyali fikrlar yog‘ildi, she’rlar to‘qildi, maqolalar yozildi. Shulardan ruhlanib ketishganmi yoki termamizga «nafrat»ini o‘zlaricha izhor qilishni maqsad qilishganmi, bir guruh qiziqchi yigit (aslida masxaraboz)lar bachkana hazil qilib ko‘rishgan.

Hazil mazmuni: bir «vatanparvar» futbol ishqibozi «O‘zbekistoniz hech qachon yutmidi, futboldan nima foyda bor», degani uchun xotinini o‘ldiribdi. Keyin qaynonasini ham gumdon qilibdi. Bechora qaynonasi, futbolingni qo‘y, serial ko‘ramiz, debdi-da. «Qotillik»ka uning do‘stlari ham qarashvoribdi: «Endi og‘aynimizde, bizam qarab turmadu». Har holda divanda chipsmi-gipsmi yeb o‘tirgan yigitlar bamaylixotir shunday deyishdi. «Jinoyatchi»ni militsiya so‘roq qilyapti. Qarangki, militsioner ham «qotil»ning asabiga tegdi: «...oddiy futbolga shu ishshi qilasanmi?..» Va polda ikkita murdaning yonidan militsionerning ham murdasi joy oldi... Yakunda «Setora» guruhining o‘sha mashhur qo‘shig‘i yangraydi: «Bor, sen uchun qalqon bo‘lguvchi... o‘g‘lonlaring bor...»

Ha, endi bu bir hazilda... Balki bu fikrlardayam jon bordir. Lekin hazilda ham sal-pal mantiq bo‘lishi kerakku. Hazil ham evi bilan, deyilmaydi bejiz. Yigitlar bu bilan nimani isbotlamoqchi bo‘lishdi. Fanatliknimi? Yoki shu usulda kulmoqchi bo‘lishdimi? Har ikkisi bo‘lganda ham aynan qotillik sahnasi tanlanishi shartmidi? Bu bilan ular o‘zlari bilmagan holda qotillikni targ‘ib qilib qo‘yishmayaptimi? Agar bu lavhani qancha-qancha futbol ishqibozlari ko‘rishini, ular ichida alamini kimdan olishni bilmay yurganlari ham borligini hisobga olsak, bu hazildan «ilhomlanib» ketadiganlar topilmasligiga kim kafil?

Go‘ring nurga to‘lgur mashhur aktyor Ergash Karimovning futbol haqidagi teleminiatyurasini eslaylik. «Paxtakor» yutganda uyiga qanday kirib keladiyu yutqazib qo‘yganda qanday? «Tepolmas ekansan, to‘pni bizga tashlamaysanmi nomard, yorib tashlamaymizmi?..» Hech qanday qo‘pollik yo‘q, samimiy kulguga boy. Ming marta ko‘rsangiz ming bor kulasiz. Hamon undagi iboralarni bir-birimizga aytib kulishib yuramiz.

Yuqoridagi hazilni ko‘rib ochig‘i kulmadim, kulolmadim (yigitlarning maqsadi ham aslida kuldirish emas, nafrat uyg‘otish ekanmikin yo). «Qotil» rolini o‘ynagan yosh aktyor yigitni anchadan beri bilaman. Iqtidorli aktyor, ajoyib chiqishlari bor. Lekin bu gal talantini o‘tin yorishga sarflab qo‘yibdi boyaqish.

Hazildan olgan xulosam esa shunday: terma jamoamiz futbolda kutilgan natijaga erisholmasa, xotinni ham, qaynonani ham (shu bechora qaynonalar keyingi paytlarda qiziqchilarimiz nishoniga aylanib qolgan va bu alohida mavzu) va yana militsionerni ham shart o‘ldirish mumkin. Va bu go‘yoki vatanparvarlik. Shunday qilsangiz sizni «Setora» olqishlaydi... bor... qalqon bo‘lguvchi azamat o‘g‘lonlaring booooooooooooorrrrrr!..

Usmonjon Yo‘ldoshev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring