Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tojikistondagi zilzila Sarez ko‘liga yaqin hududda kuzatilgan. Bu O‘zbekiston uchun qanday xavf tug‘diradi?

Tojikistondagi zilzila Sarez ko‘liga yaqin hududda kuzatilgan. Bu O‘zbekiston uchun qanday xavf tug‘diradi?

Bugun, 23-fevral kuni sodir bo‘lgan Tojikistondagi yer silkinishlarining barchasi Amudaryo daryosining boshlanish qismi hisoblanadigan Panj daryo havzasidagi Sarez ko‘liga juda yaqin hududda kuzatilgan.

Mutaxassis Erkin Abdulahatovning ma’lum qilishicha, Sarez ko‘li Panj daryosining Bartrang irmog‘i darasiga 1911-yilning bahorida 7,1 magnitudali zilzila oqibatida tog‘ ko‘chib tushib, daradagi Murg‘ob daryosini «bo‘g‘ib» qo‘yish hisobiga vujudga kelgan bo‘lib, ayni paytda ko‘lning tabiiy to‘g‘oni xavfli sanaladi va unda yoriqlar paydo bo‘lgani haqidagi iddaolar ham bor.

Bugun sodir bo‘lgan zilzilalardan birining epimarkazi esa aynan Sarez ko‘liga juda yaqin hududda qayd etilgan.

«To‘g‘ri, Sarez ko‘li hosil bo‘lganidan so‘ng hozirgidan kuchli zilzilalarning ko‘pi va undan kuchlilariga «guvoh» bo‘lgan. Ammo, zilzila va aftershoklardan so‘ng tojik tomon to‘g‘on holati haqida ma’lumot berib o‘tsa yomon bo‘lmasdi», – deydi mutaxassis.

Erkin Abdulahatov, shuningdek, Tojikiston baland tog‘lari orasida bir asr muqaddam tabiiy yo‘l bilan hosil bo‘lgan Sarez ko‘li to‘g‘onidagi ehtimoliy falokat O‘zbekistonning qaysi hududlariga zarar yetkazishi mumkinligi aks etgan xaritani e’lon qiladi. Xaritadan ko‘rinadiki, bunda O‘zbekistonning Amudaryo bo‘ylari, xususan Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida suv toshqini xavflarini yuzaga keltiradi. 
O‘z vaqtida, ya’ni 2020-yilning noyabrida britaniyaning  Daily Mail nashri ham Sarez ko‘lining qo‘shni davlatlarga xavfi haqida katta maqola e’lon qilib, ko‘lni «sekin harakatga keluvchi bomba» deb atagan edi. 

1999-yilda mazkur ko‘lning seysmik faol hududda joylashgani e’tiboridan xalqaro ekspertlar o‘rganish ishlarini olib borishgan va o‘rganishlar yakunida BMT bayonoti e’lon qilingan.

Unga ko‘ra, suv toshqini xavfi Bartang, Panj va Amudaryodan pastga, ehtimol Orol dengizigacha yetib borishi va bu Tojikiston, Afg‘oniston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘istondagi ko‘plab aholi yashash punktlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shuningdek, Pomirning noyob biologik xilma-xilligi va g‘arbiy Tojikistondagi bir qancha tabiiy qo‘riqxonalarni xavf ostida qoldiradi. Ulardagi juda kam uchraydigan qor qoploni va Buxoro qizil bug‘usi kabi xalqaro miqyosda qo‘riqlanadigan turlar, qolaversa, Bartang vodiysining o‘zida mavjud bo‘lgan va dunyoning boshqa hech bir joyida uchramaydigan 1200 dan ortiq turli o‘simliklar dunyosiga zarar yetkazadi.
Xalqaro ekspertlar, o‘z navbatida, vaziyatni oldindan baholash va tayyorlanish ehtimoliy tabiiy ofat oqibatlarini yumshatini ta’kidlaydilar.

Ushbu xavf omillariga ko‘plab yechimlar taklif qilib kelingan. Xususan, GRES sifatida foydalanish, tunnel qazib suvni Panj daryosi orqali Amudaryoga quyish vahk. Shu ma’noda Tojikiston hukumati ko‘ldan manfaatli foydalanish maqsadida Eron, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga ichimlik suvi yetkazib berish taklifini ilgari surgan. Bu masala Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning o‘zbekistonlik hamkasbi Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvida, ham muhokama qilingan. Unda Tojikistonning Sarez ko‘li ichimlik suvidan birgalikda foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingan.

Nihoyat, 2018-yilga kelib, Tojikiston va Xitoy o‘rtasida Sarez suvidan hamkorlikda tijorat maqsadlarida foydalanish bo‘yicha shartnoma imzolashga erishilgan. Biroq, bu reja ham huddi yuqoridagi takliflar singari ko‘l tog‘ning cho‘qqisida joylashganligi va u yerda ulkan miqdorda suv to‘planganligi, bu muammoni yechish uchun ulkan moliyaviy, ilmiy-texnik vositalar kerak bo‘lgani sababidan ortga surilib qolavergan. 

Ma’lumot uchun, 100 yildan ortiq davr mobayinida yig‘ilib kelayotgan suvning hozirgi kundagi hajmi 17 km kubdan ortib ketgan. Ko‘lning uzunligi 70 kilometrga cho‘zilib, uning chuqurligi 500 metrga yaqin.

Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi rahbari Rustam Nazarzoda 2021-yilning fevralida Osiyo taraqqiyot banki ajratgan 750 ming dollar miqdorida grant evaziga Sarez ko‘lida yangi monitoring va erta ogohlantirish tizimi ishga tushirilishini ma’lum qilgan edi. Hozirda to‘g‘onda kechayu kunduz ishlaydigan kuzatuv posti mavjud bo‘lib, operatorlar kuzatish nuqtalarida suv belgilari va boshqa parametrlarni doimiy ravishda kuzatib boradilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring