Tojikiston janubidagi qor ko‘chkisida 8 kishi halok bo‘ldi
Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati markazi bo‘lgan Xorug‘ shahrida sodir bo‘lgan qor ko‘chkisida mahalliy aholidan 8 nafar, jumladan, 4 yoshli o‘g‘il va bir qiz, shuningdek, 4 nafar ayol halok bo‘ldi. Shuningdek, hozirda shaxsi aniqlanmagan ikki nafar erkak ham qor tagida qolib vafot etgan.
«15-fevral kuni soat 14:00 holatiga ko‘ra, qutqaruvchilarning sa’y-harakati bilan to‘qqiz nafar mahalliy aholi qor ko‘chkisi ostidan qutqarib olindi», – deydi mamlakat Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi matbuot kotibi Umeda Yusufiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xorug‘ shahrida qor ko‘chkisi oqibatida 22 ta turar-joy binosi vayron bo‘lgan.
Bundan tashqari, Yusufiy Vanj tumanida ham qor ko‘chkisi tushganini, unda ham bir nafar shaxs halok bo‘lganini ma’lum qildi. Yana bir holatda esa Dushanbe-Xo‘jand yo‘lida – Dushanbe-Varzob avtomobil yo‘lining 65,8 kilometrida sodir bo‘lgan qor ko‘chkisi ostida to‘rtta avtomobil qolgan va ulardan birining haydovchisi voqea joyida halok bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda viloyatning Rushon va Shug‘non tumanlarida qor ko‘chkilari tufayli Dushanbe-Xorog‘-Murg‘ob hamda Dushanbe-Xo‘jand avtomobil yo‘li yopilib qolgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter