TIV Janubiy Koreyada o‘zbekistonlik talabaning kaltaklanishi holatini o‘rganadi (video)
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti Janubiy Koreyada o‘zbekistonlik talabaning mahalliy immigratsiya xizmati xodimlari tomonidan kaltaklanishiga munosabat bildirdi.
«2018-yilning 16-iyul kuni Kyongsang provinsiyasida (Koreya Respublikasi) mahalliy immigratsiya organlari xodimlari va O‘zbekiston fuqarosi o‘rtasida yuz bergan mojaro haqida qator Janubiy Koreya va O‘zbekiston OAVda tarqatilgan maqolalar munosabati bilan Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Seul shahridagi Elchixonasi konsullik bo‘limiga hech qanday murojaat kelib tushmaganini xabar qiladi.
Biroq OAV xabarlarni inobatga olib, Elchixona tomonidan mazkur masalaning barcha jihatlarini o‘rganish choralari ko‘rilmoqda. Mavjud holat bilan tanishish va zaruriyat tug‘ilganda, konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish uchun Chxonvon shahriga (Seul shahridan 400 km uzoqlikda joylashgan) Elchixonaning konsullik xodimi jo‘natildi», deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreyadagi oliygohlarning birida magistraturada tahsil olayotgan 24 yoshli o‘zbekistonlik talaba 16-iyul kuni Kyongsang viloyatining Haman shaharchasida Immigratsiya xizmati xodimlari tomonidan kaltaklangan. Video 31-iyul kuni Koreyadagi muhojirlarning huquqlarini himoya qiluvchi agentlik tomonidan e’lon qilingach, voqea Janubiy Koreya jamoatchiligining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter