Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Titanik-gazetalar»ning qancha umri qoldi?

«Titanik-gazetalar»ning qancha umri qoldi?

Foto: «Rodikon»

Rossiyalik jurnalist Andrey Milovidov o‘zi ishlaydigan gazeta misolida bosma davriy nashrlar o‘tmishga aylanganini yozdi

«Gazetada ishlashimni aytsam, o‘zgacha hurmat bilan qarashadi. «Jurnalist? O‘H-HU!»

Keyingi beriladigan savol: «Sizni internetda qanday topsa bo‘ladi?».

Hech qayerda, deyman. Gazetaning sayti yo‘q.

Shuncha izzat-e’tibor shu on so‘nib, o‘rnini shubha egallaydi. Himmm. Qanday qilib?

Mana bunday.

Na sayt, na «VKontakte»da guruhlar, na Instada ag‘darma sahifamiz bor. TikTok yoki ClubHouse haqida-ku og‘iz ham ochmayman.

Agarda o‘limga mahkum dinozavr qay ko‘yga tushganini o‘z taningizda his etmoqchi bo‘lsangiz, marhamat, bizga ishga keling.

Ammo... Sizsiz ham dinozavrlarning tashvishi o‘ziga yetarli. Bilsangiz agar...

Keling, yaxshisi, sizga gazetalar qanday o‘layotganini hikoya qilib beraman. To‘g‘rirog‘i, bitta alohida gazeta misolida. Sekin va viqorla bu «Titanik» tubga qanday cho‘kayotganini. Qarangki, guvoh, yana bevosita qatnashchi sifatida jarayonni ichidan kuzatish imkonim bor. Bunday omad har kimga ham emas, nima dedingiz?

Joy/vaqt/odamlar

Demak, joy haqida

Markaziy Rossiyadagi kichik shahar. Aholisi 50 ming kishidan oshmaydi (aslida bundan ancha kam). Yirik magistrallar yoqasidagi tuman markazi.

2012-yili bu yerda 6 ta gazeta chiqardi. Bittasi shahar ma’muriyati hisobidan, bittasi reklama chiqarardi, 4 tasi — boshqalar. O‘sha «oltin yillar»da bularning umumiy adadi 20 000 nusxadan oshgan. Biroq bu farovon hayot uzoq cho‘zilmadi. Har xil sabablar (bankrotlik, mulk egasining o‘zgarishi, federal monopol qo‘mita bilan nizolar) oqibatida ikki yil davomida oltita gazetadan to‘rttasi yopilib ketdi.

2014-yili shahar OAV bozorida ikkitagina nashr qoldi: biri budjetdan moliyalashtiriladigan mahalliy gazeta, ikkinchisi yagona xususiy gazeta.

2012-yili men bu yerga qarzlar yukini ko‘tara olmay tez orada yopilib ketgan boshqa bir gazetadan kelganman.

Nazarimda, muammo faqat har biri o‘z tarixiga ega gazetalarning yopilib ketishida emas.

Birin-ketin iste’dodli professionallar, ularga qo‘shilib raqobat va muqobil nuqta nazar ham ketayotgandi... Agar 2012-yili shaharda 25 nafar yozuvchi jurnalist ishlagan bo‘lsa (shtatdagilar va jamoatchilar), oradan to‘qqiz yil o‘tib, atigi 7 nafari qoldi.

Gazetaning «to‘rtinchi hokimiyat» mavqei ham yer bilan bitta bo‘ldi. 2012-2013-yillarda har ikkinchi muammoli maqolaga tuman ma’muriyati yoki tegishli xizmatlardan rasmiy munosabat olingan bo‘lsa, bugun «yuqoridagilar» gazeta tanqidini payqashmaydi ham.

Parvozsiz tramplin

Bir kuni qiziqib qoldim — tumandagi kichkina xususiy gazetani qanday kelajak kutyapti? Axir Rossiyada kosasi oqarmayotgan bunaqa nashrlardan o‘nlab-yuzlab topiladi.

Falsafaga berilmay, shartta oxirgi yetti yillik 2014-yildan 2021-yilgacha chiqqan gazetalar podshivkasi (barcha sonlar to‘plami)ni va kalkulyatorni qo‘lga oldim. Keyin hisoblashga tushdim.

Meni avvalo adadlar, obunachilar soni, qancha reklama va e’lonlar ketgani qiziqtirardi.

Nimalar chiqqani quyidagi jadvalda.

Foto: «Vc.ru»

Eng «o‘tirib qolgani» tiraj (tepadagi ko‘k chiziq). 2011-2012-yillarda 5000 adadda chiqqan, 2014-yilda 4400 nusxagacha pasayib, keyin faqat quyiga inishda davom etgan. Vaqti-vaqti bilan pasayish yengil sekinlashib, ko‘tarilishlar ham bo‘lgan, ammo bir necha oydan uyog‘iga cho‘zilmagan. Gazetaning bugungi tiraji — 1600 nusxa (7 yil ichidagi yo‘qotish: -63,6 foiz).

O‘tirib qolish sabablari talaygina. Ulardan biri — bosmaxona va pochta xizmatlari narxlarining oshishi. 2012-yilgisi bilan solishtirish uchun qo‘limda hozir statistika yo‘q, lekin gazeta budjetining salmoqli qismini shu xarajatlar yutib yuborayotgani rost. Hamkasblarim aldashga qo‘yishmaydi.

Boshqa bir, bundan-da kam bo‘lmagan yaqqol sabab — internet. O‘z saytiga ega bo‘lmagan haftalik nashrimiz ham tezkorlikda, ham kontent xilma-xilligi borasida ijtimoiy tarmoqlarga yutqazyapti.

Gazetamizning asosiy iste’molchilari — ilk sonidan u bilan birga sodiq obunachilar. Ko‘pchiligi 50+ yoshlilar va pensionerlar, tabiiyki, vaqt o‘tgani sayin ular yanada keksayib, ketishni boshlaydi...

Agar 2014-yilda gazetamizga 1155 kishi obuna bo‘lgan bo‘lsa, bugun — 600 nafar. Pasayish — 50 foiz.

Buyoqda tipografiya xizmatlari narxlari tizimli ravishda oshib borganini ham o‘ylash kerak. Buning oqibatida o‘tgan 7 yilda gazetaning chakana savdodagi narxi 16 rubldan 25 rublgacha qimmatladi.

Nashrimiz ijtimoiy-siyosiy sanalgani bilan, reklama va e’lonlarning roli katta. Ilgari qanday edi, hozir-chi — bu ham sizga qiziq bo‘lsa kerak.

2014-yilda gazetada reklama ustunlari soni 9 ta, berilgan e’lonlar soni 820 ta edi, 2021-yilda reklama ustunlari soni 6 tani tashkil etib, e’lonlar soni 200 tadan ham oshmayapti (7 yil ichidagi yo‘qotish: -76 foiz).

Sababi tushunarli. Ko‘pchilik uchun bugun reklama va e’lonlarni na uyoqli na buyoqli bo‘lib turgan gazetada bergandan «Avito» kabi saytlarda bergan qiziqroq va qulay.

Yana bir reklama formati bu — modullar («ramkalar»). Agar 2014-yilda gazetada bunaqa ramkalardan 136 tasi turgan bo‘lsa, hozir 90 tasi qolgan (7 yil ichidagi yo‘qotish: -33 foiz). Reklama beruvchilarning internetga ketishi shu bo‘lsa, taxminimcha, gazetada reklama modullari soni kamayishi geometrik progressiyaga aylanib ketadi.

Daromad va sof foydamiz qay tariqa o‘zgarganini atay yozmadim. Har holda kasbiy etika degan narsalar bor. Qolaversa, tepada men keltirgan raqamlar ham yetarli deb o‘ylayman.

O‘zgarmagan nima qoldi?

Shu 7 yil ichida umuman o‘zgarmagani bu — xodimlarning eng kam ishi haqi darajasida o‘likdek tosh qotgan maoshi. Na bir bir bo‘hron, na bir inqiroz uni joyidan siljita oldi!..

Dinozavrlar bo‘yicha xulosalar

Xo‘sh, xulosangiz qanday? Voqealarning davomi qanday kechishini oldindan ko‘ra bilish uchun super-mega-zo‘r tahlilchi bo‘lish shartmas. Agar tiraj obunachilar soni va reklama hajmlariga uyqash qulashda davom etsa (bunga shubham yo‘q), men ishlaydigan gazetaning so‘nib borayotgan inersiyasi, eng umidbaxsh bashorat qilinganda ham, 1-2 yilda tugab bitadi.

Keyin-chi? Muassis ertami-kechmi, baribir shu dilemmaga to‘qnashadi: yo zararga ishlayotgan biznesni yopish yoki uni keng ko‘lamli isloh etish.

Payqagan bo‘lsangiz kerak, ikkinchi yo‘l tanlanishiga hech ham ko‘zim yetmayapti. Gazetani 5-6 yil avval, onlaynga moslashtirib, qutqarib qolish mumkin edi. Biroq endi kech.

Vaqt boy berib bo‘lingan: «Titanik»ni ummon qa’ri tomon yo‘lidan qaytarish imkonsiz».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring