Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tibbiyot xodimlari oyligi oshiriladi

Tibbiyot xodimlari oyligi oshiriladi

Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq to‘lash miqdorlari 2018-yil 1-dekabrdan 1,2 baravar va 2019-yil 1-apreldan 1,15 baravar oshiriladi.

Qaror bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi va Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasiga 2019-yil 1-iyulgacha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimi bo‘yicha quyidagilarga yo‘naltirilgan takliflarni ishlab chiqish vazifasi yuklandi:

  • davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining lavozimiga va malakasiga, ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning murakkablik va javobgarlik darajasi, shuningdek, davolash-profilaktika muassasalari ixtisosligiga qarab bazaviy lavozim maoshlarini joriy etish;
  • tibbiyot xodimlari faoliyatini va mehnati unumdorligini baholashning zamonaviy usullarini joriy etish;
  • tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tartibini tubdan qayta ko‘rib chiqish;
  • o‘rnak ko‘rsatgan vrachlarga tarif stavkasining 100 foizigacha bo‘lgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar belgilash.

Shuningdek qaror bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Rivojlantirish va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.

Jamg‘arma mablag‘laridan sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini mukofotlash, moddiy yordam, qo‘shimcha haqlar, ustamalar berish, uy-joy bilan ta’minlashni yaxshilashga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishning boshqa maqsadlari uchun foydalaniladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring