«Tez yordam»ning 4 ta hududiy filialiga yuzta yangi avtomashina topshirildi
Respublika tez tibbiy yordam markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Surxondaryo va Sirdaryo viloyat filiallariga «A» toifali 100 ta «Volkswagen Caddy» tez tibbiy yordam avtomashinalari topshirildi.
Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoit G‘ofurovning ma’lum qilishicha, ayni paytda «103» xizmatida eskirgan avtoulovlarni bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish choralari ko‘rilmoqda. Yil yakuniga qadar yana 500 dan ortiq ana shunday transport vositalarini hududlarga yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
– Favqulodda holatlarda va kasallik xuruj qilgan vaqtda bemorga imkon qadar tez va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, uning hayoti va salomatligini saqlab qolishga xizmat qiladi, – deydi u.
Qayd etilishicha, eng so‘nggi va zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bu avtotransport vositalari xalqaro talablarga to‘la mos kelib, uning ichki qismi bemor va tibbiy xodimlarning qulay joylashishi imkonini beradi.
Shuningdek, ular shahar ichida harakatlanish bo‘yicha yuqori texnik ko‘rsatkichlarga ega bo‘lib, tejamkorligi bilan ham ajralib turadi. Eng muhimi, bu avtomobillarda harakatni to‘xtatmay turib ham bemorga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish mumkin.
Ma’lumot uchun, joriy yilning sentyabriga qadar Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparki jami 277 dona «Volkswagen Caddy» tez tibbiy yordam mashinalari bilan ta’minlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter