Tergovchilar xonalari va hibsxonalarga mingdan ortiq kameralar o‘rnatildi
![Tergovchilar xonalari va hibsxonalarga mingdan ortiq kameralar o‘rnatildi](https://static.xabaruz.com/crop/2/0/720_460_95_2050015999.jpg)
2017-yil 10-aprelda O‘zbekiston Prezidentining «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan edi.
O‘tgan bir yilda farmon ijrosi doirasida qanday ishlar qilindi? Sohada inson huquqlarini ta’minlash, xususan, tergov tizimi, jazoni ijro etish muassasalarida qanday o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda? Bu savollarga javob olish maqsadida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov bilan suhbatlashdi.
Vazirning aytishicha, yuqoridagi farmon e’lon qilingandan buyon o‘tgan vaqt mobaynida mavjud vaqtincha saqlash hibsxonalari 1 ming 814, tergov hibsxonalari 123, maxsus qabulxonalar 25 hamda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar uchun mo‘ljallangan reabilitatsiya markazlari 283 zamonaviy videokuzatuv vositasi bilan jihozlandi. Kuzatuvni amalga oshirish va ma’lumotlarni qayd etish uchun zarur miqdorda monitor va serverlar o‘rnatilib, to‘liq foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, ushbu videokuzatuv vositalaridan 965 tasi shaxslarni vaqtincha saqlash kameralariga, 327 tasi tergov harakatlarini o‘tkazish va advokatlar bilan uchrashuv xonalariga, 364 tasi yo‘laklarga, 161 tasi mahbuslar sayr etadigan hududlarga, 307 tasi muassasalar atrofiga hamda 121 tasi shaxsni ko‘zdan kechirish joylariga va oshxonalarga o‘rnatilgan. Ko‘rib turganingizdek, butun muassasa hududida mahbuslarga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq hamda boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llashning oldini olish choralari ko‘rilgan.
IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tasarrufidagi 1-tergov hibsxonasi misolida oladigan bo‘lsak, bu yerda jami 357 videokuzatuv moslamasi o‘rnatilgan. Zamonaviy uslubda bunyod etilgan, xalqaro standartlar talablariga to‘liq javob beradigan ushbu muassasada advokatlar, tergovchilar uchun alohida-alohida xonalar ajratilgan. Mazkur xonalar 67 kuzatuv kamerasi bilan jihozlangan. Bundan tashqari, tanib olish xonasi, ekspertiza tadqiqoti uchun namunalar olish xonasi, guvohlar uchun xona mavjud.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter