Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tejalgan armaturalar, unutilgan himoyaqatlamlar, sifatsiz xomashyolar — Navoiy va Buxoro press-turi qaydlari

Tejalgan armaturalar, unutilgan himoyaqatlamlar, sifatsiz xomashyolar  — Navoiy va Buxoro press-turi qaydlari

Buxoro shahrida  qurilayotgan yangi bino qulab tushganda gumbirlagan sado ancha narilargacha eshitilgan. Voqea T. Farog‘iy ko‘chasida, 31-oktyabr soat 16 larda sodir bo‘lgandi. Bir nafar ishchi jarohat olgan. Qurilishda ishlayotgan yana 5 nafar  quruvchi zarar ko‘rmagan deb aytiladi. Vaholanki, yakun yanada og‘riqliroq bo‘lishi ham mumkin edi. Ikkinchi qavatni yopgan ulkan beton plita imoratni vayronaga aylantirib  qulab tushishini o‘zingiz tasavvur qiling. Yaxshiyam,  pastda hech kim bo‘lmagan. (Jarohat olgan ishchi yuqorida bo‘lgan, o‘sha yerdan yiqilgan)

Buxoro viloyat qurilish-nazorat inspeksiyasi birinchi o‘rinbosari Bahodir Toshevga ko‘ra, mazkur ob’yekt qurilishiga  «Kogon quruvchi montaj» MChJ korxonasi mas’ul. «O‘z mustahkamligini yetarlicha olmagan regillarga, ya’ni, yuk ko‘ratuvchi to‘sinlarga  ora yopma plita montaj qilingan va ustiga ortiqcha yuk chiqarilgan. Ana shu sabab uzilish sodir bo‘lgan» deydi Toshev.

Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, har qanday beton qorishma 28 kunda o‘z mustahkamligini oladi. Halokat sodir bo‘lgan ob’yektda esa reliz qo‘yilgani o‘n ikkinchi kunida uning ustida ora plita qo‘yilgan, yuk ortilgan. Voqeada texnika xafvsizligini  ta’minlamagan korxona qatorida ishni to‘g‘ri tashkil qilmagan nazorat bo‘g‘inlari ham birdek javobgarlikka tortiladi. 

Eslatish joiz: qurilayotgan 3 qavatli binoning birinchi qavati savdo maishiy xizmat majmuasi va yuqori qavatlari mehmonxona uchun mo‘ljallangan. Qurilish bugunda belgilangan tartibda to‘xtatilgan.

Aslida Qurilish Vazirligi tashkil etgan press-turda Navoiy va Buxoro viloyatidagi «Yangi O‘zbekiston» turar joy qo‘rg‘onlarida qurilish ishlari bilan yaqindan tanishish rejalashtirilgan edi. Ommaviy axborot xodimlari uchun tur «qulagan bino» manzarasida o‘tayotgani  bir tasodif edi.

Bir qarashda qulagan bino va boshqa hududda, boshqa shirkatlar boshqarayotgan uy-joylar qurilishi o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘qdek. Ammo, ob’yektlardagi umumiy jihat – loyihada belgilangan  oddiy qurilish normalarining bajarilmagani edi...

***

Navoiyning Karmanasida, yaydoq 21 gektarlik maydonda qad ko‘tarayotgan besh qavatli uylar uzoqdan ko‘zga tashlanadi. Qurilish maydoniga kiraverishda katta taxtada «Qurilish pasporti» yozuvi ostida raqamlar qayd etilgan. «Qurilish boshlanishi  25 aprel, tugallanishi 20 dekabr» degan muhlat e’tiborni tortadi. Shu davr orasida 420 xonadonli 18 ta uy egalariga topshirilishi rejalashtirilgan. Lekin, bu sifatsiz ish evaziga amalga oshmasligi muhim!

Zero, o‘tgan oylar ichida bu yerdagi 11-uy poydevor armokarkaslari himoya qatlami 50 mm fiksatorlar bilan ta’minlanmasdan, amalda turli xil o‘lchamdagi tabiiy toshlardan foydalanilgan holda karkas o‘rnatilgani o‘rinli e’tirozga sabab bo‘lgan. Hujjatlarda qayd etilishicha, bundan tashqari, tashqi pardozlash ishlari sifatsiz bajarilgani, devor yuza qatlamlarida notekislik,  devor burchaklarida bir to‘g‘ri chiziqlik ta’minlanmagani aniqlangan. Natijada,  Navoiy viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi uch marta MJtK ning 99-moddasiga asosan ish hujjatlarini sudga oshirgan. Ish davom etayotgan hududni oralaymiz. Qurilish Vazirligi tasarrufidagi mutaxassislari  ayrim uy-joylarning devor monolitlari notekis terilgani, qurilish maydoni hududi chiqindilardan tozalanmaganiga e’tibor qaratdilar.

Bundan tashqari, ichki va tashqi pardozlash ishlarida ayrim joylarda sifatsiz bajarilgani aniqlandi. Bazal qoplamasi loyiha bo‘yicha 160 zichligida qoplanishi kerak. Ammo Karmanada press tur ishtirokchilari bo‘lgan qurilish maydonidagi uylarga 140 zichligidagi bazal qo‘yilayotgani ma’lum bo‘ldi. Gazabloklar o‘rnatishda ugolniklar zanglashiga qarshi himoya ishlari amalga oshirilmagan. Qator holatlarda blok choklari to‘liq to‘ldirilmagan.

Yo‘l qo‘yilgan kamchilik va nuqsonlarni tugatish bo‘yicha fikrlar va ko‘rsatmalar aytildi.

***

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani «Baraka» MFY da pishiq g‘ishtlar qurilayotgan «Yangi O‘zbekiston» qo‘rg‘oniga kirib borar ekanmiz, Qurilish vazirligi nazorat inspeksiyasi mutaxassisi Sherzod Xudoyberganovdan orqaga qolmaslikka harakat qilaman. Ular quruvchilarga, mutasaddilarga kamchiliklarni ko‘rsatib boradi. «Mana, ko‘ring, paradevorlar ugolniklari birlamchi bo‘yoqlanmasdan, gruntovka ishlarisiz montaj qilingan» deydi u xonadonni bo‘laklarga ajratadigan devor qismlarini ko‘rsatib.

Shuningdek, loyiha bo‘yicha  paradevorlar mustahkamligini oshirish maqsadida MM1 maxsus detallar qo‘yilishi kerak bo‘lganda, ayrim joylarda qo‘yilmaganiga guvoh bo‘ldik.. Mutaxassis zinalardagi armatura miqdoriga e’tiborni qaratdi. Standart bo‘yicha 6 talik armatura o‘rnatilishi lozim bo‘lganda, amalda 4 ta armatura o‘rnatilgan edi. Kamchilik ma’lum bo‘lgandan so‘ng, qurilish mutasaddilari bu zina buzilib qaytadan qurilishini ma’lum qildilar  «Plitalarni montaj qilishda byustiklar qo‘yilmasdan  o‘rnatilgani shu holatda beton ishlariga tayyorgarlik ko‘rilgani aniqlanib, beton ishlari to‘xtatildi. Shuningdek, kolonnalarda o‘rnatilgan armakarkaslarda himoya vositalarisisiz beton ishlari amalga oshirilgan» dedi Sherzod Xudoyberganov.

Sherzod Xudoyberganov jurnalistlarga izoh bermoqda. 

G‘ishtlarning o‘zi sifatsiz ekani ustiga ularni terishda ham qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ko‘zga yaqqol tashlanadigan holat edi. G‘ishtlarning choklari yetarlicha  to‘ldirilmagan, o‘ta notekis va loyiha bo‘yicha, beshlik  armato‘rlari (armasetka)  qo‘yilishi kerak bo‘lganda, uchlik armato‘rlari qo‘yilgan. Noto‘g‘ri joylashtirilgani sabab armaturalar tashqariga chiqib qolgan hollarga ham guvoh bo‘ldik. Bir binoda zina ikki qavatgacha qurilgan, ishchilar esa to‘rtinchi qavatda ishlayotgan edi. Vazirlik mas’ullari bu normaga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlashdi. Yerto‘lalarda himoya ishlariga umuman qo‘l urilmagan edi.

 

Bundan tashqari, eng muhim qismlari bo‘lmagan va standart normalarga javob bermaydigan ko‘p bo‘shliqli plitalar qabul qilib olingan (Aslida qurilish maydoni nazorat postidan kiritilishi ham mumkin bo‘lmagan).  Mazkur kamchiliklar bartaraf etilishi ta’kidlandi va holat nazoratda bo‘lishi ogohlantirildi.

G‘ijduvonda press tur ishtirkchilari bo‘lgan mavzeda 24 ta 5 qavatli uy qurilishiga asos solingan. Quruvchilar yangi yilgacha bo‘lmaganda 12 ta uyni topshirmoqchi.

Karmanada ham, G‘ijduvonda ham qurilayotgan xonadonlarda xonalar kichkina va ayvoni (balkoni) yo‘qligi e’tiborimni tortdi. 

Bunday massivlardagi uylar kam ta’minlangan oilalarga mo‘ljallangan va narxning ma’lum darajada pastligi ta’kidlanadi.

Prezidentning  «Yangi O‘zbekiston» massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni 2021 yil 9 dekabrda imzolangan.

Mustahkam Tangriyorova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring