«Tayyor ekin yeriga ega topa olmagan tuman hokimi o‘zi nima ish qiladi?» — Prezident
Yig‘ilishda aholiga tarqatish uchun belgilangan 100 ming gektar yerning 4 ming gektarida ekin ekilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, Kosonda — 1,2 ming gektar, Bekobodda — 141 gektar, Nishonda — 123 gektar, G‘uzorda — 116 gektar, Sariosiyo, Ellikqal’a va Shumanayda — 90 gektardan yerlarda ekin ekilmagan.
«Odamlarimizni daromadli qilish maqsadida bu yerlarni oziq-ovqat ekish uchun bo‘lib berdik. Qachon bunday bo‘lgan? Lekin, tayyor ekin yeriga ega topa olmagan tuman hokimi o‘zi nima ish qiladi?», — dedi Prezident.
Tegishli hududlar rahbarlariga ushbu 7 ta tuman hokimlari bo‘yicha taklif berish topshirildi.
O‘tgan davrda sanoat ishlab chiqarish hajmi 15 ta tumanda pasaygan. Xizmatlar sohasida ham 15 ta tumanda o‘sish sur’atlari past.
«Mayli, bular sanoatni qila olmasin, chetdan investitsiya olib kelishni bilmasin, lekin xizmatlarni rivojlantirib, odamlarni rozi qilishga intilmagan tuman hokimlarining ishlashga haqqi yo‘q», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu tumanlar hokimlarining 1-o‘rinbosarlari, iqtisodiy idoralar rahbarlari faoliyatiga baho berish topshirildi.
Kelgusi yilda 2 million aholiga daromad manbaini yaratib berish, bunda mehnat bozoriga kirib keladigan 700 ming nafar yoshlarni band qilishga alohida yondashuvlar joriy qilish, bugungi kunda mavsumiy va vaqtinchalik ishlar bilan band bo‘lgan 1,7 milliondan ortiq aholini yil davomida ishlashiga sharoit qilib berish, norasmiy band bo‘lgan 3,8 million aholining kamida 50 foiziga qonuniy faoliyat yuritishi uchun imkoniyatlar yaratish kabi vazifalar belgilab berildi.
O‘n kun muddatda aniq hisob-kitoblar bilan 2023-yil uchun aholi bandligi bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter