Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tayms» maydonida Falastindagi qirg‘inga e’tibor qaratildi

«Tayms» maydonida Falastindagi qirg‘inga e’tibor qaratildi

KADEM (Ayollar va demokratiya jamg‘armasi) Nyu-York shahri yuragidagi «Tayms» maydonida tashkil qilingan tadbirda Falastinda yuz berayotgan qirg‘inga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratdi.

Xalqaro xotin-qizlar kuni doirasida uyushtirilgan «International Civil Support for Palestinian Women» (Falastin ayollariga xalqaro fuqarolik yordami) tadbirida namoyish etilgan interaktiv installyasiyada G‘azodagi xunrezlik, mintaqa ayollarining jasorati va sabr-bardoshi aks etgan.

«9 mingdan ortiq falastinlik ayol hayot bilan bevaqt vidolashdi. Eng achinarlisi shundaki, falastinlik ayollar uzoq vaqtdan beri dunyoning eng katta o‘lim lageriga aylantirilgan hududda avloddan avlodga o‘tib kelayotgan tizimli genotsid, zo‘ravonlik va vahshiylikka duchor bo‘lmoqda. Falastinlik ayollarni unutmasligimiz, bu adolatsizlikka jim turmasligimiz va dunyo xotin-qizlari o‘rtasida uzilmas rishtalar mavjudligini ko‘rsatishimiz lozim», – deydi Istanbulda joylashgan KADEM boshqaruvi raisi Soliha Okur Gumrukchuo‘g‘lu.

U 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azoda davom etayotgan bombardimonlarni qoralab, butun bashariyatni zulmga qarshi turish, insoniy qadr-qimmatni himoya qilishga undadi.

«Bir xalq oylar davomida eng og‘riqli o‘limlarga duchor etilmoqda. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar ochlikdan nobud bo‘lmoqda. Nafaqat G‘azo, balki ming yillar davomida yaratilgan umuminsoniy qadriyatlar ham bombalanmoqda. Har bir bomba har birimizning boshimizga tushmoqda», – dedi doktor Soliha Okur Gumrukchuo‘g‘lu.

Ma’lumotlarga qaraganda, Isroil armiyasi G‘azoda 161 kundan beri olib borayotgan urushda 31553 falastinlik halok bo‘ldi, 73546 nafari jarohatlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring