TATU yirik grant yutib oldi. Universitet magistraturasida AQSh ta’lim uslubi joriy etiladi
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Akademik innovatsiyalar Fondi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovida «TATUda AQSh universitetlari magistraturasi o‘qitish texnologiyalari transferi» loyihasi bilan ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Loyihaga ko‘ra AQSh universitetlaridagi magistrlarni o‘qitishning ilg‘or texnologiyalari TATUda joriy etiladi. Jumladan, multimediya o‘qitish dasturlari, masofaviy o‘qitish tizimi (AKT sohasida iqtisodiyot va menejment fakulteti mutaxassisligi magistrantlari uchun), moliyaviy laboratoriyani tashkil etish va ishga tushirish imkoni paydo bo‘ladi.
Loyiha qiymati 140 ming AQSh dollariga teng bo‘lib, AQShning WEBSTER universiteti bilan hamkorlikda amalga oshiriladi, uning doirasida universitetga multimediya o‘qitish dasturlari, masofaviy o‘qitish tizimi, moliyaviy laboratoriyani tashkil etish va ishga tushirish uchun maxsus texnik jihozlari xarid qilinadi.
Ma’lumot uchun, Akademik innovatsiyalar fondi tomonidan e’lon qilingan grantlar tanlovi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Jahon banki hamkorligidagi oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan loyiha doirasida amalga oshirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter