Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tashqi qarz: «Undan oddiy xalqqa ne foyda»mi?

Tashqi qarz: «Undan oddiy xalqqa ne foyda»mi?

Foto: «Tambov.gov.ru»

...Hech qachon oldin sarlavha qo‘yib, so‘ng maqola yozmaganman. Odatda, fikrlarimni qog‘ozga tushiraverganman — sarlavha esa, «o‘z-o‘zidan», kelib chiqavergan va u «ijodim mahsuli»ga, aytishlaricha, doim «uzukka ko‘z qo‘ygudek» — bo‘lgan, yarashgan. Bu safar esa, aksincha tarzda ish tutmoqdaman: oldin sarlavhani qo‘yib oldim.

Nega? Sababi — ko‘zim beixtiyor internet sahifalarida «Hozirda mamlakatdagi ishsizlik ortib borayotgan bir vaqtda, tashqaridan olingan qarz va kreditlar evaziga respublika hududlarida sport inshootlarining qurilishidan nima naf?» degan, uzr, «iddao»ga tushib qoldi.

Shu munosabat bilan aslo «olib-qochmasdan» gapning indallosini aytib qo‘yaqolay: savolning bu tarzda qo‘yilishi, ayrimlarni — xavotirga tushiradi; boshqalarni — noto‘g‘ri yo‘lga boshlaydi; faqat «tanqidiy fikr» bildirishdan boshqaga yaramaydigan, boshqa «ko‘cha»ga kirmagan yoki qo‘lidan boshqa hech bir «ish» kelmaydigan «alamzada»larni esa — «yayratadi»...

To‘g‘risi, yuqorida men shartli va ixtiyoriy ravishda uch toifaga (xavotirga tushuvchilar; noto‘g‘ri yo‘lga «ketib» qoluvchilar; «alamzada»lar) bo‘lgan hamyurtlarim har birlarining ham «taqdir»iga befarq emasman. Shuning uchun ham o‘sha «iddao»ga nisbatan aynan uning o‘zidan «start» olib, o‘z fikrlarimni bildirmoqchiman. Bizningcha, ularning ayrim ikki jihati quyidagilardan iborat:

  1. Savolning o‘zidan, uzr, «ko‘rga — hassa»dek ko‘rinib turibdiki, «...tashqaridan olingan qarz va kreditlar evaziga respublika hududlarida sport inshootlari quril»ayotgan ekan bu nimani anglatadi? Bu — xalq uchun foyda emasmi?! Sport inshootlari xalqqa hech narsa «bermaydi»mi? Xalqimizga salomatlik, uzoq umr ko‘rish, bo‘sh vaqtni foydali o‘tkazish, xush kayfiyatda qadni tik tutib yurish...larni kim beradi? Bu bebaho narsalarni pulga «chaqish»ning iloji bormi? Ular qancha turarkin?...

Nahotki, yuqoridagilardan ko‘ra «Davlat olgan tashqi qarzi hisobiga sport inshootlari qurmasdan, masalan, bizga 2 ta non yoki bir shisha aroq bersa, shu yaxshi bo‘lardi» nafli yoki foydali bo‘lsa?! «Do‘st»larim bunday «falsafa» bilan qayergacha borishimiz mumkin? Uzoqqa bora olamizmi?...

Undan ko‘ra, «Davlat «tashqari»dan qarzga olib bo‘lsa-da, bizga ota-bobomiz tugul, hatto yetti pushtimiz ham ko‘rmagan sport inshootini qurib berdi. Otasiga rahmat! Qani, Onasi! Bolalaring, kelinlaring va nabiralaringni oldinga solib, ortimdan tush! Sportzalga boramiz. Shug‘ullanamiz. Bu koni foyda-ku!», — desak, asakamiz ketadimi?...

  1. «Iddao»da, shuningdek, «hozirda mamlakatdagi ishsizlik ortib borayotgan bir vaqtda», degan beo‘xshov «kinoya» ham bor. Tushunmay qoldim: sport inshootlarini qurishda kimlar ishtirok etmoqda? Harqalay uni afrikalik yoki avstraliyaliklar kelib qurib bermayotgandir? Qurilish ishida yevropaliklar ham ko‘rinmadi, shekilli...

Unda mamlakatimiz ishsiz aholining bir qismi ishtirok etmayaptimi? Buning evaziga ishsizlarning soni, biroz bo‘lsa-da, kamaymayaptimi? Sport inshootlarini qurishda ishtirok etgan vatandoshlarimiz bundan hech qanday naf ko‘rishmayotir? Ularga, hatto, oylik maosh ham bermadikmi? Yopiray... Axir, bularning bari naf bo‘lmasdan — nima?...

Ko‘rib turganingizdek, «savol»ga munosabat bildirishda uning javobini shu yerning o‘zida ishlatilgan so‘zlarning o‘zidan foydalandim, xolos. O‘zga «ogorod»larga kirishga hojat qolmadi. Agar ularga «kirsam», javobning qanday «tus olishi» mumkinligini tasavvur etgan bo‘lsangiz kerak. Shu bois, masalaning bu jihatini, hozircha, Sizning ixtiyoringizga qoldiraman.

«Do‘st»larim! Umuman olganda, «tashqi qarz» — nihoyatda nozik, qaltis va o‘ta murakkab masala. Mamlakat ichkarisida bir-birimizga o‘zimiz qarzni ravo ko‘rmayotgan bir paytda «tashqari»dan qarz olishni uddalayotgan davlatimizga, bo‘lar-bo‘lmasga, «tosh» otaversak, bu yog‘i qandoq bo‘larkin?!...

R.S. Ming bor uzr. Savolni yuqoridagi tarzda qo‘yuvchilar, beixtiyor, menga «Humo» arena oldiga kelgan, unga hayratlanib qaragan bo‘lsa-da, sarg‘ayib-ko‘karib ketgan tishlari orasidan suyuqlashgan nos qoldiqlari sizib chiqayotgan, lablari qavarib-gezarib ketgan, og‘zi to‘liq yopilmaydigan «noskash aka»mizning «Davlat shu binoni qurgandan ko‘ra, buning o‘rniga menga bir otim «noslik» berganda foydali bo‘lur edi», — degan «fikr»ini anglatadi...

Tohir MALIKOV

iqtisod fanlari doktori, professor

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring