Tashqi ishlar vazirligi isloh etilmoqda. U bundan buyon nimalar bilan shug‘ullanadi?

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi.
Avval xabar berganimizdek, kecha, 5-aprel kuni O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan edi. Unga muvofiq quyidagilar Tashqi ishlar vazirligi tizimini isloh etishning eng muhim yo‘nalishlari etib belgilandi:
— birinchidan, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari faoliyati va tashkiliy-shtat tuzilmasining normativ-huquqiy asoslarini «iqtisodiy diplomatiya»ni rivojlantirishga urg‘u bergan holda qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish;
— ikkinchidan, respublikaning yagona tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirishda Tashqi ishlar vazirligining muvofiqlashtiruvchi rolini kuchaytirish, shuningdek, tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ushbu yo‘nalishdagi vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini aniq belgilab qo‘yish va ajratish;
— uchinchidan, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari faoliyatiga mamlakatimiz mahsulotlari, ishlari (xizmatlari) eksportini kengaytirish va diversifikatsiya qilish, investitsiyalar, ilg‘or texnologiyalar va turistlar oqimini mamlakatga jalb etishga yo‘naltirilgan yangicha yondashuv va usullarni joriy etish;
— to‘rtinchidan, engavvalo, milliy va xorijiy ekspertlar jamoalari, ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik va ilmiy doiralar bilan muntazam hamda maqsadli axborot almashish ishlarini kuchaytirish orqali O‘zbekistonning ijobiy xalqaro nufuzini shakllantirishda «ommaviy diplomatiya» vositalarini faol qo‘llash;
— beshinchidan, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalda himoya qilishni ta’minlash mexanizmlarini shakllantirish va amalga oshirish, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan har tomonlama muloqotni qo‘llab-quvvatlash, ularni savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ijtimoiy loyihalar hamda dasturlarni amalga oshirishga faol jalb qilish;
— oltinchidan, ichki idoraviyrejalashtirish va nazorat qilishning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish, hisobot berish tartibi va shakllarini soddalashtirish, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini shakllantirish;
— yettinchidan, diplomatik kadrlarnitanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, rotatsiyasini ta’minlashhamda istiqbolli zaxirasini shakllantirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish orqali Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarida kadrlar siyosatini tubdan qayta ko‘rib chiqish;
— sakkizinchidan, diplomatik xizmat organlari xodimlarining moddiy rag‘batlantirilishi va ijtimoiy himoya qilinishini yaxshilash, ularning samarali ishlashi uchun munosib sharoitlarni yaratish;
— to‘qqizinchidan, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, shuningdek, global axborot maydonida mamlakatimiz manfaatlarini ilgari surish maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilish orqali Tashqi ishlar vazirligi tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash.
Eslatib o‘tamiz, mazkur islohotlar 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi vazifalariga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter