Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«TashMI»dagi tarixiy bino buzib tashlandi. SSV bunga Hukumat qarorini asos qilib ko‘rsatyapti

«TashMI»dagi tarixiy bino buzib tashlandi. SSV bunga Hukumat qarorini asos qilib ko‘rsatyapti

Foto Vlada Zamanova. Fevral, 2021 yil

Ijtimoiy tarmoqlarda eski «TashMI» – hozirgi Toshkent stomatologiya instituti klinikasiga qarashli bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi binosi Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan buzib tashlangani haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur bino rus yozuvchisi, sobiq ittifoq davrida siyosiy ta’qiblarga uchrab, Toshkentga surgun qilingan Aleksandr Soljenitsin va uning dunyo kitobxonlari orasida taniqli «Saraton bo‘limi» (Rakoviy korpus) asarida hikoya qilingani bilan mashhur edi.

Bu asar Soljenitsin tomonidan 1963-67-yillarda yozilgan bo‘lib, surgundagi yozuvchi o‘sha vaqtda  Toshkentdagi tibbiyot shaharchasida joylashgan 13-bo‘lim – «Saraton bo‘limi»da onkologik kasallik bilan davolanayotgan bo‘lgan.

O‘sha paytda bu klinika respublikada saraton kasalligiga chalingan bemorlar yuboriladigan yagona shifoxona bo‘lgan.

SSV mazkur bino buzilishiga Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-dekabrdagi yig‘ilish bayoni bilan yo‘l qo‘yilgani, unga ko‘ra, hududda Respublika endokrinologiya markazi tashkil etilishi va shunga ko‘ra hududdagi korpuslarni xatlovdan o‘tkazib, shaharsozlik talablariga javob bermaydiganlarini ko‘chirish, buzish hamda o‘rnida qo‘shimcha qurilish ishlarini olib borish ko‘zda tutilganini aytmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, buzilgan bino o‘rnida loyiha-smeta hujjatlariga asosan endokrinologiya markazi uchun avtoturargoh qurish rejalashtirilgan.

Qurilajak Endokrinologiya markazi 600 o‘ringa, bolalar va kattalar maslahat poliklinikasi 500 o‘ringa mo‘ljallangan va muassasaga har kuni o‘rtacha 400 nafarga yaqin bemor yaqinlari kelib ketishini, 1000 nafarga yaqin ishchi-xodim ishlashini hisoblab chiqqan vazirlik, «katta va qulay avtoturargoh» zarurligini ta’kidlamoqda.

Shuningdek, vazirlikka ko‘ra, bu eski binoni buzishda mas’ul tashkilotlardan – Madaniy meros agentligi Toshkent shahar boshqarmasidan tegishli xulosa ham olingan. Ya’ni bino madaniy meros ob’yektlari ro‘yxatiga kiritilmagan.

Binoni buzish uchun auksionga qo‘yilmaganiga sabab sifatida esa, baholovchi firma – «Sentr Ekspertiza Kontrolnogo Obmera 110» MChJ uni yaroqsiz deb topgani ko‘rsatildi.

Bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi faoliyati Toshkent davlat stomatologiya instituti klinikasining boshqa binosida to‘liq va avvalgidan ko‘ra yaxshi sharoitda faoliyat yuritishi aytildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring