«Tashkent Law Spring» forumi kun tartibidagi mavzu ma’lum qilindi
Joriy yilning 25—27-aprel kunlari Toshkentda mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor Adliya vazirligi tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan «Tashkent Law Spring», ya’ni «Toshkent huquq bahori» xalqaro yuridik forumi bo‘lib o‘tadi. Kun tartibidagi asosiy mavzu «Huquq jadal modernizatsiya davrida»dir.
Bu haqda 2019-yilning 4-mart kuni bo‘lib o‘tgan press-brifing chog‘ida forum tashkiliy qo‘mitasi milliy va xorijiy OAV vakillariga bo‘lib o‘tajak tadbirning asosiy maqsad va vazifalari xususida ma’lumot berdi.
Forum doirasida davlat organlari, xalqaro, milliy va xorijiy yuridik va konsalting tashkilotlari mutaxassislari, ilmiy va ekspert doiralari vakillari jadal modernizatsiya davrida huquqni rivojlantirishning so‘nggi tendensiyalarini muhokama qilish, zamonaviy yuridik ilm-fani va amaliyotining dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashish imkoniga ega bo‘ladi.
Adliya vazirligi, Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, forumda davlat va biznes-tuzilmalar, dunyoning yirik kompaniyalari vakillari investitsiyaviy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama etiladi.
Dasturdan O‘zbekiston sarmoya muhiti taqdimoti, mavzuga doir mahorat darslari va davra suhbatlari o‘rin oladi. Tadbir doirasida «Yilning eng yaxshi advokati», «Yilning eng yaxshi advokatlik tuzilmasi», «Yilning eng yaxshi korporativ yuridik xizmati» kabi nominatsiyalardagi tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Spikerlar sifatida Vena xalqaro arbitraj markazi bosh kotibi Elis Fremut-Volf, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi, «White & Case» xalqaro yuridik firmasi hamkori Kerolin Lemm, BMTTD Korrupsiyaga qarshi kurashish global dasturi maslahatchisi Angi Timilsin va boshqa xalqaro ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Maxsus yaratilgan tashkentlawspring.uz saytida ishtirokchilarni onlayn ro‘yxatga olish amalga oshirilmoqda. Hozirga qadar dunyoning turli mamlakatlaridan 300 ga yaqin ariza kelib tushdi.
Forum tadbirlari o‘zbek, ingliz va rus tillarida olib boriladi.
Press brifingda ta’kidlanishicha, shunga o‘xshash tadbirlardan Forumning eng asosiy farqi unda har qanday shaxs saytda ro‘yxatdan o‘tish orqali ishtirok etishi mumkin. Ya’ni tinglovchilar doirasi esa cheklanmagan.
Tinglovchilar sifatida qo‘shni mamlakatlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, shuningdek rossiyalik mutaxassislar ham ro‘yxatdan o‘tayotganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Ya’ni, Forumga qiziqish xorijiy mamlakatlarda ham oshib bormoqda.
Forumda qatnashish pullik bo‘lib, uning saytida ishtirok etish shartlari keltirilgan. Xususan, unda ishtirok etish istagida bo‘lganlar uchun ikki xil paketda, ya’ni «to‘liq paket» va «maxsus paket»lar asosida to‘lovni amalga oshirishlari mumkin.
«To‘liq paket» ning bahosi – 3 000 000 so‘m (2019 yill 25 martgacha ro‘yxatdan o‘tilganda – 2 500 000 so‘m);
«Maxsus paket»ning bahosi – 1 100 000 so‘m.(2019-yil 25-martgacha ro‘yxatdan o‘tilganda – 900 000 so‘m).
Korporativ tartibda ro‘yxatdan o‘tadiganlar uchun imtiyozlar belgilangan.
Bunda «Maxsus paket» faqatgina Forumning ishchi tadbirlarida qatnashishni nazarda tutsa, «To‘liq paket» ishchi tadbirlaridan tashqari kechki ovqat bazmida ham ishtirok etishni nazarda tutadi.
Forumni pullik formatda o‘tkazish to‘g‘risida qaror ko‘plab xorijiy davlatlarda shunga o‘xshash tadbirlarni o‘tkazish tajribasidan kelib chiqildi.
Maqsad – Forumni o‘tkazishdan pul topish emas, aksincha xorijiy ma’ruzachilarni taklif qilish, tarqatma materiallar tayyorlash, uzluksiz kofe-breyk va tushlik tashkillashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplash hisoblanadi.
Ikkinchidan, har bir tadbirda qatnashishning qadri bo‘lishi kerak. Forum tashkilotchilari uchun muhimi shuki, har bir ro‘yxatdan o‘tayotgan shaxs Forumda ishtirokidan qo‘shimcha bilim olishni, nimadir o‘rganib ketishni, dunyoqarashini kengaytirishni, ya’ni bir so‘z bilan aytganda o‘z malakasini oshirishni maqsad qilishi lozim.
Brifing davomida joriy yilning 1-martidan boshlab «Tashkent Law Spring» forumida ishtirok etish va yoritish uchun milliy va xorijiy OAVlar vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish boshlandi. Arizalarni qabul qilishning so‘nggi muddati — 15-aprel. Akkreditatsiyadan o‘tish qoidalari bilan xalqaro yuridik forumning rasmiy saytida batafsil ma’lumotlar keltirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter