«Tashkent Indeks»dagi talabalar majburan chiqarilmaydi — vazirlik
«Tashkent Indeks»dagi talabalarning ayrim oliy ta’lim muassasalari tomonidan yotoqxonalarga ko‘chirilayotgani ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinmoqda, deb xabar berdi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi.
Joriy o‘quv yili boshida Yangihayot tumanida «Tashkent Indeks» savdo majmuasida talabalar vaqtincha turishlari uchun sharoit yaratilgan edi.
«O‘tgan davr mobaynida aksariyat oliy ta’lim muassasalari tomonidan talabalar turarjoylarida qo‘shimcha yotoq o‘rinlari yaratilib, ko‘chish istagini bildirgan talabalar ko‘chirib o‘tkazildi. Shu kunlarda esa sovuq havo haroratida majmua yetarli sharoitga ega emasligi bois, ko‘chirish ishlari oliy o‘quv yurtlari talabalar turarjoylarida ko‘proq qo‘shimcha bo‘sh o‘rinlari yaratilishi, aksariyatida yangi yotoqxonalar barpo etilishi hisobiga yanada jadallashdi», deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, «Tashkent Indeks»da qolishni xohlovchi talabalarning majburan chiqarib yuborilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ma’lumot berilishicha, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ikki qavatli yotoq o‘rni tashkil etish hisobiga qo‘shimcha 139 o‘rinli, Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan Oqtepa pedagogika kolleji talabalar turarjoyida yangi 300 o‘rinli joy yaratilgan. Shu kabi boshqa OTMlarda ham hozirda ichki imkoniyatdan kelib chiqib, qo‘shimcha o‘rinlar hozirlangan. Bundan tashqari, Toshkent davlat stomatologiya institutida 400 o‘ringa mo‘ljallangan yangi yotoqxona qurib, foydalanishga topshirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter