Tarjimonlik sohasini qutqaring!
Ko‘pchilikning e’tiboriga tushmagan yoki e’tiboriga tushsa ham ko‘pchilikka ahamiyatsizday tuyulib kelayotgan bir soha bor. Bu tarjimonlik sohasidir.
...Avvalroq qaysidir mashhur g‘arb yozuvchisining bir asarining o‘zbekcha tarjimasini ko‘rib qolgandim. U tarjimadan parchalar ijtimoiy tarmoqlarda ham biroz tarqaldi. Asar muallifi yevropalik, asar voqealari Yevropada yuz beradi va unda yevropalik insonlar tasvirlanadi. Asarning bir joyida qahramonlardan biri «ey xudo...» deb murojaat qilgan joyi bor. Shu joyini bizning tarjimonimiz o‘zbek tiliga «ey Alloh...» deb tarjima qilibdi. Bir qarashda bu yerda muammo yo‘qday tuyuladi, lekin ziyrak o‘quvchining xristian dinida bo‘lgan (balki umuman dinsizdir, asosiysi musulmon emas) insonlar «ey Alloh» deb gapirmasligiga darrov farosati yetadi. Lekin nimagadir bu narsaga katta mas’uliyatni zimmasiga olib mazkur asarni tarjima qilgan insonning va o‘sha tarjimani chop etgan nashriyotdagilarning farosati yetmaganligi bizdagi tarjimonlik sohasidagi asl holatini yaqqol ko‘rsatib beradi...
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tarjimonlik fakulteti bor. Bir paytlar men ham o‘sha fakultetga o‘tishni xohlaganman, lekin keyinchalik o‘tmaganimga xursand bo‘lganman.
Mazkur fakultetda o‘qigan insonlar va ishlaydigan rahbar va xodimlar xafa bo‘lmasin. Balki hozir sharoit yaxshilangandir, lekin biz o‘qigan paytda bu fakultetda faqat o‘zlari o‘qishni xohlagan kam sonli talabalargina sidqidildan ta’lim olar edi. Qolgan talabalar ingliz, fransuz, ispan filologiyasi fakultetlaridan kelgan bo‘lib, darslarni ko‘pincha koridorlarda yoki «Kamolot» tashkilotining tadbirlarida o‘tkazishardi. Shu bois ham tahsildan keyin tarjimonlik yoki boshqa til bilan bog‘liq sohalarda asosan filologiya fakultetlarining talabalari ishlar edi.
Men tarjimonlik fakulteti ezgu niyatlar bilan tashkil qilinganiga yuz foiz aminman, lekin Abdulla Qahhorning ta’biri bilan aytganda, ezgu niyatlar bilan ochilgan fakultet «o‘tin yorish»ga ishlatilgani sababli undan «atomli reaktor» beradigan natijani kutib bo‘lmaydi...
Arab xalifaligi qudratga kelgan paytlarda arablar ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalarda ilg‘or bo‘lmagan, ularga ota-bobolaridan bilimlar meros bo‘lib qolmagan. Biroq dunyoning eng qadimiy sivilizatsiyalari joylashgan Xorazm, So‘g‘diyona, Baqtriya, Eron, Rim, Gretsiya va hokazo hududlar ularning qo‘l ostida birlashib, mazkur sivilizatsiyalarning ming yillik bilimlari arablarning ixtiyorida bo‘lib qolgan. Faqat bu bilim xazinalari arab tilida emas, balki «qulf solingan sandiq»larday o‘zga tillarda (yunon, lotin, fors va h.) bo‘lgan. U sandiqlarni ochish uchun zarur bo‘lgan kalitlar esa tarjimonlar bo‘lishgan. Buni to‘g‘ri anglab yetgan arablar o‘z hukmronligining dastlabki onlaridanoq tarjimonlik sohasiga katta e’tibor qaratganlar. Dunyodagi eng qadimiy akademiyalardan biri bo‘lgan «Baytul-hikma»ning bosh maqsadlaridan biri grek, rim, fors va boshqa tillardagi asarlarni arab tiliga tarjima qilish bo‘lgan va bu ish bilan bizning ota-bobolarimiz Forobiy, Xorazmiy, Farg‘oniy va boshqalar ham shug‘ullanganlar.
Tarjimonlik, to‘g‘rirog‘i, haqiqiy tarjimonlik tarjima qilinayotgan asarni o‘shanday mahorat bilan qayta yozishdir. Bir kitobni tarjima qilayotganda tarjimon asar muallifining hissiyotlarini, nimalarni o‘ylaganini qaytadan his qiladi, anglab yetadi va uni tarjima qilinayotgan tildagi insonlarga yangi asarday qilib yetkazib beradi. Bir kitobni tarjima qilgan tarjimonning saviyasi muallifning saviyasiga ko‘tarilsa, mantiqan 100 ta kitobni tarjima qilgan tarjimon «bilimlar xazinasi»ga aylanadi. Shu sababdan ham bizning ota-bobolarimiz ma’lum sohalarda ko‘proq, boshqalarida ozroq asarlar yozgan bo‘lsa ham amalda ensiklopedik olim bo‘lganlar va qaysi sohaga oid asar yozmasin, o‘sha sohani kamida bir necha qadam ilgari siljitib ketganlar.
Ularning zukkoliklari shunda bo‘lganki, tarjima jarayonida xolis va mas’uliyatli bo‘la olganlar. Masalan, Xorazmiy yunonlarning ma’budi Zevsni yoki Beruniy hindlarning ma’budi Shivani yuqoridagiday tarjima qilmaganlar. Aksincha, ularning asarlarini o‘qisangiz xuddi asarlarning aslini o‘qiganday bo‘lasiz. Shu bois hindlar o‘z tarixini, madaniyatini bobokalonimiz Beruniyning «Hindiston» asari orqali o‘qib o‘rganib, o‘z jamiyatlari haqidagi ma’lumotlarni mazkur asar orqali anglab yetadilar...
1669 yilda Fransiyada Yoshlar til instituti ochiladi. Mazkur institutning maqsadi o‘sha davrdagi «Bilimlar xazinasi»ni o‘z ichiga «qulflab» olgan tillar — arab, fors va turk tillarini fransuz yoshlariga o‘rgatish, mazkur tillarda tarjimonlar yetishtirish va shu yo‘l bilan ushbu xazinalarga «kalit solish» bo‘lgan. Natijada drogmanlar deb aytilgan mazkur yoshlarni diplomatlikdan tortib savdo-sotiq bilan bog‘liq barcha muhim mansablarga tayinlanganlar. Hozirgi kunga kelib Sharq tillari va sivilizatsiyalari nomini olgan mazkur institut hali ham Fransiyaning nufuzli institutlaridan biri hisoblanadi. Institutda Sharq davlatlarining deyarli barcha tillari, hatto yo‘qolib borayotgan tillar va ayrim shevalargacha o‘rgatiladi. Fransiyaning bir nechta universitetining tashabbusi bilan ochilgan «Tillar va sivilizatsiyalar kutubxonasi»da dunyoning 350 dan ortiq tilidagi kitob va qo‘lyozmalar mavjud bo‘lib, kutubxonaning o‘quvchilari mazkur tillardagi kitoblarni o‘qish uchun o‘sha davlatga borishlari shart emas. Barcha sharoitlar Fransiyaning o‘zida yaratilgan.
Mazkur qaror va amallarning natijasi o‘zingizga ma’lum. O‘n yettinchi asrdan boshlab arab, fors va turk tillaridagi bizning ota-bobolarimiz yozib ketgan asarlarning deyarli barchasi g‘arb tillariga tarjima qilingan va bu g‘arb davlatlarining taraqqiyotda ilgarilab ketishiga asos bo‘lib xizmat qilgan. Biz esa g‘arb tillarini bilmaganimiz va ota-bobolarimizdan qolgan asarlarni ham o‘qiy olmaganimiz uchun taraqqiyotda orqada qolib ketganmiz...
Ba’zan «Ruslar (yoki amerikaliklar, xitoyliklar, yevropaliklar) Markaziy Osiyo xalqlarini birlashishga qo‘ymaydi» deyishadi. Lekin ruslar buni qanday uddalashi haqida o‘ylab ko‘rilmaydi. Ruslar har safar bu ishni uddalay olishining sababi shuki, ular bizni, tariximizni, madaniyatimizni, mentalitetimizni, etnografiyamizni, xarakterimizni, temperament va psixologiyamizni o‘zimizdan ko‘ra yaxshiroq biladi. Ruslarning Pyotr I davridan beri Markaziy Osiyo haqida yozilgan asarlarini o‘qisangiz bunga o‘zingiz ham amin bo‘lasiz. Ruslar bizdagi kitoblarning barchasini o‘z tiliga tarjima qilib olgan, bizlar esa rus tilida yozilgan o‘zimizga oid kitoblarni ham o‘z tilimizga tarjima qilib olmaganmiz. Oddiy misol, Sergey Tolstovning «Drevniy Xorezm» kitobining, uning Xorazm qal’alaridagi ekspeditsiyasining hisobotlarining o‘zbekcha tarjimasini hamma so‘raydi, lekin hali biron kishi uni topganini eshitganim yo‘q.
Bu narsa ruslarga emas, aksincha, bizlarning o‘zimizga minus. Ruslar o‘z manfaatlaridan kelib chiqib kilinishi kerak bo‘lgan barcha ishlarni qilayapti. Biz esa nima uchun to‘ylarda isrofgarchilik qilishimiz, nima uchun tanish-bilishchilikka ruju qo‘yganimiz, nima uchun ba’zan o‘zgalarning fikrlariga toqatsiz ekanligimiz haqida o‘zimizga o‘zimiz savollar beramiz. Lekin mazkur savollarning javoblarini o‘rganish uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy fanlar — sotsiologiya, etnografiya, antropologiya kabi fanlarni rivojlantirish haqida o‘ylamaymiz.
G‘arb tillarida (ingliz, fransuz, nemis, italyan, ispan) bizning davlatimiz, jamiyatimiz, ijtimoiy muammolarimiz tahlil qilingan ilmiy kitoblar ko‘p. Ulardan ayrimlari juda yaxshi yozilgan, ayrimlari bizni ko‘r-ko‘rona tanqid qilgan, yana birlari biz bilib turib tan olmaydigan haqiqatlarni ochib bergan. Nima bo‘lganda ham biz o‘zbeklar biz haqimizda dunyoda yozilgan asarlardan xabardor bo‘lib borishimiz, haqiqat yoki bo‘hton bo‘lsin, kimlar nimalar deyotganini bilishimiz uchun ham ushbu asarlar o‘zbek tiliga tarjima qilinsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Hozir ularni chet tillarni biladigan va chet ellarga borib ilmiy ish qilish baxtiga muyassar bo‘lgan kamsonli olimlarimiz o‘qiy oladi. Biroq ijtimoiy sohalarga e’tiborning yetarli emasligi sababli ularning o‘qiganlari ham yurtimizga foyda keltirmaydi.
Yuqorida yozilgan gaplardan kelib chiqib, tarjimonlik sohasidagi ayrim muammolarni ko‘rsatib, ularning yechimlarini taklif qilish mumkin.
- Masalan, tarjimonlikni shunchalik oqlar ekanman, nyega o‘zim tarjima qilmayman?
Chunki men tarjimon emasman. Tarjima qila olaman, lekin soham tarjimonlik emas. Ya’ni men mashina haydashni bilaman, lekin haydovchilik va mashina muhandisligi borasida mutaxassis emasman. Men har bir ishni o‘zining ustasi qilishining tarafdoriman. O‘zbekistondagi tarjimonlik sohasining muammolaridan biri duch kelgan havaskor bu ish bilan shug‘ullanaverishidir. Yurtimizda tarjimonlikning ahvoli abgor va mutaxassis tarjimonlar kam bo‘lganligi sababli bironta tilni o‘rganib olgan huquqshunos, hisobchi, harbiy yoki o‘qituvchi odam tarjima bilan shug‘ullanaveradi. Natijada qo‘shiqchilikdagi kabi tarjima sohasining kuni ham «otarchi tarjimonlar»ga qolgan.
- Nima uchun tarjimonlar o‘zlari bilib tarjima qilavermaydi?
Chunki tarjimalarni chop ettirishga o‘zlarining qurbi yetmaydi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida nafaqat tarjimonlarga, balki nashriyotlarga ham oson emas. Kitobni sota olishiga ko‘zi yetmasa, tarjima bilan shug‘ullanmaydi va umuman olganda ular haqlar. Zarariga ishlamaydi-ku. Shu sababli ular faqat dunyoda mashhur bo‘lgan adabiy asarlarning tarjimalari bilangina shug‘ullanadilar.
- O‘zbekistonda tarjimonlik sohasini qayta jonlantirish uchun nima qilish kerak?
Menimcha, tarjimonlik sohasini davlat o‘z muhofazasiga olishi lozim. Davlatimiz tarjimonlik borasida maxsus siyosat yuritib, aynan tarjimonlik bilan shug‘ullanadigan biron tashkilot, masalan, Tarjimonlar uyushmasi tashkil qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Mazkur tashkilot davlatimizning tarjimonlik sohasidagi siyosatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish bilan birga mashhur universitetlar bilan hamkorlikda kuchli tarjimon kadrlarni tayyorlash, kerakli ilmiy va adabiy asarlarning tarjima qilinishini davlat ajratgan pullar hisobidan moliyalashtirish bilan shug‘ullanishi shart.
- Shaklan va mohiyatan tarjimonlik borasidagi davlat siyosati qanday bo‘lishi kerak?
Tarjimonlik borasidagi siyosat kompleks, ya’ni keng qamrovli bo‘lishi zarur. Davlat maxsus tashkilot tuzib, maxsus siyosat yuritib, unga pul ajratgach, bu siyosat yozma va og‘zaki tarjimani ham qamrab olishi darkor.
Dunyoda bo‘ladigan xalqaro yoki milliy tadbir va uchrashuvlarda sinxron (to‘g‘ridan-to‘g‘ri) tarjimonlar ish olib boradi. Bizda esa hatto prezident biron davlatga borganda yoki davlatimizga biron delegatsiya kelganda sinxron tarjima qiladigan tarjimonlar yo‘q. Hatto prezident boshqa davlat rahbarlari bilan uchrashgan paytda duch kelgan bitta til biladigan odamni jalb qilib, uning imkon qadar qilgan tarjimasiga qanoat qilishga majburligimiz biz uchun diplomatik darajada uyatdir (prezidentning Amerikaga va Turkiyaga safarlari chog‘idagi tarjimalarni eshitib ko‘ring).
- Mazkur siyosat doirasida qaysi dolzarb vazifalarni alohida ajratib ko‘rsatish mumkin?
Qo‘lyozmalarni o‘qish va tarjima qilish bilan maxsus shug‘ullanish kerak. Fanlar akademiyasidagi bir uchrashuvda «fondlarimizda 15 millionga yaqin qo‘lyozma bor va ulardan 85 foizi hali o‘rganilmagan» deganlarini eshitgan edim. Biz tariximizni, madaniyatimizni, urf-odatlarimizni ruslar, arablar, g‘arblik olimlarning asarlari orqali o‘rganib yurgan paytimizda balki o‘zimizning arxivlarimizdagi qo‘lyozmalarda aniqroq va batafsilroq ma’lumotlar mavjud bo‘lishi mumkin.
Agar qo‘lyozmalarni o‘qiydigan va tarjima qiladigan mutaxassislarni yetishtiradigan bo‘lsak, ular nafaqat o‘z qo‘lyozmalarimizni, balki boshqa davlatlardagi qo‘lyozmalarni ham o‘qib, milliy saviyamizning oshishiga xizmat qilgan bo‘lar edi. Bu narsaga davlat pul ajratishi lozim.
Va nihoyat bizda tarjimonlar asosan adabiy asarlarni tarjima qiladilar. Vaholanki, har bir sohaning o‘ziga xos atamalari, ba’zan «tili» mavjud bo‘lib, ularni duch kelgan odam tarjima qila olmaydi. Shu bois yangi kadrlarni sohalarga (harbiy, tibbiy, yuridik, iqtisodiy, adabiy va hokazo) istisoslashtirib tayyorlash kerak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter