Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tarbiyaviy o‘yinlar bolani ta’limga qiziqtirishga xizmat qiladi» (video)

«Tarbiyaviy o‘yinlar bolani ta’limga qiziqtirishga xizmat qiladi» (video)

Foto: «Xabar.uz»

Ta’lim tizimida bugungi kunda yangiliklar ko‘payib bormoqda. O‘zgarib borayotgan zamon bilan hamnafas darslik-qo‘llanmalar bosmadan chiqarilmoqda.

Xususan informatika faniga joriy yil dasturlash tili haqidagi mavzular kiritilishini so‘zimizning isboti o‘laroq ko‘rsatishimiz mumkin.

Darsliklarda yangi mavzular kiritilishi o‘z-o‘zidan bu yangilikdan o‘qituvchilarni xabardor bo‘lishi kerakligini anglatadi. Xalq ta’limi vazirligi mana shunday tashabbus bilan chiqdi.

2021 yilning 1 dekabr sanasidan boshlab joylarda informatika va axborot texnologiyalari  fani o‘qituvchilarini S++ hamda Scrach dasturlash tili bo‘yicha malaka va ko‘nikmalarini oshirish  kurslari o‘tib kelinmoqda.

«Xabar.uz» muxbirlari malaka oshirish kurslari bilan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyatining bir qator tuman va shaharlarida bo‘ldi.

«Bugungi kunda viloyatimizning har bir tuman va shahar maktablaridan 15 nafardan o‘qituvchilarni tanlab olib, dasturlash tillari bo‘yicha o‘qitib kelmoqdamiz. S++ dasturlash tili bo‘yicha 144 soat, Scrach dasturlash tilidan 72 soat darslar o‘tilishi belgilangan. Biz ularni qaysi dasturlash tiliga o‘qishlarini belgilab bermaganmiz, balki ko‘ngilli ravishda ushbu kurslarga yozilgan. Scrach darslarini Xalq ta’limi vazirligi tomonidan qayta o‘qitilgan o‘qituvchilarimiz, S++ dasturlash tili kurslaridan esa BePro IT Academy tomonidan maxsus tanlab olingan trenerlar ta’lim bermoqda. Biz albatta bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz. Keyingi yildan boshlab boshqa dasturlash tillari bo‘yicha ham tizimli darslar tashkil etishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik»,—deydi viloyat XTB AKT bo‘limi boshlig‘i Shoyimov Asomiddin.

Ta’kidlanishicha har bir maktablarda ikki nafardan informatika va axborot texnologiyalari  fani o‘qituvchilari bo‘lib, ularning har ikkalasi ham malaka oshirish kurslarida o‘qib kelmoqda. Dasturlash tillarini o‘qish davrida yangilik yaratishga uringan o‘qituvchilar ham yo‘q emas. Termiz shahar 21-umumta’lim maktabi Informatika o‘qituvchisi Shahnoza Imomova  shular jumlasidandir.

«Men Scrach dasturi yordamida bolalar uchun «Karra jadvali»ni yaratdim. Bunda ekranga ko‘rinib turgan mushukcha chapga va o‘ngga harakatlanadi hamda harakat davomida karra jadvali yangilanib boradi. Bolaga bilim berishning bu kabi usuli samarali natija ko‘rsatadi deb o‘ylayman. O‘yin orqali bilim berish bolani nafaqat zerikishiga yo‘l qo‘ymaydi, balki uning diqqatini tortishga ham vosita bo‘lib xizmat qiladi. Bolani tarbiyaviy o‘yinlar bilan ta’limga jalb qilish yosh avlod kelajagi uchun eng yaxshi tanlov deb o‘ylayman», — deya tushuntirdi o‘qituvchi.

Ma’lumot  uchun bugungi kunda Surxondaryo viloyatidan 450 nafar o‘qituvchilar malaka oshirish darslarida qatnashmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring