Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tankka avtomatdan otishadi!»: Ukrainada yaralangan harbiy xizmatchi bilan suhbat

«Tankka avtomatdan otishadi!»: Ukrainada yaralangan harbiy xizmatchi bilan suhbat

Rossiyada safarbarlik boshlanganidan ikki hafta o‘tib, chaqirilganlar hech bir harbiy tayyorgarlikdan o‘tmayoq jang maydoniga  kirgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Rasmiylar buni rad etadi. Ammo safarbar qilinganlar orasida qurbonlar va yaralanganlar borligi allaqachon tasdiqlangan. Moskva atrofidagi hududda yashovchi, sentyabr oyi oxirlarida xizmatga chaqirilgan ikki yigitning yaqinlari «Sirena» nashriga yozishdi: ulardan biri halok bo‘lgan, ikkinchisi jarohatlangan, u gospitalda. Tirik qolgan askar yaqinlari va do‘stlari bilan aloqaga chiqqan: nashr yarador bilan suhbatda nimalar ma’lum bo‘lgani haqida hikoya qiladi.

Safarbar qilinganlarning shaxsiy ma’lumotlari oshkor qilinmaydi — yaradorning yaqinlari uning xavfsizligidan xavotirda. Faqat aytish mumkin bo‘lgani: «Sirena» tahririyati ikkala yigitning hamkasblari va do‘stlari orqali ularning shaxsini tasdiqlay olgan.

— Uni tortib olishdi, u ko‘p qon yo‘qolgandi, rangi oqarib ketgandi. Gospitalgacha olib borishga ulgurishmadi. Ahvoldan hamma, hatto ko‘ngillilar ham hayratda. Checheniston urushlaridan o‘tganlar bu qandaydir bosinqirashga o‘xshash holat — tankka avtomat bilan otishadi, deya taajublanadilar.

— Ular nega bunday qilishadi?

— Chunki, hammasiga baribir, farqi yo‘q.

Bu safarbar qilingan yarador yigit va hamkasbi orasidagi suhbatdan parcha. 23 sentyabrda yigit bo‘limga yuborildi, 10 oktyabrda esa gospitalga yotqizilgan. Rossiya hududida bir oylik o‘quv mashg‘ulotini hech kim o‘tmagan edi. U bilan bir vaqtda safarbar qilingan o‘rtog‘i halok bo‘ldi. Nikita va Nikolay mahalliy shirkatlardan birida birga ishlashar edi. Chaqiruv qog‘ozini ham kutishmagan, yaqinlari ularni sabr qilib turishga ko‘ndirmoqchi bo‘lishgan, ammo ular «qamoqqa o‘tirishni hech kim istamaydi, erkakchasiga Vatan chaqirig‘iga javob berishdi» (eslatib o‘tamiz, Rossiyada chaqiruv qog‘ozi olgan, ammo harbiy komissariatga bormagan shaxsga jarima qo‘llaniladi) Nikolay qarindoshlari va hamkasblariga qo‘ng‘iroq qila oldi va Nikita 7 oktyabrda halok bo‘lgani haqida aytdi. Marhum — yosh yigitning ayoli va nogiron bolasi qoldi. Ular ijara uyda yashashadi. Nikolay esa front chizig‘idan bir necha kilometr masofada — Lugansk viloyatidagi Svatovo gospitaliga yotqizilgan.

Halok bo‘lgan Nikita.

«Sirena» tasarrufidagi telefon suhbati audoyozuvida Nikolay u bilan safarbar qilinganlarning hammasi Taman diviziyasi boshqarayotgan 27-brigadaga tushganini aytgan. 16 sentyabrda bu diviziyadagilar Ukraina chegarasiga tashlangani va urushga jo‘natish talabi yozilgan shartnomani imzolashga majburlanishi xabar qilingandi. Urushning boshlanishida bu polkdan ham chaqiriluvchilar Ukraina hududiga kirishgan va halok bo‘lishgan.

«Safarbar qilinganlar to‘plangan 27-brigadada chalkashliklarning boshi-oxiri yo‘q. Jangdan faqat go‘sht qaytadi. Ba’zilarini hatto tanib ham bo‘lmaydi, kuyib ketgan, birining yuzi yo‘q, boshqasida boshi», — degan hamkasblariga Nikolay.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jang boshlanishi bilan qo‘mondonlik rota tasarrufidagi hududni tark etadi. Harbiylar va safarbar qilinganlar qurshovdan to‘g‘ri kelganicha, tasodif yoki bir ilojini qilib chiqadi: «Odamlarni tashlaydilar, keyin olovga qalqon bo‘lganlari, hujumni ushlab turganlarini aytadilar va ularga «yulduzchalar» taqdim etiladi».

Jangda lagerdan chekinish paytida Nikolay va yana to‘rt kishini shunchaki unutishdi: «Agar aloqa vositali kishi bo‘lmaganida biz o‘sha lagerda qolardik. Biz u yerdan bir ahvolda chiqdik, keyin, 5-10 daqiqadan so‘ng lager olov ichida qoldi: artilleriya, tanklar, minomyotlar» — deydi u.

Jarohat olgan va hamkasbini yo‘qotgan yigit gospitalga yotqizildi. Uning aytishicha, o‘lganlarni «darrov boshqa joyga jo‘natishgan», yaradorlarning oldiga esa «qandaydir polkovnik» kelgan. U frontga qaytmaganlarni dezertirlik aybi bilan qamattirishini aytib, tahdid qilgan. Safarbar qilinganlar unga gospitalga avval tushganlar jang hududiga qaytadan majburlab yuborilganini aytishgan.

Safarbar qilinganlarning ota-onalari va do‘stlari ularga yordam berishga harakat qilishmoqda: yuristlar bilan maslahatlashishgan, shikoyatlar yozishgan. Mudofaa vazirligida Nikolayning yaqinlariga ikkala yigit ham «Naro-Fominskda o‘qishda», deyishgan. Shahar ma’muriyatida esa ular Naro-Fominskka o‘qishga jo‘natilgandan so‘ng qayerda ekani haqida ma’lumotga ega emasliklarini ma’lum qilishgan. Xullas, Nikolay hamon Ukrainaning bosib olingan hududida qolmoqda. Uning so‘zlariga qaraganda, qochish mushkul, hudud qo‘riqlanadi. Hozircha u telefon sotib olish va bo‘lib o‘tayotgan voqealarni videoga olishni uddaladi.

Frontda safarbar qilinganlar ko‘pmi?

Va’da qilingan bir oylik o‘quv-mashg‘uloti o‘rniga erkaklar darhol frontga jo‘natilishi sentyabr oyining oxirlarida ma’lum bo‘ldi. Xabarlar videoyozuvlar bilan tasdiqlaganda, rasmiylar u yerda odamlar «mashg‘ulot»da bo‘lganini ma’lum qildi. Ayni vaqtda Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi davom etayotgan Donetsk, Lugansk va Xerson viloyatlarida safarbar qilinganlar borligi haqida ishonchli ma’lumotlar bor. Kuni kecha hududiy hokimiyat urushda halok bo‘lgan safarbarlarni — Chelyabinsk viloyatidan birdaniga besh nafar yigit haqidagi ma’lumotni tasdiqladi.

Yegor Chebotaryov.

Lipetsklik Yegor Chebotaryov ukrainalik blogerga Svatovo frontiga hech bir tayyorgarlikni o‘tamay kelganini aytgan. Ayni paytda front chizig‘ida yigirmaga yaqin safarbar qilingan odamlar, jumladan, o‘lganlar, yarador bo‘lganlar va asirga tushganlar borligi ma’lum. Ular bo‘lib turgan manzillar haqida gap ketganda Svatovo ko‘proq tilga olinadi. Svatovo — Lugansk viloyatining bosib olingan qismidagi kichik shaharcha.

«Ostorojno Novosti» kanali esa chaqiruv qog‘ozi olganidan 11 kun o‘tib, Svatovoda bo‘lgan moskvaliklar videosini e’lon qilgan: videotasvirda askarlar ularga hatto otishni o‘rgatishmaganini gapirishgan. Ukraina tomoni ham Svatovoda safarbar qilinganlar borligini tasdiqlaydi.

Harbiy tahlilchi Yan Matveyev safarbar qilinganlar jangga tayyorgarliksiz olib kirilayotgani va bu holat nega aynan Svatovo bilan bog‘liqligini tushuntiradi: «Barcha tahlilchilar Svatovo muhim va asosiy nuqta ekanligi borasida hamfikr. Xaritaga qarashning o‘zi kifoya, Lugansk viloyatiga kiriladigan yagona, risoladagidek yo‘l aynan shu shahar orqali o‘tadi. Svatovo bu — Ukraina qurolli kuchlarining yaqin oradagi maqsadi, Putinga esa shaharni saqlash muhim. U yerda qattiq janglar bo‘ladi. Putin armiyasi mumkin qadar zaxiralarni, jumladan, safarbar qilinganlarni ham Svatovoga o‘tkazmoqda. Ammo bu yordam berishi dargumon. Ukrainaliklar shaharni o‘rab olishga va rus bo‘linmalarini qurshov ichida qolishdan qochib chekintirishga harakat qilishadi. Svatovo allaqachon o‘qqa tutilmoqda va bu hujumlar yanada kuchayadi».

12 oktyabr tongidagi janglar xaritasi. Svatovo — tepa o‘ng burchakda.

Matveyev safarbar qilinganlar Rossiya tomoniga biror bir foyda keltirishiga ishonmaydi: «Yomon o‘qitilgan askarlarlarning aksariyati frontga foyda keltirmaydi. Ha, bu qog‘ozdagi «teshiklar»ni yamashga qo‘l keladi, xolos, amalda esa bunday bo‘linmalar, shunchaki bilmagani uchun ham, yomon jang qiladi. Shunday ekan, birinchi navbatda safarbar qilinganlardan katta yo‘qotishlar bo‘lishini kutish kerak».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring