Tanish qizining intim fotolarini tarqatish bilan qo‘rqitib pul olgan yigit sudga tortildi
2020-yilning 16-iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudi ochiq sud majlisida tovlamachilik jinoyatini sodir etganlikda ayblangan fuqaroga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi.
Sudlanuvchi M.S o‘zganing mulkini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritishni maqsad qiladi. U «Telegramm» messendjerida O.K nomi bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan akkaunti orqali o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan R.D bilan ishqiy mavzularda suhbatlashib yuradi. R.Dning intim fotolarini va suhbatlarini qo‘lga kiritgach, yaqin qarindoshlariga yuborish hamda internet tarmoqlari orqali tarqatish bilan qo‘rqitib, ushbu harakatlarni amalga oshirmaslik evaziga undan 500 AQSh dollari berishni talab qiladi.
2020-yil 6-fevral kuni R.D bilan Bobur parkida uchrashib, go‘yoki O.Kga berib qo‘yish vaji bilan, aslida o‘zi tomonidan tovlamachilik yo‘li bilan talab qilingan 500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni oladi.
Birinchi rejasi silliq kechganidan «ilhomlangan» M.S endi kattaroq o‘ljani qo‘lga kiritish payiga tushadi.
2020-yil fevral oyi o‘rtalarida Bobur parkida R.Dga O.K ismli shaxsdan o‘zining oila a’zolarini haqorat qilganligini bilganligini va shu sababli R.Dning intim suratlarini olganligini ma’lum qilib, R.Dga sir saqlanishi lozim bo‘lgan ushbu fotosuratlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib, evaziga undan 10.000 AQSh dollari berishni talab qiladi.
2020-yil 10-mart kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida M.S fuqaro R.Ddan talab qilingan 700 va 100 AQSh dollarini olgan vaqtida voqea joyda ushlangan va pullar daliliy ashyo tariqasida hujjatlashtirib olingan.
Sud M.Sning aybiga iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini, jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligini, yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligini inobatga olib, M.Sga nisbatan JKning 57-moddasini qo‘llab, ish haqining 25 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.
J.Rabbanayev,
Yakkasaroy tuman sudi sudya yordamchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter