Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taniqli yozuvchi G‘affor Hotam vafot etdi

Taniqli yozuvchi G‘affor Hotam vafot etdi

Foto: «VVS»

G‘affor Hotamov 2021-yil 4-aprel kuni Toshkent shahrida vafot etdi.

G‘affor Hotamov 1953-yilning 25-aprelida Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi G‘ujbog‘ qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. 1974 yilda Toshkent Davlat pedagogika institutining filologiya fakultetini tugatgan. Mehnat faoliyatini respublika bolalar gazetasi tahririyatida boshlagan. «Toshkent oqshomi», «O‘zbekiston ovozi» gazetalari, «Yoshlik» jurnali tahririyatida, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida xizmat qilgan. Keyinchalik «Yoshlik» jurnali hamda «Turkiston» gazetasining bosh muharriri lavozimida ishladi. G‘affor Hotamovning dastlabki hikoyasi «Tong va shom» 1976-yili «Guliston» jurnalida, 1978-yili esa «Xat tashuvchi bola» nomli ilk hikoyalar to‘plami nashr etilgan. 1980-yil G‘affor Hotamovning «Qaytish», 1985-yil «Quduq tepasidagi oy», 1998-yili «Azal va abad», 1990-yili esa «Tohir va Zuhraning kulmagan baxti» qissalari «Yoshlik» jurnalida e’lon qilindi. Yozuvchining hikoya, qissa va badialari keyingi yillarda «Kuntug‘mishning kulmagan baxti», «Birinchi muhabbat qissasi», «Kecha va bugunning saboqlari» nomi ostida kitob holida nashr etilgan. 1977-yilda adibning «Yangi oy chiqqan kecha» romani «Yoshlik» jurnalida e’lon qilindi. Ayni paytda u qator badialar ham yozdi. G‘affor Hotamov «Quduq tepasidagi oy» qissasi va «Evrilish» badiasi uchun O‘zbekiston yoshlar tashkilotining mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning asarlari qator xorijiy tillarga tarjima qilingan.

«Xabar.uz» ijodiy jamoasi G‘affor Hotamovning oila a’zolariga chuqur ta’ziya izhor etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring