Taniqli san’atkorlar mehribonlik va muruvvat uylarini otaliqqa olishdi
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi xayrli tashabbusga qo‘l urdi. Shahrimizda va viloyatlarda joylashgan mehribonlik va muruvvat uylarini taniqli san’atkorlar o‘z xohishlariga ko‘ra otaliqqa olishdi.
«O‘zbekkonsert» matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga xabar berishicha, xalqimiz suyugan xonanda O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, xonanda Bahrom Nazarov shahrimizdagi Xlebushkina nomidagi 22-mehribonlik uyida tarbiyalanuvchilari huzurida bo‘lishdi. Har oyda o‘tkaziladigan bu uchrashuvdan murod mehr-muruvvatga mushtoq ko‘ngillarga zavq, quvonch, shodlik ulashish bo‘lsa, ikkinchidan u yerda o‘sib voyaga yetayotgan bolajonlar orasidan san’atga, musiqaga qiziquvchi, iste’dod egalarini kashf etib, ularga ham moddiy, ham ma’naviy ko‘mak berish, «mahorat dars»larini o‘tkazib, ularga san’at sirlarini yaqindan tanishtirib, o‘rgatishdir.
Ana shunday uchrashuvlardan biri Jizzax viloyati Zomin tumani, Yom qishlog‘ida joylashgan «Ayollar» muruvvat uyida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova va qiziqchi Shukurullo Isroilov ishtirok etib, o‘zlarining konsert dasturlari bilan ko‘ngillarni quvonchga to‘ldirishdi. Uchrashuv so‘ngida muruvvat uyiga sovg‘alar tuhfa etishdi.
Ezgu so‘z, ezgu amal, ezgu ish, ezgu niyatlar ila boshlangan bu xayrli ish xali uzoq davom etib, necha-necha ko‘ngillarga malham bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter