Taniqli rejissyor va prodyuser Djanik Fayziyev «O‘zbekkino» bilan hamkorlik qiladi
![Taniqli rejissyor va prodyuser Djanik Fayziyev «O‘zbekkino» bilan hamkorlik qiladi](https://static.xabaruz.com/crop/3/8/720_460_95_3825411831.jpg)
«O‘zbekkino» Milliy agentligida rahbariyat va rossiyalik taniqli aktyor, rejissyor va prodyuser Djanik Fayziyev ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda shuningdek rejissyor Rashid Malikov va prodyuser Oybek Fayziyev ham ishtirok etdi.
«O‘zbekkino» Milliy agentligi rahbari taniqli kino arbobini mamlakatimiz kino sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati bilan tanishtirdi. Tomonlar bir qator kino loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma hamkorlik rejalari va amalga oshirish chora-tadbirlarini muhokama qildilar.
Suhbat avvalida Djanik Fayziyev O‘zbekistonda yuz berayotgan ijobiy va keng ko‘lamli o‘zgarishlarni mamnuniyat bilan qayd etdi.
«Bir yildan buyon men O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy voqealarni diqqat bilan kuzatmoqdaman va bundan juda ilhomlandim. Nazarimda hamma narsa risoladagidek ketyapti. Mashhur ishbilarmon tanishim O‘zbekiston investitsiyalar uchun eng jozibali davlatlardan biriga aylanmoqda, degan fikrni bildirdi. Shunisi quvonarliki, kino sanoati ham muntazam rivojlanib bormoqda, bu xorijlik kinoijodkorlarni ham qiziqtirishi tabiiydir», - dedi Djanik Fayziyev.
Onlayn uchrashuv davomida o‘zbek prodyuseri Oybek Fayziyev «O‘zbekkino»dagi yangi loyiha — o‘zbek bokschilarining Rio Olimpiadasidagi g‘alabalariga bag‘ishlangan film haqida gapirdi.
«Bu sportchilarimiz uchun mislsiz g‘alaba bo‘ldi va biz bundan benihoya faxrlanishimiz kerak. Yoshlarimiz haqiqatan ham hayotni yaxshi tomonga o‘zgartiradigan, fidoyilik va qat’iyatni o‘rgatadigan motivatsion filmlarga muhtoj. «Yengilmas. Rioga eltuvchi yo‘l» nomli sport dramasi real voqealarga asoslangan. Ayni paytda filmning ssenariysi yozilmoqda. Tashabbusimizni Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Boks federatsiyasi qo‘llab-quvvatlamoqda. Jumladan, Federatsiya xorijlik aktyorlarning filmda ishtirok etishini ta’minlash niyatida bo‘lib, aktyorlarning gonorarini to‘lash bo‘yicha moliyaviy majburiyatlarni ham o‘z zimmasiga oldi», — dedi Oybek Fayziyev.
Djanik Fayziyev ushbu loyiha shubhasiz qiziqarli ekanini, chunki Rossiyada sportchilarning g‘alabalari haqidagi shu kabi filmlar muvafaqqiyat qozonayotganini ta’kidladi. Rejissyor loyihani amalga oshirishda o‘z yordamini berishga tayyorligini bildirdi.
O‘z navbatida, Agentlik rahbari Djanik Fayziyevga bugungi kunda «O‘zbekkino» tomonidan olib borilayotgan uchta yirik milliy kino loyihalari haqida gapirib berdi. Bular Amir Temur, Imom al-Buxoriy va Buyuk Ipak yo‘li haqidagi filmlardir. Djanik Fayziyev ushbu loyihalarda ishtirok etishga va ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, rejissyor filmlarda ishtirok etish uchun xorijlik aktyorlar va tajribali kino mutaxassislarini jalb qilishni tavsiya etdi.
Ta’kidlash joizki, «O‘zbekkino» so‘nggi yillarda mamlakatimizdan o‘ziga xos sabablar bilan chet mamlakatlarga ketgan vatandoshlarimizni - taniqli kino arboblarini hamkorlik ishlariga jalb qilishga erishmoqda.
Djanik Fayziyev o‘zbekistonlik mashxur akter, rejisser va prodyuser. «Siz kimsiz», «Kammi», «Beshinchi burchak», «Turk gambiti», «Avgust. Sakkizinchi», «Kolovrat afsonasi», «Gallaktika darvozaboni» filmlarini suratga olgan. Shuningdek, ko‘plab filmlarda aktyor va prodyuser sifatida ishtirok etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter