Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taniqli ekspertdan turizm tadbirkorligi uchun 10 g‘oya. Undan istalgan kishi foydalansa bo‘ladi

Taniqli ekspertdan turizm tadbirkorligi uchun 10 g‘oya. Undan istalgan kishi foydalansa bo‘ladi

Foto: «cso-central.asia»

Davlat boshqaruvi sohasida mutaxassis, taniqli ekspert, tadbirkor va bloger Aziza Umarova turizmni rivojlantirish bo‘yicha o‘n g‘oyani taqdim qildi.

«Bizda ajoyib arxitektura yodgorliklari bor, biroq interaktiv turmahsulot haqida so‘z ochadigan bo‘lsak, bu biroz zerikarliroq. Sayyohlar esa nimanidir qiziqish bilan o‘rgangisi, nimanidir o‘z qo‘li bilan yasagisi keladi. Ayniqsa, bu gap milleniallarga va yoshlarga taalluqli. Avvallari biz fransuz pensionerlarining ko‘nglini me’moriy yodgorliklar bilan olganimizda, yosh yevropalik va rossiyalik sayyohlar yopirilib kelgandi. Shunday faoliyat olib borilishini istar edik. Masalan, Rayhon Tbilisida gruzin pazandaligi bo‘yicha mahorat darsida ishtirok etdi. Fotosuratda u xinkali ushlab turibdi, uni tayyorlashni Tbilisining usta oshpaz Natali xonadonida o‘rgandi. Darvoqe, tavsiya etaman.

Shunday qilib, o‘n g‘oyani taqdim qilmoqchiman, istagan shaxs ulardan foydalanib turistik mahsulot yaratsa bo‘ladi. Turfirmalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali keraklicha aylantirib sayyohlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishi mumkin», deb yozadi u.

Demak:

  1. O‘zbek pazandaligi bo‘yicha restoran yoki uyda mahorat darsi o‘tish (unda palov, achchiq-chuchuk, manti tayyorlashni o‘rgatish).
  2. Matolarni bo‘yash (matolarni tabiiy bo‘yoqlar yong‘oq, anor po‘sti, indigo yordamida bo‘yashga, naqsh bosishga o‘rgatish).
  3. Marosimlarga taqlid qilish: kelinsalom, o‘zbek allasini kuylash, katta guruhdagi turistlar uchun o‘zbek to‘yi marosimini sahnalashtirilishini uyushtirish.
  4. Samarqand, Xiva va Buxoroda ochiq osmon ostida murabbiy yordamida yoga mashg‘uloti. Aytgandek, Parijda Airbnbda Eyfel minorasi tagida yoga foyda keltiruvchi mahsulot hisoblanadi. Garchi bepul bo‘lsa-da, turistlar u uchun pul to‘lab ketishadi.
  5. Yodgorliklar oldida endigina rasm chizishni o‘rganuvchilarning molbertga rasm ishlashlari (mahalliy rassomlar bilan akvarel, grafika yuzasidan rasm ishlashni kelishib oling).
  6. Musiqa asboblarini chalish bo‘yicha mahorat darslari (avval musiqa bo‘yicha kirish ma’ruzasi o‘qiladi, so‘ng qadimiy musiqa asbobi chang va an’anaviy rubob, doiralar chalish yuzasidan dastlabki tayanch saboqlar beriladi).
  7. O‘zbek raqslari bo‘yicha mahorat darslari va raqsga xos liboslar (lazgi, buxorocha, farg‘onacha raqs liboslari) ni kiyib ko‘rish.
  8. An’anaviy o‘zbek oilasida tushlik yoki kechki ovqat tashkil etish (an’anaviy xonadonda, bedanalar, kanareykalar — sayroqi qushlar sayrashi ostida,ishkom tagida, supa ustida, laganda tortilgan milliy taomlarni tasavvur qilyapsizmi...) — hayron bo‘larsiz, biroq bunga ehtiyoj katta, biz har bir sayyohdan kechki ovqat uchun yaratib bergan milliy muhitimiz — koloritga ko‘ra 50 dollargacha olishimiz mumkin.
  9. Agroturizm. Mavsumga ko‘ra meva yoki sabzavotlarni uyda xonadonda yig‘ib-terib olish. Mevalar mazasini tatib ko‘rish, birgalikda mevali salatlar, kompot, sharbatlar tayyorlashga jalb qiling. O‘zlari tayyorlab, o‘zlari iste’mol qilishsin. Oxirida hammani palov bilan mehmon qiling. Bunday turlarni shahar tashqarisida o‘tkazish yaxshi.
  10. Shahar bo‘ylab piyoda sayyohat (Sovet O‘zbekistoni, Toshkent evakuatsiyasi, bozorning savdo rastalari bo‘ylab, qabristonlar ziyorati, yahudiylar bosib o‘tgan yo‘l, yapon asirlari, koreys, arman, tatar va boshqa xalqlar tarixi bo‘yicha mavzuli sayyohatlar). Hayron bo‘lishingiz mumkin, ammo sayyohat mavzu yo‘nalishlariga bo‘lgan talab turlicha bo‘ladi. Shov-shuvga sabab bo‘luvchi yo‘nalishlar ishlab chiqing, ularga olamshumul nom bering, bu haqida ingliz tilida saytlarga joylashtiring hamda olg‘a!

Dadilroq va ijodkor bo‘ling. Qolgani o‘z o‘rniga tushib ketadi.

Aytish yodimdan ko‘tarilibdi, ushbu turlar nafaqat turistlar uchun, balki shu yerda istiqomat qilayotgan mahalliy ekspatlar uchun ham qiziqarli. Bunda Toshkent uchun ular hech qanday mavsumiy ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Shahar zerikib o‘tirgan diplomat va biznesmenlarga to‘la. Ular yil bo‘yi o‘zlari va farzandlarini nima bilan band qilish kerakligini bilmaydi, bunga kerakli chora topa olmay doim bir-birlarinikiga borishdan bo‘shamaydi. Bunga doim iqror bo‘lib kelishgan. What a waste! Ingliz tiliga moslashtirilgan ushbu sayyohat turlaridan har biriga yozda ham, qishda ham talab bo‘ladi. Demak, olg‘a qadam bosing! — deya maslahat beradi Aziza Umarova.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring