Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tailand o‘zbekistonliklar uchun mamlakatda vaqtincha bo‘lish muddatini 30 kunga oshirdi

Tailand o‘zbekistonliklar uchun mamlakatda vaqtincha bo‘lish muddatini 30 kunga oshirdi

Tailand Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2022-yil 1-oktyabrdan 2023-yil 31- martgacha bo‘lgan davrda mamlakatga kelgach viza oluvchi (Visa on Arrival) O‘zbekiston fuqarolarining ushbu mamlakatda vaqtincha bo‘lish muddati 15 kundan 30 kungacha uzaytirildi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, shuningdek, barcha toifadagi fuqarolar uchun emlash sertifikati yoki PSR-testini taqdim etish talabi bekor qilindi.

O‘zbekiston fuqarolariga vizalar «Visa on Arrival» yozuvi mavjud bo‘lgan maxsus o‘tish yo‘laklarida beriladi.

Ushbu turdagi vizalarni olish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:

- pasport (Tailanddan ketish rejalashtirilgan kundan boshlab kamida 6 oy amal qilish muddati bilan);

- 4×6 sm hajmdagi 1 dona fotosurat, oq fonda (viza berilishidan kamida 6 oy oldin olingan bo‘lishi lozim, aeroport hududida ham 10 AQSh dollarga rasmga tushish imkoniyati mavjud);

- qaytish aviachiptasining nusxasi;

- bir kishi uchun 2000 bat (taxminan 55 AQSh dollari) viza to‘lovi, to‘lov Tailand batida amalga oshiriladi;

Bundan tashqari, immigratsiya nazoratidan o‘tayotganda fuqarolardan mehmonxonani band qilganligi to‘g‘risida hujjat yoki har bir kishi uchun 20 ming Tailand bati (taxminan 550 AQSh dollari) miqdorida mablag‘ mavjudligini tasdiqlash talab qilinishi mumkin.

Qo‘shimcha ma’lumotlar bo‘yicha O‘zbekistonning Tailanddagi (Bangkok shahrida joylashgan) Bosh konsulxonasiga murojaat qilishingiz mumkin:

Tel.: +6626753995, +6626753995.

Veb-sayt:http://bangkok.mfa.uz/

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring