Tadbirkorlar uchun umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tish tartibi qanday?

Kelgusi yildan soliq siyosatida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Tadbirkorlik sub’yektlari uchun berilayotgan soliq imtiyozlari nimalardan iborat? Yil yakuni bo‘yicha yillik aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalar qay tartibda umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkaziladi?
Tadbirkorlar Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan seminarlarda ana shunday «yonib turgan» savollarga javob topishdi.
Mavzu doirasida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida»gi farmoni.
Poytaxtning Sirg‘ali tumanida o‘tgan seminarda Konsepsiyaga asosan, 2019-yil 1-yanvardan soliq sohasiga joriy etilayotgan yangiliklar haqida ma’lumot berildi. Xususan, kelgusi yildan boshlab, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining 12 foiz miqdoridagi yagona stavkasi joriy etiladi. Bundan tashqari, Pensiya jamg‘armasiga 8 foiz miqdoridagi sug‘urta badali to‘lovi bekor qilinmoqda. Yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 12 foizgacha pasaytiriladi. Mazkur me’yorlarning amaliyotga joriy etilishi orqali mehnatga haq to‘lash fondiga soliq yuki kamaytiriladi.
Shuningdek, davlat maqsadli jamg‘armalariga yuridik shaxslarning tovar aylanmasidan 3,2 foiz miqdorida undiriladigan majburiy ajratmalar bekor qilinadi. Bundan tashqari, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari kamaytiriladi.
Misol uchun, soliq stavkalarining pasaytirilishi birgina Sirg‘ali tumanida 339,8 milliard so‘mdan ortiq mablag‘larni soliq to‘lovchilar ixtiyorida qoldirish imkonini beradi.
— Joriy yil 9 oyi yakunlari bo‘yicha Sirg‘ali tumanida 1 milliard so‘mdan ortiq tovar aylanmasiga ega 390 ta korxona mavjud, — dedi Sirg‘ali tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Mirpo‘latov. — Ularning barchasiga 2019-yilning 1-yanvaridan umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tishlari zarurligi haqida xabarnomalar jo‘natilgan. Hozirgi kunga qadar 237 ta korxona umumbelgilangan soliq to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Konsepsiyaga asosan soliq sohasiga joriy etilayotgan ushbu yangilik yuzasidan Sirg‘ali tumanidagi tadbirkorlardan ko‘plab savollar tushayotganligi sababli seminar tashkil etilib, tadbirkorlar bilan bevosita uchrashgan holda javob berildi.
Hisobot yili yakunlari bo‘yicha 1 milliard so‘mdan ortiq tovar aylanmasiga ega bo‘lgan tadbirkorlar 2019-yil 1-yanvardan umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tishlari zarurligi haqida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan xabar qilinadi. Xabarnoma olgan tadbirkorlar joriy yilning 12-noyabridan 12-dekabrigacha qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari lozim.
— Ayni paytda korxonamiz yagona soliq to‘lovi to‘lab kelayotgandi, — dedi tadbirkor Nargiza Umarova. — 2018-yil 9 oyi yakuni bo‘yicha umumiy aylanmamiz 1 milliard so‘mdan oshganligi bois 2019-yildan umumbelgilangan soliqlar to‘lashga o‘tishimiz haqida xabarnoma oldik. Shundan so‘ng umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga qay tartibda o‘tamiz? Soliqlarni qay tartibda to‘laymiz? degan ko‘plab savollar tug‘ilgandi. Ochig‘i bir oz ikkilanishlar ham yo‘q emasdi. Bugungi seminarda Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari barcha savollarimizga javob berishdi.
Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan Mirzo Ulug‘bek tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun tashkil etilgan seminar ham mazmunan boy va samarali bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan, yil yakunlari bo‘yicha yillik aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazish tartibi ko‘rgazmali vositalar hamda slaydlar yordamida tushuntirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanida 1 mlrd so‘mdan ortiq tushumlarga ega 576 ta korxona mavjud. Ularning barchasiga umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tishlari zarurligi haqida xabarnomalar jo‘natilgan. Joriy yilning 26-noyabr holatiga 265 ta korxona qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishga ham ulgurgan.
Seminarda ishtirokchilar tomonidan Konsepsiya soliq yukini kamaytirish va soliq solish tizimini soddalashtirish orqali iqtisodiyotni jadal rivojlantirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Tadbirkorlik sub’yektlari vakillari muloqotlar chog‘ida soliq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bois bugungi kunda soliq xodimlari soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori, yaqin maslahatchisiga aylanib borayotganligini alohida ta’kidlashdi. Bu esa fuqarolarda ham, tadbirkorlarda ham shu yurtga daxldorlik tuyg‘usi shakllanib, insofli soliq to‘lovchilar safi kengayayotganidan darak beradi.
O‘zaro muloqot tarzidagi bu kabi seminarlar poytaxtimizning barcha tumanlarida o‘tkaziladi.
Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining
Jamoatchilik bilan aloqalar va
huquqiy axborot sho‘’basi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter