Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tadbirkorlar faoliyatini tekshirishlar soni kamaygan — Biznes-ombudsman (video)

Bugun, 21-avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Biznes-ombudsman tomonidan 2023-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar va davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ishlari to‘g‘risida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Barchamizga ma’lumki, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish hamda tadbirkorlarning huquq va manfaatlaridan kelib chiqib, sohaga doir qonunchilikni takomillashtirish ko‘plab ijtimoiy muammolarga yechim bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbirkorlar faoliyati davomida 2023-yilning yanvar-iyun oylari davomida amalga oshirilgan tekshiruvlar soni 2022-yilning shu davri bilan solishtirilganda 34 865 taga kamaygani kuzatildi.

Ma’lumot uchun, 2022-yil yanvar-iyun oylarida tadbirkorlar faoliyatida jami 89 064 ta tekshiruv o‘tkazilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 54 199 tani tashkil qilgan.

Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, Biznes-ombudsman devonida «Tadbirkor virtual ofisi» axborot portalida ochiq murojaatlarni qabul qilish, umumlashtirish va nazorat qilish imkonini beruvchi alohida bo‘lim yaratilgan, bundan tashqari, 1100 qisqa raqami orqali murojaatlarni qabul qiluvchi Call markaz faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Aytish joizki, 2023-yilning 20-iyulidan 18-avgustga qadar jami 2 549 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan, 1 039 tasi Call-markaz orqali, 418 tasi «Tadbirkor virtual ofisi» axborot portali orqali va 1 092 tasi esa sayyor qabullar orqali qabul qilingan.

Kelib tushgan murojaatlarning 27 foizi bank-kredit, 14 foizi infratuzilma, 13 foizi yer, bino va inshoot ajratish, 7 foizi soliq, 4 foizi mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari, 3 foizi sud va boshqa organ hujjatlarining ijrosi hamda 32 foizi boshqa masalalarga oid.

Eng ko‘p murojaat kelib tushgan hududlar: Qashqadaryo viloyati — 425 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 330 ta, Surxondaryo viloyati — 253 ta, Toshkent shahri — 251 ta, Samarqand viloyati — 239 ta.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring