Tadbirkor biznesini yopib ham soliqchilardan qutula olmadi
Navoiy viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor soliq boshqarmasi tomonidan asossiz hisoblangan soliqlardan norozi bo‘ldi.
Tadbirkor faoliyatini o‘z tashabbusi bilan ixtiyoriy ravishda tugatish to‘g‘risidagi arizasiga binoan Navoiy viloyat soliq boshqarmasi tomonidan faoliyatida 2021 yil 13 sentyabrda yakuniy soliq auditi o‘tkazilgan.
Soliq auditi yakuniga ko‘ra, jami 158 mln so‘m qo‘shimcha soliq hisoblangan. Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv yakuniga ko‘ra, faqatgina 10 mln so‘m soliq qarzdorligi o‘z tasdig‘ini topgan. Shu sababli 2021 yil 4 noyabrda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish va ma’muriy huquqbuzarlikka doir ish yuritish haqida qaror qabul qilingan.
To‘plangan ish hujjatlari ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 174-moddasi 1-qismi bilan ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudiga yuborilgan. Sudning 2021 yil 11 noyabrdagi qaroriga asosan, 10 mln so‘m soliq qarzdorligi yakka tartibdagi tadbirkordan viloyat soliq boshqarmasi foydasiga undirilgan. Shunga qaramasdan Soliq auditi yakuniga ko‘ra qo‘shimcha hisoblangan 158 mln so‘m soliq qarzdorlik tadbirkorning shaxsiy hisobraqamidan olib tashlanmagan.
Bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat olib bormagan bo‘lsa-da, asossiz ravishda foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan va boshqa soliqlar uchun 2021 yildan 2023 yilgacha 17 mln so‘m soliq qarzi hisoblangan.
Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil aralashuvi bilan yakka tartibdagi tadbirkorga asossiz hisoblangan soliqlar bo‘yicha qarzdorlik olib tashlanishi ta’minlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter