Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Svetlana Ortiqova muxbirning gapini «to‘g‘rilab», so‘ng muddaoga o‘tdi (video)

Svetlana Ortiqova muxbirning gapini «to‘g‘rilab», so‘ng muddaoga o‘tdi (video)

Foto: «Xabar.uz»

Kecha Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova «Xabar.uz»ga muxtasar intervyu berganidan xabaringiz bor. Suhbat mavzui boshqa — «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmon mazmun-mohiyati haqida edi.

Musohaba yakuniga yetib, xayr-xo‘shga chog‘langan payt Svetlana Boymirzayevna «bir minut» dedi-da, «Qoraqalpoq voqeasi»ga to‘xtalib, holat yuzasidan «o‘g‘ilbola gap»ni aytdi-qo‘ydiki, bunday munosabat «issig‘ida bosilmasa» bo‘lmasdi, rosti. Shu bois ochiq va xolis munosabat to‘xtovsiz e’lon qilindi va u keng jamoatchilik, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan juda iliq kutib olinganini ijtimoiy tarmoqlardagi e’tiroflar aytib turibdi...

Asosiy mavzu bo‘yicha suhbat, mana bugun, e’lon qilinmoqda. Ochiq muloqotdan qochmaydigan kam sonli amaldorlar ro‘yxatining boshida turadigan Svetlana Ortiqova so‘zini muxbirning gapini «to‘g‘rilash»dan boshladi:

«Sud huquqi sohasidagi islohotlari bo‘yicha navbatdagi Farmon...» degan gapingizni tuzatsam maylimi?.. Eshiting: davlat rahbari tomonidan imzolangan sohani isloh qilishga oid har bir huquqiy hujjat tarixiy hisoblanadi. Tarixiyligi shuki, bunday hujjatlar avval amaliyotda bo‘lmagan tartiblar, qonunchilikka kiritiladigan jiddiy o‘zgartirishlar, xullas, sohada butun bir yangi davr boshlanishiga huquqiy asos vazifasini o‘taydi. «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmon borasida ham gap shu.

Mazkur Farmonning prokuratura organlari faoliyatiga taalluqli nuqtalari ko‘p. Masalan, kelasi yilning boshidan prokuror taraflarning murojaati bo‘lgan taqdirdagina muayyan ishni suddan chaqirib olib o‘rganishi mumkin. Ya’ni, prokuror bundan buyon hech bir murojaatsiz sud ishini chaqirib ololmaydi. Yana bir yangilik: hozirgacha mavjud bo‘lgan amaliyotga ko‘ra, prokuror barcha sud ishlarida qatnashishi shart. Shunday holatlar ham bo‘lardiki, bir nafar prokuror bir paytning o‘zida to‘rtta sudda ish ko‘rilayotgan bo‘lsa, hammasida qatnashishi shart edi?! Tasavvur qilyapsizmi buni? Bunday ahvolda ish hujjatlari bilan tanishib, qonunga mos xulosa berish mumkinmi o‘zi? Oshkora tan olsak, bu nomaqbul amaliyot rasmiyatchilikdan boshqa narsa bo‘lmay qolgandi: «sudga birrov kelib, so‘ng qorasini ko‘rsatgan prokurorlar» haqida ko‘p gapildi, siz — jurnalistlar ozmuncha yozganingiz yo‘q. Buning sababini mana endi tushunyapsizmi?! Davlatimiz rahbarining Farmoni shu amaliyotga chek qo‘ymoqda. Qisqasi, prokuror endilikda iqtisodiy va fuqarolik sudlarida ko‘rilayotgan ishlarda o‘z ishtirokini o‘zi cheklashi mumkin. Agar sud qaroridan norozi taraf bo‘lsa, marhmat — murojaat qiladi va shundagina prokuror ish hujjatlarini o‘rganib, sud qarorini qonuniy deb topsa, xo‘p-xo‘p — aks holda, protest kiritishi mumkin. Shundayam masalaga qonuniy nuqtani sud qo‘yadi.

Farmonning yana bir muhim jihati — prokurorning sud jarayonida ayblovdan voz kechishiga oid norma joriy etilishidadir. «Ayblovdan voz kechish» — bu yangi huquqiy institut emas, aslida. Bu me’yor qonunchilikda bor edi. Biroq prokuror ayblovdan voz kechgandan keyingi holatlar qonunchilikda ochiq qolgandi. Farmon bilan ayni shu bo‘shliq to‘ldirilmoqda, ya’ni bundan keyin agar prokuror sud jarayonida ayblovdan voz kechsa, jinoyat ishi tugatilib, sudlanuvchi oqlanadi. Shu o‘rinda bitta nozik holatga e’tibor qaratish kerak. Ayb e’lon qilingan shaxs prokuror ayblovdan voz kechishi natijasida oqlanishi, bu jinoyat muallaq qolaverar ekan-da, degan ma’noni anglatmaydi. Sodir etilgan jinoyatning haqiqiy aybdori baribir qidiriladi, topiladi va jazo muqarrarligi ta’minlanadi.

Endi Bosh prokuror va uning o‘rinbosarlari tomonidan sud hujjatlari ustidan nazorat tartibida protest keltirish huquqi bekor qilinishiga oid yangi me’yorlar haqida ikki og‘iz (ayni huquq Oliy sud raisi va o‘rinbosalarida ham borligini bilasiz). Diqqat qiling: bu o‘rinda gap nazorat tartibida protest keltirishi huquqi bekor qilinayotganida haqida ketyapti. Nega? Sud mustaqil hokimiyat ekan, unga nisbatan «nazorat» so‘zi qo‘llanishining o‘zi mantiqsizlik. Sudlarda nazorat bosqichi tugatilayotgani sababiyam shunda. Shundan kelib chiqib, Oliy sud raisi va Bosh prokuror hamda ularning o‘rinbosarlari tomonidan sud hujjatlariga aynan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilinmoqda. Bundan keyin kiritilayotgan protestlarni kassatsiya tartibida takroran ko‘rib chiqish instituti joriy etilmoqda. Ayni tartib sudlarda prokuror va advokat tenglik tamoyilini ta’minlashi barobarida fuqarolarning huquqlarini himoya qilish samaradorligini yanada oshiradi, nasib...

Farmon bilan joriy etilayotgan yana bir yangilik — sudlardagi dastlabki eshituvdir. Dastlabki eshituvlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda tatbiq etiladi. Bu amaliyot birinchi navbatda jinoyat ishini umumiy tartibda ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etish imkoniyatini beradi. Bu haqda kengroq tushuncha bersak, suhbatimiz cho‘zilib, maqolamiz semirib ketishi mumkin. Qisqacha aytganda, Xudo xohlasa, ko‘rasiz, ayni amaliyotning joriy etilishi ko‘plarning tasavvuriga singib qolgan «ish sudga yuborilsa, shaxs albatta jazolanadi», degan noto‘g‘ri tushunchalar parchalanadi.

Fursatdan foydalanib, yana bir gap aytsam: bu o‘rinda bir idora vakolatlari kamaytirilib, boshqasiniki oshirilmoqda, deyish noto‘g‘ri tushuncha. Sud-huquq sohasining qamrovi keng: unga suddan tashqari prokuratura, ichki ishlar, advokatura va davlat xavfsizlik xizmati kabi organlar ham kiradi. Islohotlardan pirovard maqsad bitta: jamiyatda qonuniylikni ta’minlash. Qayd etilgan organlarning esa manzili bitta, maqsadi mushtarak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring