Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Suv filtrlari ortidagi firib: aslida kim kimni zaharlayapti?

Suv filtrlari ortidagi firib: aslida kim kimni zaharlayapti?

«Hilol» jurnalining 6 (15) 2020 yil iyun sonida Kozim Musoxon muallifligida ichimlik suvi filtrlari haqida foydali maqola chop etilgan. Uni e’tiboringizga havola qilamiz.

Hozirgi paytda mutaxassislar kundalik iste’mol qilinayotgan suvlarning yaroqsizligi, zamonaviy tozalash uskunalari (filtrlar) o‘rnatilmasa, ichayotgan suvimiz sog‘lig‘imizga katta zarar yetkazishi haqidagi vahimali so‘zlar bilan suvni yuz foiz tozalab beradigan filtrlarni o‘rnatishga chaqirishmoqda. Aslida ham shundaymi? Filtrdan o‘tkazilmagan suvni iste’mol qilish mumkin emasmi? Mana shu savollarga javob izlab, bu mavzuga aloqador internet sahifalarida bir-biridan ajablanarli ma’lumotlarga duch keldim. Va nihoyat bunday filtrni o‘rnatmaslikka qaror qildim! «Nega?» degan savolga esa o‘rganib chiqqan ma’lumotlarim asosida javob berishga harakat qilaman.

Avvalo filtr turlari haqida ozgina to‘xtalib o‘tsak. «Ko‘za filtrlar» (filtr-kuvshin) grafinga o‘xshash idish va ichida almashtirib turiladigan filtr kartrijdan iborat bo‘ladi. Ko‘mir va boshqa tozalovchi moddalar iborat bunday bir necha qatlamli kartrijda o‘rtacha 300 – 350 litr suvni tozalab berish imkoniyatiga ega. Bu miqdor suv qandayligiga qarab o‘zgaradi. Ko‘za idish narxi o‘rtacha 70 – 80 ming so‘m atrofida, almashtirib turiladigan kartrijlar esa turiga qarab 45 dan 60 ming so‘mgacha boradi. O‘rtacha oila kuniga 5 – 10 litr iste’mol qilishi hisobga olinsa, bitta filtr 1 − 3 oyga yetishi mumkin.

Teskari osmos effektiga asoslangan filtr o‘rnatish uchun rakovina ostiga kichik yashikdek keladigan uskuna va o‘n litrli bak o‘rnatiladi. Elektr toki hisobiga ishlaydigan bu moslama ko‘pincha beshta filtrdan iborat bo‘ladi. Ilk uchta filtr yuqoridagi ko‘za filtr tarzida ishlaydi. To‘rtinchi filtr esa teskari osmos effektiga asoslangan. Maxsus membranadan suv bosim ostida o‘tkazilib, kir va toza suvga ajratiladi. Buning uchun suv bosimi uch atmosferadan ko‘p bo‘lish kerak. Bizda quvurdan keladigan, ayniqsa, ko‘p qavatli uylardagi suv bosimi ko‘pincha bu talabga javob bermaydi. Shunga qo‘shimcha bosim yuzaga keltiriladi. Mavjud ikkita oqimning biridan toza suv qo‘shimcha o‘rnatiladigan suv jo‘mragiga uzatilsa, ikkinchisidan oqava suv ketadigan quvurga yuboriladi. O‘rta hisobda 20 litr toza suv olish uchun 60 − 80 litr suv isrof bo‘ladi. Beshinchi filtr bakda ma’lum muddat turib qolgan zaxiradagi suvni qaytadan tozalab o‘tkazadi.

Endi ushbu filtrlarning foydali va salbiy tomonlarini ko‘rib chiqsak. Bir kunda qancha suv ichish borasida hamma uchun bir xil yagona me’yor haqida gapirish noto‘g‘ri. Yashayotgan muhit, iqlim, iste’mol qiladigan mahsulotlaringiz, ehtiyojingiz va sog‘lig‘ingiz holatiga qarab bu me’yor farqlanadi. Dengiz bo‘yida yashaydigan odam bilan tog‘ yon bag‘ridagi odamning yoki shaharda yashaydigan bilan qishloq joyida yashaydiganlarning ichimlik suvlari me’yori farqlanishi mumkin. Umumiy holda aytish mumkinki, vodoprovod tarmog‘idan keladigan suvda eritmalar miqdori 200 mg/l dan oshmagani ma’qul. Bunday suvni qaynatib ichish xavfsiz. Zero, Toshkent hududidagi suv boshqa mamlakatlardagidan ancha tozaroq.

Oddiy «ko‘za filtrdan», ya’ni ko‘mir va boshqa tozalash moddalari orqali o‘tgan suvni ichish, choy va ovqat tayyorlash uchun ishlatish mumkin. Bunda suv asosan xlor va boshqa zararli moddalardan tozalanadi. Ichidagi foydali minerallar ham saqlab qolinadi. Bitta salbiy tomoni filtr sirtidagi kovakchalarda joylashib olgan ayrim bakteriya va zaharli moddalar filtrdan toza suv tomonga o‘tishi ham mumkin. Bunday holatning oldini olish uchun filtrlarni vaqtida almashtirib turish talab etiladi.

Teskari osmos effekti bilan ishlaydigan filtrlardan o‘tkazilgan suv, sodda qilib tushuntirganda, tarkibi va xususiyatiga ko‘ra distillangan suvga yaqin turadi. Bunday suvni kimdir foydali desa, kimdir zararli deydi. Foydaliligi uning asosan erituvchanlik xususiyatiga ega bo‘lgani uchun tanadagi zaharlarni eritib chiqarib tashlashi bilan belgilanadi. Lekin bir narsani unutmaslik kerakki, zararli moddalar bilan birga foydalilari ham yuvilib ketadi. Shuning uchun uni muntazam ichish tavsiya qilinmaydi. Foydali minerallarning ham chiqib ketishi natijasida organizm o‘sha minerallarni ololmay qoladi va modda yetishmovchiligini boshqa a’zolardan olish hisobiga ta’minlay boshlaydi. Oqibatda o‘sha a’zolar faoliyatiga putur yetadi.

Uzoq muddat bunday suvni iste’mol qilish organizmdagi suv-tuz muvozanatini buzadi va bu holat o‘z navbatida turli kasalliklarni keltirib chiqaradi.

To‘g‘ri, kimdir o‘sha minerallarni kunlik iste’mol qilinadigan meva va ozuqalar hisobiga to‘ldirish yoki turli biologik faol moddalar (BAD) qabul qilib yursa bo‘ladi, deyishi mumkin. Ammo ularning ham suv orqali kiradigan minerallarning o‘rnini to‘liq qoplashiga hech qanday kafolat yo‘q. Organizm doim ko‘nikkan miqdorni topolmay qolsa, tish, suyaklar, yurak-qon tomir tizimida noqulayliklar paydo bo‘laveradi.

Ayrim bu kabi filtrlarda maxsus minerilizatorlar ham o‘rnatilgan bo‘ladi. Natijada minerallari tortib olingan suvga yana sun’iy ravishda mineral qo‘shib beriladi. Holbuki, bunday usulning foydadan ko‘ra zarari ko‘p deydi mutaxassislar. Zero, undagi moddalarning organizmga singishi qiyin va o‘sha hududga mos bo‘lgan minerallik xususiyatiga ega emas. Xuddi tuzga ham sun’iy usulda yod qo‘shishning deyarli foydasi bo‘lmaganidek. Zero, haqiqiy foydali yodlangan tuz tabiiy ravishda tarkibida yod bo‘lgan tuzdir. Suvda ham holat xuddi shunday.

Tabiiy suv minerallarga boy bo‘ladi. Bunday o‘ta nozik «g‘alvir»dan o‘tgan suv o‘zining klasterlaridagi tarkibiy tuzilish va tabiiyligini yo‘qotib, notabiiy suvga aylanadi. Aslida biz iste’mol qiladigan suvimizning to bizgacha tabiiy sharoitda yetib kelish jarayoniga e’tibor bersak, chuchuk suv avval daryo va dengizdan bug‘lanib, osmonga ko‘tariladi. So‘ng kondensatsiyalanib, ya’ni jamlanib, yomg‘ir va qor shaklida yog‘adi. Yomg‘ir suvi distillangan suv hisoblanadi. Uning tarkibida minerallar bo‘lmaydi. U ichish uchun ishlatilmaydi, ammo o‘simliklar uchun foydali. Xullas, ana shu yomg‘ir suvi o‘simlik mevasiga o‘tganda minerallar bilan to‘yinadi. Toqqa yoqqan qor esa muzlaydi, tog‘ yonbag‘irlaridan minerallarga to‘yinib tushadi. Yer ostiga shimilib ketgani ham u yerda minerallar bilan boyiydi. Demak, tabiatda suv iste’molimiz uchun bizga doim minerallar bilan boyitilgan tarzda taqdim qilinadi.

Aksariyat filtrlar suvning tarkibidagi aralashmalar miqdoridan boshqa talaygina xususiyatlarini o‘zgartirolmaydi. Zero, filtr orqali suvning barcha xususiyatlarini muvozanatga keltirish nihoyatda murakkab jarayon. Bu global muammo hali yechimini topgan emas. Garchi bir-ikkita xususiyatini yaxshilab qo‘yish imkoni bo‘lsa-da, uni ham boshqa xususiyatlarga zarar yetkazmay bajarish nihoyatda qiyin masala.

Suvni tozalash usullari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis R.Darrel bu haqda quyidagilarni ma’lum qiladi: «Filtrlangan toza suv akvariumdagi baliqlarni ham tirik saqlolmaydi. Ular shunchaki bu suvda o‘lib ketishadi. Minerallarga boy suv esa barcha hujayralarning faoliyati uchun zarur. Mineralsiz suv iste’mol qilganda organizm foydali elementlarni tananing boshqa a’zolari hisobdan ta’minlay boshlaydi. Natijada o‘sha a’zo faoliyati ishdan chiqadi. Filtrlangan yoki distillangan suvni faqat organizmdagi zaharlarni yuvish uchun ma’lum bir muddat iste’mol qilish mumkin. Ammo uni muntazam ichib yurish organizmda minerallar yetishmovchiligiga, buning natijasida esa qon bosimi oshishiga, osteoxondroz kabi degenerativ (umurtqa pog‘ona) kasalliklarga uchrashga olib kelishi mumkin».

Ko‘plab zamonaviy olimlar bugungi kunda insonning erta qarishining sababini zarur minerallar yetishmasligi tufayli yuzaga keladigan kislota darajasining yuqoriligi bilan bog‘lashadi. Mashhur kanadalik diyetolog shifokor olim Zoltan P.Rona uch mingga yaqin mijozlarni teshirib ko‘rib shunday xulosaga keldi. Qo‘shimcha minerallarni iste’mol qilgan bemorlar filtrdan o‘tkazilmagan suv iste’mol qilgan bemorlarga nisbatan ko‘proq mineral yetishmovchiligiga uchrashgan. Bundan ko‘rinadiki, hatto eng qimmat ozuqaviy qo‘shimchalar ham oddiy filtrlanmagan suvchalik bo‘lolmas ekan.

Qo‘shimcha sifatida yana shuni aytib qo‘ymoqchi edim. Yaqinda bir qo‘shnimiz 95 yoshida vafot etdi. Umrida biror marta filtrlangan suv ichmagan bu qo‘shnim buyragidan ham aslo shikoyat ham qilmagan. Albatta, har bir organizm individual. Har bir inson ehtiyoji va sog‘lig‘idan kelib chiqib qanday suv iste’mol qilishni belgilashi lozim. Shuning uchun «o‘ta toza suv»dan ham ehtiyot bo‘ling!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring