Surxondaryoda fuqaro 82 kilodan ortiq giyohvand modda bilan qo‘lga olindi

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yashovchi 1977-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro DXX va ichki ishlar organlari o‘tkazgan tezkor tadbirda 82 kg. 478 gr. «opiy» giyohvandlik moddasi bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs tojikistonlik narkokurerlar tomonidan Uzun tumanidagi xufiya joyda qoldirib ketilgan moddani 2000 dollar evaziga mahalliy fermer xo‘jaliklaridan birining noturar binosiga yashirayotgan joyida qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, u olgan xizmat xaqi evaziga, tojikistonlik narkosavdogarning ko‘rsatmasiga asosan, giyohvandlik moddasini kelgusida belgilangan joyga elitishni maqsad qilgan.
Shuningdek, DXX va IIV xodimlari hamkorligida Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2001-yilda tug‘ilgan fuqaro sintetik giyohvandlik vositalarini «zakladka» tarzida joylashtirayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Boshqa bir holatda esa Toshkent shahrida vaqtincha yashovchi, 2001 va 2002-yillarda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan 2 nafar shaxs Rossiyadan xalqaro pochta jo‘natmalari orqali 7 kg. 313 gr. sintetik kannabinoid analogi bo‘lgan «5-Fluro-ADB» giyohvand moddasini qabul qilib olganlarida qo‘lga olindi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur giyohvand modda O‘zbekistonga boshqa tovar nomi ostida plastik idishlarda yuborilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter