Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Surayyo Rahmonova: «Sudda iloj bor-u imkon yo‘q...»

Surayyo Rahmonova: «Sudda iloj bor-u imkon yo‘q...»

Surayyo Rahmonova, Sudyalar oliy maktabi Jinoyat huquqi kafedrasi mudiri.

Foto: «Xabar.uz»

Ikki haftadirki, ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni, unda belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlanishi borasida tinimsiz yozilmoqda. Bu bejizga emas. Shubhasiz, mazkur huquqiy hujjat sud tizimida yangi davr boshlab bermoqda. Demak, uning mazmun-mohiyati haqida ko‘p va xo‘b gapirilishi ortiqchalik qilmaydi, aksincha, shunday bo‘lishi kerak ham. Biroq ayni mavzuda qilinayotgan ko‘p chiqishlardagi bir xillik, takrorlar-u «ura-ura»ga o‘xshash holatlar ko‘zga tashlanayotirki, buni na huquqiy targ‘ibot, na farmon mohiyatini tushuntirish, deb bo‘ladi! Tarixiy farmon haqida «ptichka» uchun maqola yozilmaydi-da, axir?!

Kuni kecha elektron pochtamizga  shu mavzuda navbatdagi maqola keldi. Muallifi tanish — Surayyo Rahmonova! Bosh prokuratura matbuot xizmatiga bir muddat rahbarlik qilsa-da, o‘ziga xos «imzo» chekib ketgan Surayyo Mahmudovna ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida Jinoyat huquqi kafedrasi mudiri vazifasida faoliyat yuritmoqda. Yuridik fanlari doktori ilmiy darajasiga ega olima o‘z doktorlik dissertatsiyasida sud amaliyoti uchun dastlabki eshituv tartibining nechog‘li salmoqli ahamiyatga egaligi, xususan, ayni  insititutni milliy qonunchilikka tatbiq etish bo‘yicha anchadan buyon bong urib kelayotganidan qisman xabarimiz bor edi. Bilasiz, davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan farmoni bilan jinoyat sudlarida dastlabki eshituv joriy etilmoqda. Demak, ayni mavzuda  Surayyo Rahmonovaning fikr-mulohazalari yaxshigina tosh bosishi e’tiboridan olimaga mamnuniyat bilan minbarimizdan joy berdik.

Dastlabki eshituv o‘zi nima?

Dastlabki eshituv — surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyati ustidan bevosita sud nazorati shakllaridan biri hisoblanadi. U odil sudlovga kirishishning debochasi bo‘lib, eng muhim tamoyil — tortishuv prinsipi asosida amalga  amalga oshiriladigan  protsessual jarayon. Nima uchun «tortishuv prinsipi»ga ko‘proq e’tibor va urg‘u berilayotgani sababini bilasiz: haqiqat bahslarda (tortishuvlarda) tug‘iladi.

Dunyo tarjribasida jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayinlashning bir nechta shakllari mavjud (taftish-qidiruv, tortishuv-ta’minlovchi, aralash model),  biroq ulardan eng samaralisi tortishuv — ta’minlovchi model ekani alohida e’tirof qilinadi. Nega? Mazkur bosqichda barcha masalalar sud muhokamasi doirasida (ya’ni, dastlabki eshituv jarayonida) hal etiladi. Ya’ni, yuqorida aytdik, avvalo jarayontortishuv shaklida olib boriladi va bunda ayblanuvchi va himoyachi ishtiroki shart bo‘ladi. Eng muhimi, shu bosqichning o‘zida ishni tugatishi imkoniyati bor.

Xorijiy tajribasi qanday?

Dastlabki eshituv instituti u yoki bu shaklda qator xorijiy davlatlar jinoyat protsessida amal qiladi. Masalan, anglo-sakson huquq tizimida namuna sifatida dastlabki eshituv (preliminary hearing) klassik shakli Buyuk Britaniyada vujudga kelgan. Mazkur davlatda jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan dastlabki eshituv magistrat-sudya tomonidan olib boriladi. Bunda sudya sudlanuvchining aybdorligi masalasiga to‘xtalmay, balki jinoyat ishi bo‘yicha dalillarning yetarli-yetarli emasligi, barcha dalillar maqbul yo nomaqbul ekani bo‘yicha xulosa qiladi. E’tiborlisi, sudyada ayblov tomonidan (ayni shu bosqichda) taqdim etilgan dalillarni ko‘rib chiqmaslik huquqi saqlanadi.

AQSh magistrat sudlarida ham deyarli shunga o‘xshash jarayonni kuzatish mumkin  (preliminaryexamination). Biroq, dastlabki eshituvning amerikacha shakli  o‘ziga xos jihatlarga ega. AQShda dastlabki eshituv asosan qamoq qo‘llanishi mumkin bo‘lgan og‘ir jinoyatlar (feloniya) bo‘yicha o‘tkaziladi. Eng muhimi, dastlabki eshituv natijalari bo‘yicha ishning keyingi harakati zarurati bormi yoki yo‘qmi degan asosiy savolga javob beriladi. Alohida ta’kidlash zarurki, AQSh jinoyat ishlari yurituvida dastlabki eshituv sud jarayonining «markaziy maydoni» (ta’bir joiz bo‘lsa, albatta) hisoblanib, ishlarning 96 foizi (!!) dastlabki eshituvda ko‘rilib, hal etiladi.

Bu albatta, AQSh sud yurituvining taraflar o‘rtasidagi nihoyatda kuchli tortishuvga asoslanganligi bilan anglashiladiki, dastlabki eshituvda jinoyatning haqiqiy holatlarini aniqlash bilan emas, ayblov va himoya taraflari pozitsiyalari o‘rtasida dalillarning «sifati» va protsessual «oqibati» yuzasidan gohida o‘zaro jang, gohida o‘zaro kelishuv shaklida muhokama boradi.

Kontinental huquq tizimiga kiruvchi davlatlar, xususan, Germaniya, Fransiya, Ispaniya jinoyat ishlari yurituvida ham dastlabki eshituv tartibi amal qilib, u o‘ziga xos shaklga ega. Masalan, Germaniyada  dastlabki muhokamaning o‘ziga xos modeli amalda bo‘lib, sudyaga nazorat va tekshiruv funksiyalari yuklanadi. Fransiya dastlabki eshituv instituti analogi sifatida dastlabki tergov faoliyati tergov kameralarida amalga oshirilib, ishni sudga yuborish masalasi tergovchi-sudya tomonidan hal etiladi. Ispaniyada murakkab bo‘lmagan ishlarga nisbatan tergovning tezlashtirilgan tartibi (Juiciorapido) qo‘llaniladi. Bunda 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqtda tergovchi-sudya tomonidan olib borilgan tekshiruv asosida tezlashtirilgan sud tartibini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorga kelinsa, prokuror va ayblanuvchi ishtirokida dastlabki eshituv tayinlanadi va uning doirasida ishni tugatish yoki sud muhokamasini o‘tkazish masalasida bir to‘xtamga kelinadi.

MDH davlatlarida-chi?

O‘zbekiston bilan yagona o‘tmish va uzoq yillar mobaynida umumiy siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy manfaatlarga ega bo‘lgan sobiq ittifoqning ayrim davlatlarida dastlabki eshituv instituti allaqachon joriy qilingan. Mazkur institut Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston «dastlabki eshituv», Ozarbayjonda «sud tayyorlov majlisi», Turkmanistonda «dastlabki muhokama», Moldovada «dastlabki majlis» deya turlicha atalsa-da, mohiyatan deyarli yagona model asosida amalga oshiriladi. Ya’ni, ayni jarayon alohida ixtisoslashgan sudya tomonidan emas, balki kelgusida jinoyat ishini ko‘rib chiqadigan sudyaning o‘zi tomonidan o‘tkaziladi. Dastlabki eshituv jarayonida hal etiladigan masalalarda ham uyg‘unliklar ko‘p.

Endi o‘zimizga qaytsak. Dastlabki eshituv sud amaliyotidagi qanday og‘riqli muammolarni hal etadi?

Amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksida (396-modda) jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayinlash masalasi tartibga solingan. Biroq ayni bosqich formal bo‘lib, unda sudya qator vakolatlarga ega bo‘lsa-da, real protsessual imkoniyatlar masalasida katta huquqiy bo‘shliq bor. G‘irt o‘zbekcha aytsak, sudyada iloj bor-u imkon yo‘q...  Masalan, sudya jinoyat ishini o‘zi faoliyat yuritayotgan sud sudloviga tegishligini aniqladi, deylik. Endi uning oldida jinoyat ishini tugatish yoki to‘xtatishga sabab bo‘ladigan holatlarning mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash masalasi ko‘ndalang bo‘ladi. Mana shu yerda haqiqiy murakkablik yuzaga keladi. Gap shundaki, sudyada yakka tartibda (taraflar ishtirokisiz!) jinoyat ishini tugatish yoki to‘xtatish uchun asoslar bor yoki yo‘qligini aniqlashning real imkoni deyarli mavjud emas. Misol uchun, jinoyat ishi sudga kelib tushgan vaqtda amnistiya  e’lon qilindi yoki ishni shaxsning roziligi bilan uning aybliligi haqidagi masalani hal qilmay turib tugatish asoslari aniqlanib qoldi. Har ikki holatda ham ayblanuvchining o‘zi va uning o‘z aybiga iqrorligi yozma ravishda talab etiladi. Endi ayting, sudya yakka o‘zi bu masalani qanday hal eta oladi? Amaliyotda shundayki, sudya ishni tugatish asosi mavjudligini yaqqol ko‘rib tursada, noiloj bunga ko‘z yumib, jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayinlaydi. So‘ng sud majlisida — taraflar ishtirokida bu masalani o‘rganib, jinoyat ishini tugatish haqida qaror qabul qiladi. Qancha ovoragarchilik, vaqt isrofini aytmang, muhimi — yuqorida aytgan gap: sudyada iloj bo‘lib, imkoniyat bo‘lmagan holatga yorqin misol shu.

Yoki sudya tomonidan aniqlanishi lozim bo‘lgan yana bir holat — jinoyat ishini sud majlisida ko‘rib chiqish uchun asoslar yetarlimi, degan masalani olaylik. Ishni sudda ko‘rish uchun «barcha asoslar yetarli» deyish uchun o‘zi qanday shartlar bajarilgan bo‘lishi zarur? Asoslarning yetarliligi aynan nima bilan belgilanadi? Afsuski, qonunda ham, sud amaliyotida ham buning yagona mezoni yo‘q! Sudyalarimiz esa ilojsizlikdan «ishni sudda ko‘rish uchun to‘sqinlik qiluvchi holatlarning mavjud emasligi — ishni sudda ko‘rish uchun barcha asoslar yetarliligini bildiradi» degan mantiqqa tayanadida, jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayinlash to‘g‘risidagi qarorida aynan shunday deb bayon qiladi!

Bularning barchasi mazkur bosqichning ayrim muammolari, dastlabki eshituv instituti afzalliklari va unga ehtiyoj  qanchalik zarur ekaniga kichik chizgilar, xolos. Endiyam shu paytgacha ishni sudda ko‘rish uchun tayinlashning  «kabinet shakli» taraflarning huquqini cheklab kelgani, sudyalarning «imkon bor-u iloj yo‘q» ko‘rinishida ishlab kelgani haqida tasavvur hosil qildingizmi? Shu va shu kabi qonunchilikdagi bo‘shliqlarning to‘ldirilishi sud mustaqilligini mustahkamlaydi. Shuningdek, sudda taraflar tortishuvi prinsipini yanada kengaytirishga xizmat qilib, ishni mazmunan ko‘rilishiga to‘sqinlik qiluvchi holatlarni o‘z vaqtida bartaraf etish imkonini beradi. Zero, aynan shu bosqichda tegishlicha iltimosnoma kiritilishi asosida dalillarning nomaqbulligi masalasi hal etilib, ayblov tarafiga ish yuzasidan to‘plangan dalillar mujmuasini yanada sinchkovlik bilan va har tomonlama tadqiq etish mas’uliyati yuklanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring