Superkompyuter JCh-2022 g‘olibligiga asosiy da’vogarlarni aniqladi
20-noyabrda Qatarda boshlanadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida g‘oliblikka asosiy da’vogarlar — Braziliya, Argentina va Fransiya. Futbol statistikasi bilan shug‘ullanuvchi Opta kompaniyasi eng kuchli terma jamoalar reytingini tuzdi.
Kompaniya jahon chempionati finalida qatnashuvchi 32 jamoaning salohiyatini hisoblash uchun superkompyuterdan foydalandi. Kompyuter nafaqat alohida o‘yinchilarning mahorati va kuchini, balki jamoalarning qaysi guruhga tushgani, ya’ni raqiblari imkoniyatlarini ham baholadi.
Kompyuterning ayrim hisob-kitoblari g‘alati. Misol uchun, turnirda g‘alaba qozonish uchun Ispaniyaning imkoniyatini Angliyanikidan yuqori baholagan kompyuter talqiniga ko‘ra, inglizlarning chorakfinal, yarimfinal va finalda o‘ynash ehtimoli ispanlarnikidan yuqoriroq.
Opta talqiniga ko‘ra, 2022-yilgi mundial g‘olibligiga asosiy da’vogarlar yetakchi o‘nligi quyidagilar:
- Braziliya (chempionlik ehtimoli — 16,3 foiz);
- Argentina (13,1 foiz);
- Fransiya (12,0 foiz);
- Ispaniya (8,9 foiz);
- Angliya (8,8 foiz);
- Germaniya (7,7 foiz);
- Niderlandiya (6,6 foiz);
- Belgiya (5,8 foiz);
- Portugaliya (5,4 foiz);
- Daniya (3,2 foiz).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter